Turkiya Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni G‘azo sektoridagi genotsidda ayblab, Xalqaro jinoiy sudga da’vo arizasi kiritdi. Bu haqda hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi advokatlari xabar berdi.
![](/static/2023/photo_2023-11-14_20-53-30.jpg)
“Turkiya Respublikasi fuqarolarining vijdonini ifodalab, biz Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga qarshi Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudiga da’vo arizasi berdik. U G‘azo sektorida sodir etgan genotsid va insoniyatga qarshi barcha jinoyatlar uchun sudga tortilishi kerak”, — deb yozdi advokat Metin Kulunk X ijtimoiy tarmog‘ida.
U da’voning birinchi sahifasini e’lon qilib, u 23 sahifadan iboratligi va Xalqaro jinoiy sudga yuborilishini ta’kidladi.
Avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Anqara Isroilni “harbiy jinoyatchi” deb e’lon qilish ustida ish olib borayotganini aytgandi. U Turkiya Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni endi suhbatdosh deb hisoblamasligi, biroq Turkiya razvedka xizmati rahbari Isroil bilan aloqalarni davom ettirayotganini ta’kidlagandi.
Izoh (0)