Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumani — hududning eng og‘ir, taʼbir joiz bo‘lsa “qizil” hududlaridan biri bo‘lgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra, aynan viloyatning eng og‘ir hududini rivojlantirish orqali “Oqqo‘rg‘on tajribasi” shakllantirildi. Mazkur tajriba ayni kunga kelib Toshkent tumanida ham tatbiq etilmoqda.
Toshkent tumani hokimi Odilxon Rustamov “Daryo” jurnalisti bilan suhbatda “Oqqo‘rg‘on tajribasi” nima, aynan bu tajribani Toshkent tumanida tatbiq qilish orqali nimaga erishiladi? Shu xususida gapirib berdi.
“So‘nggi olti yil davomida respublikada ‘mahallabay’ ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. ‘Oqqo‘rg‘on tajribasi’ning avvalgi tajribalardan farqli jihati, endi muammolar ‘xonadonbay’, ‘fuqarobay’ o‘rganilib, har bir fuqaroning o‘zi bilan gaplashilmoqda. 38 ta yo‘nalish bo‘yicha so‘rovlar o‘tkazilib, gaz, chiroq, yo‘l masalalari bo‘yicha mavjud muammolar o‘rganilmoqda”, — deydi tuman hokimi Odilxon Rustamov.
Tuman hokimining aytishicha, hudud Toshkent shahridan nari borsa 10 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lsa-da, 70 yildan beri tumanda ichimlik suvi muammo bo‘lib kelgan.
“143 million dollarlik loyiha asosida Qibray, Zangiota, Chinoz va Toshkent tumaniga ichimlik suvi kirib kelmoqda. Prezidentimizning 408-sonli qaroriga ko‘ra, endilikda mahallada yashovchi aholidan muammoni so‘rab, ularning dardini tinglab, aynan ularning talabidan kelib chiqqan holda respublikaga taklif beryapmiz. Bu aynan Oqqo‘rg‘on tajribasining o‘ziga xosligi bo‘lmoqda”, — deydi hokim.
Hokimning maʼlumot berishicha, “Oqqo‘rg‘on tajribasi”ni Toshkent tumaniga tatbiq qilish maqsadida respublika budjetidan 58 milliard so‘m moliyalashtirilgan.
“Biz har bir xonadonga kirib, kerak bo‘lsa har bir fuqaroning muammosini, taklifini eshitdik va ularning takliflariga ko‘ra, qilinishi lozim bo‘lgan ishlar haqida respublikaga taklif berdik. Aynan ‘Oqqo‘rg‘on tajribasi’ni tumanda tatbiq qilish uchun respublika budjetidan 58 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Tuman tarixda bunday pulga ega bo‘lmagan. Bu ham davlat rahbarining eʼtibori”, — deydi tuman rahbari.
Qo‘shimcha qilinishicha, Toshkent tumanidagi mavjud 70 ta mahallaning 8 tasi eng og‘ir mahalla hisoblanadi.
“Tumanimizdagi eng og‘ir 8 ta mahalla bo‘ladigan bo‘lsak, bu mahallalardagi muammolarni o‘rganib, tuman miqyosida hal etiladiganlarini tumanda hal qilamiz, yechimi viloyat va respublikaga borib taqaladigan masalalar esa ishchi guruh vakillari tomonidan respublika rahbarlariga olib chiqiladi”, — deydi u.
Toshkent tumani hokimining aytishicha, tumanda boqimandalik kayfiyatidagi murojaatchilar deyarli qolmagan.
”Tumanimizda gulchilik va kartoshkachilik rivojlangan. Gul yetishtirgan tadbirkorlarimiz yetishtirgan gulini xorijga chiqarmoqda. Ayni kunda tumanimizda ishsiz fuqarolarga 4-5 million so‘m maosh taklif qilinmoqda”, — deydi hokim.
Izoh (0)