O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi kamaymagan. Aholiga gaz yetishmasligiga boshqa sabablar bor. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” AJ raisining birinchi o‘rinbosari Behzod Usmonov jurnalistlar uchun uyushtirilgan press-turda ma’lum qildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.
Behzod Usmonovning aytishicha, aholi va biznesning energetikaga bo‘lgan talabi tez o‘sib bormoqda.
“O‘zbekistonda 287 ta gaz konlari bo‘lib, shundan 123 tasi bizning jamiyat tasarrufida. Hali ko‘p gazimiz bor. Gaz qazib olish hajmi kamaygani yo‘q. Hozir ishlab chiqarilgan gaz yetishmasligi aholi sonining oshayotgani bilan bog‘liq. Odamlar ham ko‘paymoqda, ishlab chiqarish quvvatlari ham oshmoqda. Yaʼni energetikaga talab juda yuqori. To‘g‘ri, asosiy va eng yirik konlarimizda ishlab chiqarish pasaymoqda. Buning oldini olish uchun qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilyapti. Xususan, yangi konlar, quduqlarni burg‘ilash ishlari olib borilyapti. Bu yil ham bir nechta yangi konlar ochilishi rejalashtirilgan”, — dedi rais o‘rinbosari.
“O‘zlitineftgaz” AJ raisi Ulug‘bek Nazarovning ta’kidlashicha, respublikada barcha konlardagi gaz zaxiralarining umumiy hajmi 1,8 trillion kub metrni tashkil etadi.
“Jami zaxiralarning 50 foizi — 900 milliard kub metri “O‘zbekneftgaz” konlaridagi gaz zaxiralari hisoblanadi. Bizdagi asosiy zaxiralar 50 foizdan ko‘p gaz qazib olingan konlarda yotipdi”—dedi mutaxassis.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil uchun “O‘zbekneftgaz”ga 32,2 milliard kub metr gaz qazib olish vazifasi yuklatilgan.
Statistika agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, 2021-yilda mamlakatda 53,8 milliard kub metr, 2022-yilda 51,6 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olingan.