Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Doha shahrida Qatar bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdulrahmon al Soniy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
![](/static/2023/Fozilbek/photo_2024-02-26_10-58-57.jpg)
Prezident yordamchisining yozishicha, tomonlar O‘zbekiston—Qatar munosabatlarini rivojlantirish istiqbollarini, shuningdek, kelgusi tadbirlar jadvalini batafsil muhokama qilgan.
“Suhbat chog‘ida o‘zaro aloqalarimiz 2023-yili yangi bosqichga o‘tgani taʼkidlandi. Samarqand (2023-yil 5—6-iyun) va Doha (2023-yil 2-oktyabr) sammitlari tarixiy ahamiyat kasb etib, hamkorlikning yangi qirralariga eshik ochdi. O‘zbekiston bilan Qatar o‘rtasidagi munosabatlarda mutlaqo yangi davr boshlandi, deya olamiz.
Biz o‘zaro madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdormiz. Qatarlik hamkorlar bilan mustahkam rishtalar bog‘lanib, qo‘shma loyihalar faol amalga oshiriladi, degan niyatdamiz”, — deb yozadi Saida Mirziyoyeva.
Avvalroq Qatar poytaxti Doha shahrida “Hunarmand O‘zbekiston: tolalardagi anʼana” ko‘rgazma loyihasi taqdim etilishi haqida xabar berilgandi. 24-fevralda boshlangan ko‘rgazma 30-martga qadar davom etadi.
Izoh (0)