Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘qituvchilariga “Open budget”da ovoz to‘plash bo‘yicha topshiriq berilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi mazkur xabarlar yuzasidan maʼlumot berdi.
Bugungi kunda aholi o‘z hududidagi hal etilishi lozim bo‘lgan qator masalalarni “Open budget” portaliga joylab, ovoz yig‘ish orqali “Tashabbusli budjet” loyihasida g‘olib bo‘lish uchun harakat qilishmoqda. Ushbu portalga joylanayotgan ijtimoiy loyihalar orasida maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalarini taʼmirlash ishlari ham yetakchilik qiladi.
Qayd etilishicha, ushbu jarayonda o‘qituvchilar, o‘quvchilar hatto ota-onalar ham tashabbus ko‘rsatib, o‘zlari mehnat qilayotgan, taʼlim olayotgan yoki farzandlari tahsil olayotgan maktabni obod qilish uchun ovoz berishda shaxsiy tashabbus ko‘rsatmoqda. Biroq ijtimoiy tarmoqlar orqali joylarda baʼzi o‘qituvchilarga ushbu loyihada ovoz yig‘ish uchun majburiy topshiriq berilayotgani, topshiriqni bajarishga beeʼtibor qarayotgan o‘qituvchilarga kerakli chora ko‘rish bilan tahdid qilinayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalib, ular Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan jiddiy o‘rganilmoqda.
Keltirilishicha, ayni vaqtda “Vazirga murojaat” portaliga o‘qituvchilardan ushbu mazmundagi murojaatlar kelib tushmagan.