Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Pekinning Ukrainadagi keng ko‘lamli urushga yakun yasash rejasini e’lon qildi. Hujjat “Xitoyning Ukraina inqirozini siyosiy yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha pozitsiyasi” deb nomlanadi.

Foto: Global Look Press

Reja 12 bandni o‘z ichiga oladi, xususan Pekin urushni tugatishni tezlashtirish uchun quyidagilarni bajarishga chaqirmoqda:

Barcha mamlakatlarning suverenitetini hurmat qilish. Xitoy nazarida, barcha davlatlar xalqaro huquqqa, jumladan, BMT Nizomining maqsad va tamoyillariga qat’iy rioya qilishi kerak. Barcha mamlakatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi ham samarali ta’minlanishi, xalqaro huquq ikki tomonlama standartlarsiz qo‘llanilishi kerak.

Sovuq urush mentalitetidan voz kechish. Xitoy harbiy bloklarni kuchaytirish yoki kengaytirish orqali mintaqalar xavfsizligini ta’minlashga harakat qilmasdan, har bir davlatning qonuniy xavfsizlik manfaatlariga jiddiy yondashishga chaqirmoqda. “Biz xavfsizlikning umumiy konsepsiyasiga amal qilishimiz va lagerlar to‘qnashuvi paydo bo‘lishining oldini olishimiz kerak”, — deyiladi hujjatda.

O‘t ochishni to‘xtatish. Xitoy “urushda g‘oliblar bo‘lmasligini” ta’kidlab, mamlakatlarni “olovga yog‘ sepmaslikka” chaqirmoqda. XXR, shuningdek, Rossiya va Ukraina o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni tiklash zarurligini ta’kidlamoqda.

Tinchlik muzokaralarini boshlash. “Muloqot va muzokaralar Ukraina inqirozidan chiqishning yagona asl yo‘li”, deyiladi rejada. Xitoy, shuningdek, xalqaro hamjamiyatni muzokaralarni qayta boshlash uchun shart-sharoit yaratish va platforma taqdim etishga chaqirdi.

Gumanitar inqirozni hal qilish. Pekin gumanitar masalalarni siyosiylashtirishning oldini olishga, tinch aholi xavfsizligini himoya qilishga va ularni evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklar yaratishga chaqirdi. Bundan tashqari, Xitoy gumanitar yordamni ko‘paytirishni va BMTning bu boradagi muvofiqlashtiruvchi rolini qo‘llab-quvvatlashni taklif qilmoqda.

Tinch aholi va harbiy asirlarni himoya qilish. Xitoy urush tomonlarini xalqaro gumanitar qonunlarga qat’iy rioya qilishga, tinch aholi va fuqarolik obyektlariga hujum qilmaslikka, harbiy asirlarning asosiy huquqlarini hurmat qilishga va ularni almashish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga chaqirmoqda.

Atom elektr stansiyalarining xavfsizligini ta’minlash. Xitoy mojaro tomonlarini “tinch yadroviy inshootlarga qurolli hujum qilinishiga yo‘l qo‘ymaslikka” va yadroviy xavfsizlik bo‘yicha konvensiyalarga rioya qilishga chaqirmoqda.

Strategik xavflarni kamaytirish. Pekin yadroviy qurollardan, shuningdek, biologik va kimyoviy qurollardan foydalanish mumkin emasligini ta’kidladi.

G‘alla eksportini kafolatlash. Xitoy Qora dengiz orqali g‘alla tashish bo‘yicha kelishuvga barcha tomonlar rioya qilishi kerak, deb hisoblaydi.

Bir tomonlama sanksiyalarni tugatish. Xitoyning fikricha, bir tomonlama sanksiyalar “nafaqat muammolarni hal qilmaydi, balki yangilarini keltirib chiqaradi”. U barcha “tegishli davlatlar”ni bir tomonlama sanksiyalarni bas qilishga, inqirozni hal qilishda o‘z hissasini qo‘shishga va rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotini o‘stirish uchun sharoit yaratishga chaqirdi.

Ishlab chiqarish va ta’minot zanjirlarining barqarorligini ta’minlash. Pekin barcha mamlakatlarni jahon iqtisodiyotini himoya qilishga, uni siyosiylashtirish yoki undan qurol sifatida foydalanishga urinishlarga qarshi turishga chaqirdi.

Urushdan keyingi tiklanishga hissa qo‘shish. “Xalqaro hamjamiyat mojaro zonalarida urushdan keyingi rekonstruksiyani qo‘llab-quvvatlash uchun chora ko‘rishi kerak”, — deyiladi hujjatda.

Xitoyning tinchlik rejasi haqida Xitoy Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasining tashqi ishlar komissiyasi devonxonasi rahbari Van I Myunxen xavfsizlik konferensiyasidagi chiqishi chog‘ida ma’lum qildi. O‘sha paytda diplomat rejaning tafsilotlarini oshkor qilmadi, biroq xavfsiz dunyo yaratish uchun barcha davlatlar BMT Nizomi, shuningdek, bir-birining suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishi kerakligini ta’kidladi. Shu bilan birga, savollarga javob berar ekan, u “Rossiyaning qonuniy xavfsizlik manfaatlarini ham hurmat qilish zarurligini” qayd etdi.

Reja e’lon qilinishidan oldinroq Van I Moskvaga keldi va u yerda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. AFP xabariga ko‘ra, Xitoy rejani taqdim etishdan oldin Ukraina bilan maslahatlashmagan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »