Qrim ozod etilganidan keyin yarimorolga noqonuniy kelgan ruslar Ukrainadan jamoaviy emas, yakka tartibda chiqarib yuboriladi. Bu haqda Ukraina prezidentining Qrimdagi doimiy vakili Tamila Tasheva Ukrinform’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Barcha Rossiya fuqarolari, aslida, mustamlakachilar, chunki ular bosib olingan hududga uning demografik tarkibini o‘zgartirish uchun kelgan. Ular jinoyat sheriklari hisoblanadi. Agar yarimorol ozod etilgunga qadar hududni tark etishmasa, ularni chiqarib yuboramiz”, — dedi u.
Tashevaning ta’kidlashicha, xalqaro huquqda xorijliklarni jamoaviy chiqarib yuborishga ruxsat beruvchi norma yo‘q. Shuning uchun Qrimda noqonuniy bo‘lgan har bir Rossiya fuqarosi uchun qaror individual ravishda qabul qilinadi.
Shu bilan birga, Rossiya fuqaroligini olishga majbur qilingan ukrainaliklar hamon Ukraina fuqarosi deb tan olinadi. Ularga chiqarib yuborish bilan tahdid qilinmaydi.
“Buni ta’kidlash juda muhim, chunki Rossiya propagandasi qrimliklar Qrimdan chiqarib yuboriladi, degan yolg‘on xabarni tarqatmoqda. Shuning uchun yarimorolni faqat kirish shartlarini buzgan Rossiya fuqarolari tark etishini ta’kidlayman”, — dedi u.
Shunindek, Tasheva Rossiya fuqarolari, agar xohlasa, amaldagi tartiblarga muvofiq Ukrainada yashash uchun ruxsatnoma olishi mumkinligini ma’lum qildi.
Xususan, bu 2014-yilgacha Ukraina fuqaroligini olishga ulgurmagan repatriantlar (vataniga qaytayotgan kishilar), siyosiy mahbuslarning advokatlari, noqonuniy qamoqqa olinganlarning qarindoshi va Ukrainani qo‘llab-quvvatlagan boshqa shaxslar uchun mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)