Baʼzi Gollivud aktyorlari nafaqat filmlardagi ishtiroki bilan faol, balki o‘zining serfarzandligi bilan ham maqtana oladi. Bu aktyorlar bir-ikki nafar farzand bilan cheklanmagan. Ularning farzandlari butun boshli futbol jamoasini tashkil qiladi. Quyida Gollivudning serfarzand aktyorlari haqida hikoya qilamiz.
Alek Bolduin
Alek turmush o‘rtog‘i Xilariya bilan yetti nafar farzandni tarbiyalab kelmoqda. Ularning to‘ng‘ichi 10 yoshli Karmen, shuningdek, 8 yoshli Rafael, 7 yoshli Leonardo, 5 yoshli Romeo, 3 yoshli Eduardo, surrogat onadan tug‘ilgan 2 yoshli Lusiya va bir yoshli Ilariya hisoblanadi. Boldiun bu bilan to‘xtashni reja qilmayotgan bo‘lsa kerak. Qolaversa, aktyorning Kim Beysinger bilan turmushidan 28 yoshli Ayrlend ismli qizi ham bor.
Mel Gibson
Katta oilada ulg‘aygan dindor katolik Mel Gibsonning ko‘p farzandli bo‘lishi ajablanarli emas. Umumiy hisobda aktyorning to‘qqiz nafar farzandi bor. Ulardan yetti nafari birinchi xotini Robin Murdan bilan turmushidan tugilgan. Sobiq juftlik 43 yoshli Xanna, 41 yoshli egizaklar Edvard va Kristian, 38 yoshli Uilyam, 36 yoshli Luis, 33 yoshli Milo va 24 yoshli Tommining ota-onasi hisoblanadi.
Uning pianinochi Oksana Grigoryeva bilan bo‘lgan munosabatidan Lusiya ismli 14 yoshli qiz farzandi bor. 2017-yilda esa Gibsonga yozuvchi Rozalind Ross yana bir farzandni sovg‘a qilgan.
Kevin Kostner
Kevin Kostnerning oilasi ham anchagina katta. Uning 13 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan yetti nafar farzandi bor. Kevinning birinchi rafiqasidan tug‘ilgan katta farzandi hozir 40 yoshda, shuningdek, sobiq juftlikning yana ikkita: 37 yoshli Lili va 36 yoshli Jou ismli farzandlari bor.
Kevinning to‘rtinchi farzandi Liam hozir 27 yosh bo‘lib, uning onasi aktrisa Brijit Runi hisoblanadi. 2004-yilda aktyor Kristin Baumgartnerga uylandi va ular uchta farzandning ota-onasi bo‘ldi. 2023-yilda juftlik kutilmaganda ajrashishga qaror qildi. Farzandlarining vasiylik va moddiy qo‘llab-quvvatlash masalalarida uzoq vaqt tortishdi, oxir-oqibat ikkisi uchun ham maʼqul bo‘lgan qarorga keldi.
Eddi Myorfi
Eddi Myorfi 4 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lgan o‘n nafar farzandning faxrli otasi. Aktyorga katta farzandini 1989-yilda sevgilisi Paulette Maknili tug‘ib bergan. Bir yildan so‘ng Eddi ikkinchi marta ota bo‘ladi. Ikkinchi farzandining onasi Tamara Hud hisoblanadi.
Bundan tashqari, Myorfining yagona rasmiy rafiqasi Nikol bilan o‘rtalikda besh nafar farzandi bor.
Nikol bilan ajrashganidan so‘ng, Eddiga Spice Girls vokalisti Mel Bi qiz farzand tug‘ib beradi. Keyinchalik aktyorning oilasiga yana ikkita farzand qo‘shildi. Farzandlarining bu safargi onasi aktrisa Peyj Batchetdir.
Klint Istvud
Ajoyib aktyor, rejissor va ota — Klint Istvud sakkiz nafar farzandning otasi hisoblanadi. Gollivud afsonasining farzandlari u hayoti davomida munosabatda bo‘lgan bir nechta ayollardan tug‘ilgan.
Klintning katta farzandi Lori 1954-yilda tug‘ilgan. Uni tug‘ilishi bilan asrab oluvchilarga berib yuborishgan. Oradan yillar o‘tib, hozir 70 yoshda bo‘lgan Lori va uning biologik otasi keyinroq bo‘lsa ham uchrashgan.
Aktyorning ikkinchi qiz farzandini sevgilisi Roksan Tunis tug‘ib bergan. Keyinchalik aktyorning rasmiy rafiqasi Meggi Jonson bir o‘g‘il, bir qiz farzandni dunyoga keltiradi. Meggi bilan ajrashgandan so‘ng, Klint va uning sevgilisi Jaselin Rivz hozir 38 yoshli Skott va 36 yoshli Ketrinning ota-onasi bo‘ladi.
Gollivud afsonasining aktrisa Frensis Fisher bilan munosabatlaridan 30 yoshli Francheska ismli qizi va sobiq rafiqasi Dina bilan turmushidan 27 yoshli Morgan ismli qizi ham bor.
Izoh (0)