Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba mamlakatning 2024-yilga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishi Rossiya ustidan osmonda ustunlikka erishish ekanini aytdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
![](/static/2024/01/17/photo_2024-01-17_17-43-47-nf5dKGXE.jpg)
Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida so‘zga chiqqan Dmitriy Kuleba o‘z havo hududi ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritish Ukrainaning Rossiya bosqinini qaytarishdagi muvaffaqiyati uchun muhim ekanini aytdi.
“2024-yilda, albatta, Rossiyani osmondan uloqtirish ustuvor vazifadir, chunki osmonni kim boshqarsa, urush qachon va qanday tugashini belgilaydi”, — dedi Kuleba.
Uning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun Ukrainaga boshqa narsalar qatorida F-16 samolyotlari, uzoq masofali raketalar va radioelektron urush uskunalari kerak.
“Agar bularning barchasiga ega bo‘lsak, biz g‘alaba qozonishda va ozod bo‘lishda davom etamiz”, — dedi Ukraina TIV rahbari.
Yanvar oyi boshida Daniyadan Ukrainaga F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish bir necha oyga qoldirilgani ma’lum bo‘ldi. Kopengagen 2024-yil boshiga qadar dastlabki oltita aviatexnikani Kiyevga topshirishni rejalashtirgan, biroq bu muddatlar o‘zgargan. Yetkazib berish endi ikkinchi chorakda kutilmoqda, deb xabar berdi Berlingske nashri qirollik Mudofaa vazirligiga tayanib.
Izoh (0)