Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Toshkent shahridagi Shota Rustaveli ko‘chasida 11 tup daraxt ildizlariga zarar yetkazilgani yuzasidan o‘rganish olib borayotgan bloger Nikita Makarenkoga 11-avgust kuni tajovuz qilingan. “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov holatni o‘rganib, voqea joyidan reportaj tayyorladi.

Foto: Nikita Makarenko

Blogerga hujum

Bloger Nikita Makarenkoning aytishicha, iyun oyida Shota Rustaveli ko‘chasidagi 28-uyning fasad qismini ta’mirlash va yo‘l bo‘yini obodonlashtirish paytida 11 ta daraxtga shikast yetkazilgan. Qari 4 tup chinor (yana bir tup chinor qurish arafasida) va 7 tup yosh kashtan daraxtlarining ildizlari ekskovator ishlashi natijasida kesilib, ochilib qolgan va bu bo‘yicha mas’ullarga shikoyat qilingan.

Nikita Makarenko

Nikita Makarenko
Foto: “Daryo”

Oradan bir oy vaqt o‘tganidan so‘ng, Nikita Makarenko holatni ko‘zdan kechirish maqsadida voqea joyiga boradi va daraxtlarni asrab qolish uchun hech qanday ish qilinmaganiga guvoh bo‘ladi. Kesib tashlangan va ochilib qolgan ildizlar tuproq bilan yopib qo‘yilgani aniqlanadi.

Bloger Nikita Makarenkoga tajovuz qilinayotgan holat

“Bir oy avval Ekoqo‘mitaga murojaat qilingan bo‘lsa-da, hech qanday chora ko‘rilmagan. Holatni ko‘rish va suratga olish uchun bu joyga kelganimda o‘zini Discovery Invest ishchisi deb tanishtirgan bir kishi menga tashlanib, telefonimni olib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Nima uchun bunday qilganini bilmayman. Uning xatti-harakatlari noqonuniy. Har bir inson, jurnalist va bloger fakt uchun tasvirga olishi mumkin va bu qonuniy. Menga qilingan tajovuz bo‘yicha qonuniy chora ko‘rishlarini so‘rab Ichki ishlar vazirligiga ariza yozdim”, — dedi Nikita Makarenko.

Ogohlantirish xati yo‘q

Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Yakkasaroy tumani bo‘limi boshlig‘i Oybek Usmonovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, bir oy avval Toshkent shahri hokimligining “Xalq nazorati” portaliga kelib tushgan murojaatga asosan holat joyiga chiqib o‘rganilgan.

Oybek Usmonov

Oybek Usmonov
Foto: “Daryo”

“Portalga 5 tup chinor va 7 tup yosh kashtan daraxtining ildiz qismi olib tashlanganligi haqida murojaat kelib tushgan. Joyiga kelib o‘rganganimizda daraxatlarning ildiz qismi ochib tashlangani aniqlangan va shu asosda qurilish tashkilotiga ogohlantirish xati berilgan. Unda daraxtlar qurib qolishining oldini olish va sug‘orish ishlarini tashkil qilish ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng ildizlar tuproq bilan yopilgan. Keyinroq tuproqlar surilib, ildiz yana ochilib qolgan. Ushbu holat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi (daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzishga asos bo‘ladi”, — dedi Oybek Usmonov.

Suhbat davomida Oybek Usmonovga bir oy avval kimga ogohlantirish berilgani so‘ralganida dastlab boshqa firma nomini aytdi, keyinroq esa Discovery Invest kompaniyasiga xat yuborilgan, dedi. Afsuski, ekologiya mas’uli o‘sha ogohlantirish xatini tahririyatga taqdim etolmadi. Nima uchun jamoatchilik jar solganidan keyin chora ko‘rilyapti, degan savolimizga “mana, chora ko‘ryapmiz”, deb javob berdi.

Bundan ham ajablanarlisi, jurnalist va blogerlar, tuman hokimi va mas’ullar javobgar tomon — qurilish kompaniyasi vakillarini qidirib, kutib turgan bir vaqtda tuman bosh ekologi Oybek Usmonov “Daryo” muxbiriga “Mana, qurilish kompaniyasi kamchiliklarni to‘g‘irlayapti”, deya hali qilinmagan ishni qilindi deb masalani xaspo‘shlashga urindi.

Keyinroq quruvchi kompaniya Oybek Usmonov aytgan Discovery Invest emas, balki umuman boshqa tashkilot ekani, loyiha va hujjatlar tayyor bo‘lmay turib ish boshlangani ayon bo‘ldi. Ya’ni quruvchi tashkilot aniq bo‘lmay turib, Oybek Usmonov kimga ogohlantirish xati yuborgani qorong‘i.

Quruvchi yo‘q

Jurnalist va blogerlar, butun mas’ullar: tuman hokimi, ichki ishlar, ekologiya xodimlari quruvchi tashkilot vakilini uzoq qidirishdi. Va yana ancha kutishga to‘g‘ri keldi.

Ta’mirlash ishlari ketayotgan joyda qurilish ishlari bo‘yicha e’lonlar taxtasi yo‘q. Kim quruvchi, nima bo‘ladi, loyiha qanday, bilib bo‘lmaydi. Faqat bannerlar va unda chiroyli rasmlar hamda Toshkent shahar hokimligi logosi turibdi.

Holatga guvoh bo‘lib turgan bloger Umid G‘ofurovdan izoh so‘ralganida, u har doimgidek qurilish haqida hech qanday ma’lumot yo‘qligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Umid G‘ofurov

Umid G‘ofurov
Foto: “Daryo”

“Bu ishlar ancha avval aniqlangan bo‘lsa-da, shu kungacha hech qanday ish qo‘zg‘atilmagan. Jamaotchilik e’tiroz bildirganidan keyin Ekoqo‘mitadan xodimlar kelib akt tuzdi. Har doimgi muammo – kim quruvchi, bosh pudratchi kim, loyiha qanaqa, nima uchun qilinmoqda, degan savollarga qidirib-qidirib javob olishimiz kerak. Ularning orqasidan yugurish bizga – blogerlarga, fuqarolarga nima keragi bor? Odamlar ham bizni chaqirib buni kim quryapti, aniqlab beringlar, deyapti. Bu oddiy fuqarolarning ishi emas”, — dedi Umid G‘ofurov.

Hokimmi, ekologmi, quruvchimi?

Daraxtlarga nisbatan vaxshiylarcha munosabat davom etayotgani haqida jar solganidan keyingina voqea joyiga turli tashkilotlardan xodimlar kela boshladi, jumladan, Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov ham keldi. Mas’ullarning bunchalik voqea joyiga tez yetib kelishlariga Chilonzor tumanida ro‘y bergan “daraxtlar voqeasi” fonida tuman hokimi va prokurorning ishdan olinishi sabab bo‘lgan bo‘lsa ne ajab.

Anvar Sayfutdinov (o‘ngda)

Anvar Sayfutdinov (o‘ngda)
Foto: “Daryo”

Tuman hokimi Anvar Sayfutdinov “Daryo” muxbiri bilan suhbatda ekologlar bergan ma’lumotlarga zid fikrlar bildirdi.

Tuman bosh ekologi Oybek Usmonov daraxtlarga haqiqatan ham zarar yetkazilgani, ya’ni ularni o‘sishdan to‘xtatmaydigan darajada shikast yetkazilgani va bir tup chinor tabiiy omillar ta’sirida qisman zararlanganini aytib o‘tgan edi.

Hokim esa daraxtlar shikastlanmaganini va bir tup chinor daraxtini avvalroq kesishga ruxsat berilganini aytib o‘tdi.

“U daraxt (bir tup chinor nazarda tutilmoqda – tahririyat) ikki yil avval qurib bo‘lgan edi. Kesishga ruxsat olingan. Daraxtlarning ildiziga zarar yetdi degani o‘ldi degani emas. Hozir biogumus olib kelishdi, mutaxassislar kerakli ishlarni qilishadi. Lekin daraxt yashaydi”, — dedi Anvar Sayfutdinov.

Yana bir e’tiborli jihati, burchak-burchaklarda o‘zaro muzokaralar tugaganidan keyin quruvchi ham paydo bo‘lib qoldi. Va jurnalist, blogerlarga loyiha yuzasidan tushuntirish bera boshladi. Shu vaqt negadir tuman hokimi Anvar Sayfutdinov quruvchining gapini bo‘lib, o‘zi tushuntirish berishini aytdi. “Daryo” muxbirining “Mana, quruvchi izoh beryapti-ku, qurilish ishlarini o‘zi bilsa kerak”, degan savoliga hokim holatga o‘zi tushuntirish berishini yana takrorladi. Biroz o‘tmay o‘zini qurilish tashkiloti rahbari deb tanishtirgan bir shaxs gapga qo‘shila boshlagandi, hokim uni ham jim bo‘lishga chaqirib, “O‘z ehtiyotsizligi uchun quruvchi jazosini oladi, jarimani to‘laydi” dedi.

O‘ziga o‘zi buyurtmachi

Shahzod ismli yigit kelib, o‘zini quruvchi ekanligi va barcha ishlarni ular qilayotganini, pudratchi tashkilot Millimetre Construction Company MCHJ ekanligini aytdi.

“Ariq yoniga beton quyamiz. Ochib, tezda yana yopib qo‘ymoqchi edik. Ildizlar chiqib ketgani uchun ishni to‘xtatib, ularni tuproq bilan yopib qo‘ydik. Rejamizga ko‘ra, daraxtlar tagiga yashil maysa o‘tkaziladi. Barcha daraxtlarni asrab qolamiz”, — dedi u.

Undan loyiha bo‘yicha hujjatlar va buyurtmachi haqida so‘ralganda, “Hozir tayyorlanyapti. Biz buni o‘zimiz qilamiz. Buni faqat yaxshilik uchun, go‘zallik uchun qilamiz. Buyurtmachi kim? Hech kim, o‘zimiz”, — deya subpudratchi tashkilotning nomini aytishni istamadi.

Foto: “Daryo”

Shu asnoda suhbatga aralashib, o‘zini Millimetre Construction Company MCHJning rahbari deb tanishtirgan Rustam ismli shaxs “O‘zimga o‘zim buyurtmachiman. Men xato qilgandirman, ruxsat olmasdan qilgandirman. Pul meniki, xohlaganimcha qilaveraman, yo sizning cho‘ntagingizdan ishlatyapmanmi?”, deya jurnalistlarga yuzlandi.

Shunda Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov unga jim bo‘lishni va nariroq ketishni aytdi.

“Bu namuna sifatida Discovery Invest kompaniyasi homiyligida qilinmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi tuman hokimi.

Ma’lumot uchun, korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, Discovery Invest 2008-yil sentabr oyida ro‘yxatga olingan. Kompaniyaning 67 foiz ulushi Ismoil Isroilovga, 33 foizi esa Abdurasul Zohidovga tegishli.

Ismoil Isroilov ilgari Akfa Engineering and Management kompaniyasi direktori va direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Shuningdek, uning “Kolorpak” bosmaxonasida (36,7 foiz) va “Zo‘r TV” teleradiokanalida (50 foiz) ulushi bor. 2020-yil yanvar oyida Abdurasul Zohidov Discovery Invest kompaniyasi direktori sifatida “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi (u Tashkent City va Ashxobod bog‘larini, Kongress markazi bo‘lgan Hilton mehmonxonasini, Imzo va Artel zavodlarini, Akfa Medline va boshqa inshootlarni qurgan).

Intellektual mulk agentligining “Intellektual Mulk” axborot-qidiruv tizimiga ko‘ra, Discovery Invest savdo belgisi Power Construction Planet (hozirgi Discovery Invest) kompaniyasiga tegishli bo‘lib, belgini (patentni) ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza yagona ta’sischisi Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bo‘lgan J-United Group tomonidan berilgan. Bu kompaniya jami 200 dan ortiq savdo belgilariga ega.

Aytilishicha, ikki kun muddatda barcha ko‘rsatilgan xato va kamchiliklar to‘g‘irlab qo‘yiladi.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatib boradi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »