Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

AQSHning Havo sifati indeks platformasi reytingi Toshkent shahrining 17-oktabr soat 15:27 holatiga ko‘ra, dunyodagi havosi eng iflos (166 birlik) shahar deya xabar berdi. Soat 20:00 holatiga ko‘ra esa poytaxtdagi havoning sifat darajasi 166 birlikdan 262 birlikka ortdi. Mutaxassislarning ma’lum qilishlaricha, havo sifatining ifloslanish indeksida 201 dan 300 gacha bo‘lgan birlik juda nosog‘lom va ko‘pchilikning salomatligi uchun juda xavfli hisoblanadi. Agar ko‘rsatkichlar 300 dan ortsa, bu umuman eng yuqori xavfli daraja bo‘ladi.

Foto: iqair.com

“Daryo” muxbiri poytaxt havosining bu qadar ifloslanishiga nimalar sabab bo‘lgani to‘g‘risida iqlimshunos Erkin Abdulahatovdan intervyu oldi.

Erkin Abdulahatov

Erkin Abdulahatov
Foto: “Daryo”

Tadqiqotchining aytishicha, Toshkent havosining yuqori darajada ifloslanishiga bir necha omillar ta’sir qilgan.

Tabiatda nam havo oqimlari kelishidan oldin pastdan yuqoriga harakatlanuvchi kuch vujudga keladi. Hozir shaharda chang pastdan yuqoriga ko‘tarilyapti. Qolaversa, shahar ko‘chalarida o‘ta zich transportlar harakati ham ochiq sirt yuzalaridagi chang zarrachalarining havoga ko‘tarilishini tezlashtirgan. Eng muhim nuqta esa poytaxtda 4 oydan beri deyarli yomg‘ir yog‘mayotganida. Oxirgi marta poytaxtda yerni yetarlicha ho‘l qiladigan darajadagi yomg‘ir iyun oyining 20- sanalarida kuzatilgan. Hozir havo juda ham quruqlashgan.

Shaharda haddan tashqari ko‘p qurilish va qurilish obyektlarida ekologiya hamda sanitariya qoidalariga amal qilinmasligi oqibatida poytaxtda chang va boshqa turdagi zarrachalar haddan tashqari ko‘payib ketishiga olib kelgan bo‘lishi mumkin. Yashil maskanlarni yeb bitirganimiz haqida-ku, gapirib o‘tirmayman. Bu haqida gapirmagan odamning o‘zi qolmadi. Toshkentdagi chang lokal xususiyatga ega. Yomg‘irdan umidimiz bor va uni kutyapmiz. Bugun kunduzi ob-havo prognozlarida kutilgan yomg‘ir yog‘may o‘tib ketdi. Endi g‘arbiy nam havo oqimlarining keyingi bosqichlaridan erta va indinga yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Faqatgina yomg‘ir orqali vaziyat barqarorlashishi mumkin.

Erkin Abdulahatovning qo‘shimcha qilishicha, har bir davlatda havo sifat darajasi havo tarkibida iflos moddalarning ruxsat etilgan me’yoriy ko‘rsatkichlaridan ortib ketish fonida xavfli darajaga yetadi.

Havodagi iflos moddalarning ruxsat etilgan me’yordan ortish qiymati joyning iqlimiy sharoiti va havo tarkibidagi iflos moddalarning minerallashuvidan kelib chiqib, hudud uchun sanitar me’yoriy qiymatlar belgilanadi. Xususan, inson salomatligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan PM-2,5 va PM-10-mayda zarrachalarning ham milliy REM qiymatlari belgilanishi lozim.

Bugun (17-oktabr) soat 18.00 va 19.00 orasida shahar PM-2,5-mayda dispers zarrachalari jahon standart qiymatlari bo‘yicha ruxsat etilgan me’yoriy (REM) ko‘rsatkichdan 1,5 barobar ortib ketgan. Jahon standartlari bo‘yicha ushbu zarrachaning REM qiymati 50 mkg/m kubga teng. O‘zbekiston sharoitida RM-2,5-mayda dispers zarrachasining REM qiymati ishlab chiqilmagan. Shuning uchun jahon standart qiymatlaridan kelib chiqib, havo sifatining xavflilik darajalari tahlil qilinmoqda.

PM-2,5-mayda dispers zarrachalari soch tolasidan qariyb 40 barobar kichik bo‘lib, mazkur ko‘zga ko‘rinmas zarracha nafas olish organlari orqali o‘pkaga, o‘pka to‘qimasi orqali yurak, qon tomirlariga o‘tib ketish ehtimoli juda yuqori.

PM-2,5 ning REM qiymatlaridan ortishida mutaxassislar aholiga “ko‘chada tibbiy niqobda yurish kerak”, degan tavsiyani beradi. Hozirda shahar havosi sifat darajasi o‘ta iflos. Hatto Dehli havosidan ham oldindamiz”, – dedi ilmiy izlanuvchi xodim.

Erkin Abdulahatov, iqlimshunos.

Avvalroq “O‘zgidromet” 17-oktyabrda O‘zbekistonning barcha hududlariga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi haqida xabar bergandi. Markaz ma’lumotiga ko‘ra, uzoq vaqt davomida yog‘ingarchilikning bo‘lmagani va havo haroratining inversiyasi natijasida 17-oktyabr kuni 18:00 dan 23:00 gacha Toshkent shahri atmosfera havosi mayda chang zarrachalari bilan ifloslanishi kuchayishi kutilmoqda.

Shu munosabati bilan poytaxt aholisi va mehmonlariga imkoni boricha uydan chiqmaslikka harakat qilish tavsiya etiladi. Ko‘chada bo‘lganda tibbiy niqob taqish va uni har bir soatda almashtirish lozim. Nafas qaytishi, burun bitishi, aksa urish, tumov, ko‘zlar qizarishi va qichishishi, tomoqda qattiq qichishish, yo‘tal paydo bo‘lganda zudlik bilan allergolog shifokorga murojaat qilish kerak. Tuzli eritmada burun va tomoqni chayish, oynalarni yopiq holatda saqlash, oynalarning oldida ho‘l sochiqlarni yoyib qo‘yish tavsiya etiladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »