Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Daryo” dunyo tarixini o‘zgartirib yuborgan shaxslar, ularning hayot tarzi, erishgan yutuqlari va ilm-fan yoki jamiyatga keltirgan foydasi/zarari haqida “100 buyuk inson” loyihasini boshladi.

Endilikda ushbu mavzu doirasida dunyoning nufuzli nashrlarida taniqli tadqiqotchilar, jurnalistlarning izlanishlari natijasida yozilgan maqolalar e’lon qilib boriladi.

Aleksandrning “buyukligi”

Aleksandr Makedonskiy — zamonaviy madaniyat kontekstida hozirga qadar murojaat qilib kelinadigan kam sonli antik davr shaxslaridan biridir. Aleksandrning faoliyati ko‘p jabhada g‘arb davlatlarining yangi tarixidagi ayrim epizodlarni yodga soladi. Masalan, uning hozirgi Afg‘oniston va Iroqdagi kampaniyasi G‘arbning oxirgi o‘n yilliklarda ushbu mintaqadagi aralashuviga o‘xshaydi.

Foto: Wikimedia Commons

Aleksandr turli tarix va madaniyatga ega xalqlarning yetakchisi bo‘lgan. Ba’zida mahalliy odatlar va dinini tushunmagani bois uning boshqaruvi omadsiz kechgan. Zamonaviy bosqichda Aleksandrning G‘arb va Sharq o‘rtasida ko‘prik qurishga bo‘lgan urinishlaridan ko‘plab darslar chiqarish mumkin.

Aleksandrni kim va qachon birinchi marta buyuk deb ataganini bilmaymiz. Aftidan, bu uning tirikligida sodir bo‘lmagan. Tarixchilarning hisoblashicha, uni ilk bor eramizdan oldingi I asrda Rim komediyasida “buyuk” deyishgan. Ushbu komediyada Magnum ismi qo‘llanilgan, bu lotinchada “buyuk” degani. Eramizdan oldingi 323-yilda vafot etguniga va eramizning I asrga qadar uni “buyuk” deya ta’riflash boshlangan.

Taxminlarga ko‘ra, rimliklarning bunday deyishiga Aleksandr hukmronligi davrida o‘limlar sonidan kelib chiqilgan: g‘olib rimlik sarkarda Rim ko‘chalari bo‘ylab olamon orasidan tantanali yurib boriladigan taqdirlash marosimiga qadar 5 ming nafar dushmanni o‘ldirishi kerak bo‘lgan. Aleksandr esa o‘z yurishlarida yuz minglab insonlar umriga zomin bo‘lgan, hozirgi Afg‘oniston va Hindiston hududida butun boshli qabilalarni qirib tashlab, haqiqiy genotsid uyushtirgan. Agarda Aleksandr bugungi zamonda yashaganida uni harbiy jinoyatlari uchun tribunalga yuborgan bo‘lishardi, ammo antik davrda uning harbiy g‘alabalari strategik daho sifatida baholangan va qurbonlar sonining ko‘pligi rimliklarni o‘ziga jalb etgan.

Aleksandr favqulodda qobiliyatli hukmdor edi. Uning qo‘l ostidagi ayrimlar xuddi Xudoga sig‘ingan kabi uning oldida tiz cho‘kkan. U juda yosh — 33 ga to‘lmay vafot etgan bo‘lsa-da, ko‘plab ishlarni amalga oshirishga ulgurgan. Ammo uning buyukligi faqat harbiy karyerasiga bog‘liq. Aleksandr harbiy strategiya va taktikada daho bo‘lgan. Qayerga yurish qilmasin o‘zining askarlaridan ko‘proq qo‘shinga duch kelgan, biroq doim g‘alaba qozongan. Aleksandr bir vaqtning o‘zida shoh bo‘lish bilan birga, mohir sarkarda, siyosatchi, davlat arbobi, diplomat va xalq yetakchisi funksiyalarini bajarardi.

Aleksandrning tarbiyasi

Aleksandr hayotidagi eng muhim inson — bu uning otasi Filipp II Makedonskiydir. O‘z podshohligi uchun qilgan ishlar nuqtayi nazaridan qaraladigan bo‘lsa, Filipp Aleksandrdan yaxshiroq shoh edi. Aleksandrdan farqli o‘laroq u o‘limiga qadar oddiy makedon jangchisiligicha qolgan. Filipp Aleksandr kabi ulkan imperiyani egallamagan, ammo shoh sifatida xalqining yaxshi yashashi uchun majburiyatlarini bajargan. Antik davrdagi ayrim tarixchilar uni Aleksandrdan yaxshiroq deya hisoblagan.

Foto: Wikimedia Commons

Filipp eramizdan oldingi 359-yilda taxtga o‘tirgan vaqtda Makedoniya ijtimoiy va madaniyat borasida qoloq edi. Uning na iqtisodiyoti, na tayyorgarlik ko‘rgan muntazam armiyasi bo‘lgan, davlat harob holatda edi. 23 yillik boshqaruvi davomida u mustahkam armiyani tuzgan, keyinroq Aleksandr shu armiya yordamida Osiyoni qo‘lga kiritgandi. Filipp II tomonidan o‘tkazilgan iqtisodiy islohotlar Makedoniyani gullab-yashnaydigan podshohlikka aylantirgan, keyin esa butun Gretsiya bo‘ylab chegaralarini uzaytirgan. Aynan Filipp Gretsiyani egallab bo‘lganidan keyin Fors imperiyasiga hujum qilishni rejalashtirgan, ammo buni boshlashdan bir necha kun oldin o‘ldiriladi. Shunday qilib, Fors imperiyasiga hujum rejasi Aleksandrga tegishli bo‘lmagan — u Filippdan o‘zib ketish maqsadida aqlbovar qilmas yurishlarni amalga oshirishga kirishgan. Aleksandrning barcha yutuqlarga erishishiga otasidan qolgan barqaror va mustahkam podshohlik hamda qudratli armiya xizmat qilgan.

Aleksandr bolaligidan yuqori intellekt sohibi edi. 6 yoki 7 yoshida lirada kuy chala olgan, katta yoshli insonlar bilan turli mavzularda suhbatlar qurgan. U butun grek adabiyotini o‘qib chiqqan, Gomer eng sevimli yozuvchisi edi. Aleksandr 14-16 yoshga to‘lganida Aristotel unga ustozlik qila boshlagan. Ammo baribir Aleksandrga ko‘p ta’sirni Aristotel emas, balki otasi Filipp o‘tkazgan. Aleksandr hayotining katta qismi davomida unga taqlid qilishga uringan, ulg‘ayib shaxsiy harbiy muvaffaqiyatlarga erishganidan keyin Filippdan o‘zib ketishni istagan.

Zabt etish strategiyasi

Har bir strategiya uchun yakuniy harakatlar rejasi qanchalik muhim ahamiyatga ega bo‘lmasin, Aleksandrda u yo‘q edi. Strategiyada ma’lum maqsadlar bo‘ladi: masalan, biror joyga bostirib kirsangiz qayerda to‘xtash kerakligini va yakunda nimani xohlashingizni bilishingiz lozim.

U Fors urushida azob chekkan greklar uchun qasos olish maqsadida yurish qiladi va oradan to‘rt yil o‘tib, Aleksandr uzoq asrlar davomida yashab kelgan Fors imperiyasini yo‘qqa chiqargan. Eramizdan oldingi 330-yilda u o‘zini Osiyo hukmdori deb atay boshlagan.

Aleksandr Makedonskiy Quddusdagi ibodatxonada

Foto: Pikabu

Fors imperiyasi egallanganidan keyin Aleksandr armiyasi vataniga qaytmoqchi bo‘ladi, ammo Aleksandr jangchilarni Baqtriya va So‘g‘diyonaga (hozirgi Afg‘oniston hududlari) yurish qilishga  ko‘ndirgan. Bu hujumning ikkinchi fazasi edi. Baqtriya va So‘g‘diyona egallangach, Aleksandr Hindistonga yurish qiladi. Panjob tekisliklariga kelganida uning armiyasi isyon ko‘targan. “Jangchilar yetarlicha yurish qilib bo‘ldik, endi uyga qaytamiz!”, degan. Ushbu isyon Aleksandrga ham sarkarda, harbiy qo‘mondon, ham shoh sifatida ishonchsizlik ramziga aylangandi.

Aleksandr Gangaga yetib borishni orzu qilgan bo‘lishi mumkin. Chunki u o‘sha yerda yashagan xalqlar haqida ko‘p gapirgan. Ammo Ganga egallanganidan keyin ham uning to‘xtashiga hech kim kafolat bermagan. Faqatgina isyon uni uyiga qaytishga majbur qilgandi. Aleksandr ortga qaytishni boshlaganida armiya va nihoyat Gretsiyaga qaytayapmiz deb o‘ylagan, ammo u Arabiston yarimoroliga hujum haqida gapira boshlagan. U eramizdan oldingi 323-yilda Bobilga yetib kelgan va janubga yurish qilish rejalarini tuzishni boshlagan. Ammo o‘sha yilning 12-iyunida Aleksandr vafot etadi.

Shaxsiy hayoti

Aleksandrni bolaligida qizlar qiziqtirmagan. Hayotining bu tomoni uning ota-onasini tashvishga solgan: Filipp va Olimpiada o‘g‘li 14—18 yoshga to‘lganida unga fohisha yollagani haqida ma’lumotlar mavjud, ammo yigit qizni rad etgan. Ayrim manbalarda keltirilishicha, u birinchi bor Barsina ismli ayol bilan qovushgan. Bu voqea eramizdan oldingi 333-yilda Issa jangidan keyin sodir bo‘lgan, qo‘mondonlardan biri Barsinani uning oldiga olib kelgan. Aleksandr bu vaqtda 23 yoshda edi. Shundan so‘ng Aleksandr va Barsina nikohdan o‘tmagan bo‘lsa-da, birga yashay boshlagan. Oradan olti yil o‘tgach, Barsina unga Gerakl ismli o‘g‘il tug‘ib bergan. Shu yillarda Aleksandr baqtriyalik Roksanaga uylangan edi.

Foto: Wikimedia Commons

Ko‘plab ma’lumotlarda Aleksandrning erkaklar bilan aloqasi keltiriladi, jumladan, do‘sti Gedestin bilan ham. Ammo bular o‘ylab topilgan bo‘lishi kerak, chunki u hayoti davomida yurishlari bilan dong qozongan Makedoniya shohi edi, tarix bo‘lsa, odatda bunday insonlarni aslidan ko‘ra bo‘rttiribroq ifodalaydi. Bir safar Amazonka malikasi Falestra Aleksandr bilan uchrashadi va ular ikki hafta davomida tinimsiz ishqiy munosabatda bo‘ladi. Ma’lumki amazonkalar o‘zlarining jangovar qobiliyati va kuchi bilan tanilgan qabila bo‘lib, ularni qirolicha boshqargan. Aftidan, Aleksandrning propaganda mashinasi uni ommaga maqtab ko‘rsatish maqsadida Falestra haqidagi voqeani o‘ylab topgan. Imperator bilan bog‘liq propaganda soni shu qadar ko‘p bo‘lganidan afsonalar ortidagi haqiqiy Aleksandrga yetib borish mushkul.

Aleksandr Makedonskiyning o‘limi

Aleksandr 33 yoshga to‘lishidan bir necha oy oldin vafot etgan. Uning o‘limi borasida ko‘plab konspirologik versiyalar mavjud, biroq u tabiiy o‘lim topgandi. Aleksandr Hindistonda og‘ir yaralangan. Tabib uning ko‘ksiga tekkan o‘qni chiqarib olganida yaradan qon bilan birga havo ham chiqa boshlagan. Bu o‘pkaning teshilganidan dalolat beradi. Aleksandr o‘ziga kelishi uchun bir necha kun kerak bo‘lgan va u shu qadar kuchsizlanib qolganidan shohni lagerga ko‘tarib olib borishgan. U juda ko‘p yaralangan bo‘lsa-da, bo‘kib ichish odatini tashlamagandi.

Aleksandr piyanista bo‘lmasa-da, ko‘p ichardi. Makedoniyaliklar vaqti-vaqti bilan ichkilik ziyofatlarini uyushtirib turgan bo‘lib, u ba’zida bir necha kunga cho‘zilib ketgan. Eramizdan oldingi 324-yilda uyushtirilgan mashhur ziyofatda Aleksandr kim ko‘p ichish bo‘yicha musobaqada qatnashgan. Shu kuni o‘ndan ortiq inson ortiqcha alkogol iste’mol qilgani uchun vafot etgandi. Makedoniyaliklar toza vino ichgan, greklar esa unga suv aralashtirishni ma’qul ko‘rgan. Aleksandr ziyofatlarda ichib turgan, ammo jangga otlanganida yoki kurash rejasini tuzayotganida hech qachon mast bo‘lmagan. Ziyofat boshlangach esa to‘xtovsiz ichgan.

Urushlar davomida orttirgan barcha jarohatlariga qaramay, Aleksandr o‘zining yashash tarzini o‘zgartirmagan. Tarixchilarning fikricha, unda alkogol pankreatiti kuzatilgan. Bir safar u ziyofatda bo‘kib ichgach, yotog‘iga ketayotganida do‘stlaridan biri shunday degandi: “Yana bittadan olaylik!”. Aleksandr ortiga qaytgan va yana ichishni davom ettirgan.

Aleksandr Makedonskiyga taqdim etilgan yaralangan roja Por peyzaji, Sharl Lebren. Britaniya muzeyi, 1695-yil

Aleksandr o‘zidan keyin qonuniy merosxo‘r qoldirmagan: u vafot etganida rafiqasi Roksana homilador edi. Bir necha hafta o‘tgach ayol o‘g‘il dunyoga keltiradi va oxir-oqibat u Aleksandr IV ga aylangan. Aleksandr vafot etganida Bobilning butun qo‘mondonligi to‘planib, endi qanday yo‘l tutish rejasini tuzgan. Bu konstitutsiyaviy inqiroz edi: Aleksandrning merosxo‘ri hali dunyoga kelmagandi. Qo‘mondonlar Roksana farzandini dunyoga keltirgunga qadar, Aleksandrning ukasi Filipp Arridiy shoh vazifasini bajarishiga kelishgan. Aleksandr IV tug‘ilganida u ham shohga aylangan va natijada dualistik monarxiya paydo bo‘lgan. Oliy qo‘mondonlik imperiyani o‘zaro bo‘lishib olgan.

Armiya bosh qo‘mondonining o‘rinbosari Perdikka imperiyaning yangi poytaxtiga aylanishi kerak bo‘lgan Bobil nazoratini qo‘lga kiritgan, qolganlar bo‘lsa boshqa yerlarni bo‘lishib olgan. Ptolemey Misrni egallab, o‘z sulolasiga asos solgan. Bu odamlar juda shuhratparast bo‘lgan, bir-birlaridan nafratlangan, ehtimol Aleksandr bunga ataylab erishgan: u o‘z qo‘mondonlari birlashib, taxtga da’vogarlik qilmasligi uchun ularni bir-biriga urushtirib qo‘ygandi. Uning o‘limidan bir yil o‘tib, aynan shu qo‘mondonlar bir-biri bilan janglarni boshlagan va bu urushlar 40 yil davom etgan. 

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »