Qirg‘izistonda o‘zbekistonliklardan pul undirmoqchi bo‘lgan “Jayit qo‘mitasi” (Yaylovdan foydalanuvchilar uyushmasi ijroiya organi) raisi K.K qo‘lga olindi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tayanib, Kaktus.media xabar berdi.
![](/static/2023/zulfiya/photo_2023-09-11_20-49-12.jpg)
O‘zbekiston fuqarosi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tovlamachilik bo‘yicha murojaat qilgan. U Ala-Bo‘ka tumani Ko‘k-Tosh qishloq okrugi “Jayit qo‘mitasi” raisiga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.
Arizachi qirg‘izistonlik amaldor O‘zbekiston fuqarolariga tegishli to‘qqiz bosh qoramolni qonunga xilof ravishda ushlab, egalariga qaytarish uchun 2 ming dollar talab qilganini aytgan.
![](/static/2023/zulfiya/photo_2023-09-11_20-50-48.jpg)
Milliy xavfsizlik qo‘mitasi ushbu holat yuzasidan tovlamachilik moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Ko‘p o‘tmay, gumonlanuvchi tovlamachilik summasining bir qismini – 1 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
U ikki oy muddatga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Jalolobod viloyatidagi vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirilgan.