Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgan “Mittivine” jamoasi asoschisi Farhod Mannopov 5-mart kuni erta tongda vafot etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra u basseynda suzish jarayonida boshidan olgan jarohati tufayli operatsiya qilingan, ammo komadan so‘ng o‘ziga kela olmagan.

Ijtimoiy  tarmoqlarda marhum Farhod Mannopovning operatsiyadan 20 minut oldingi videosi tarqaldi. 

“Hamma hol-ahvol so‘rab yozganlarga rahmat. Shifokorning oldiga keldim. Avval ham burnimni to‘g‘rilatgani shifokorga kelaman deb yurgandim, shunaqa sabab bo‘lib keldim. 20 daqiqadan so‘ng operatsiyaga kiraman, duo qilinglar”, — degan marhum so‘nggi videosida. 

“Mittivine” asoschisi Farhod Mannopovning dafn marosimida 10 mingdan ortiq inson ishtirok etdi. 

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda vaynerning 23-fevral kuni vayn uchun olingan videosi tarqaldi, unda Farhod Mannopov yaqinlariga so‘nggi so‘zini aytayotgan askar rolini ijro etgan.

“Mittivine” jamoasi a’zosi, “To‘laganoff” nomi bilan mashhur bo‘lgan vayner hamdardlik bildirgan hammaga minnatdorchilik bildirdi.

“Hammaga rahmat. Farhodni oxirgi manzilga kuzatib keldik. Nimadir qilsa, aytmasdan hayron qoldirardi. Qayergadir ketayotgan bo‘lsak ham aytmas edi, o‘sha kuni aytardi. Oxirgi manziliga hammani hayron qoldirib ketdi. Juda ko‘pchilik keldi, hurmat qilib kelganlarga rahmat”, — deydi vayner. 

Ma’lumot o‘rnida, Farhod Mannopov 2020-yilda yaqin do‘sti Ulug‘bek Shodibekov bilan “Mittivine” jamoasiga asos solgan. Farhod Mannopov otasiz kambag‘allik va qiyinchilikda voyaga yetgan.

Vaynerning onasi uni va opasini yolg‘iz o‘zi tarbiya qilgan. Shu sababli u ijtimoiy tarmoqlarda onani qadrlash, hurmat qilish kerakligi haqida takror va takror gapirar, o‘z onasini turli xil sovg‘alar bilan xursand qilishga urinardi. U onasining tug‘ilgan kuniga yangi uy va Tracker avtomobilini sovg‘a qilgan edi.

O‘zbek shou-biznesining ko‘plab taniqli vakillari, vaynerlar va marhum Farhod Mannopov yaqinlari ham u bilan bog‘liq xotiralarni yodga oldi.

“Mittivine” jamoasi a’zosi Ulug‘bek Shodibekov yaqin do‘sti, marhum Farhod Mannopovning xotirasiga atab post qoldirdi.

“Hamma narsa biz o‘ylaganimizdek bo‘lmas ekan. Barchasi Yaratganning qo‘lida, qachon olib, qachon berishini o‘zi bilarkan. Hammasi uchun senga rahmat. Sendan ko‘p narsani o‘rgandik. Sen haqiqiy lider eding, jamoa asoschisi, har qanaqa vaziyatda suyanchiq eding. Do‘stim, bizdan rozi bo‘l, biz sendan mingdan-ming rozimiz”, — deydi vayner Ulug‘bek Shodibekov. 

Foto: Instagram 

Xonanda Munisa Rizayeva marhum vaynerning yaxshi amallar qilgani haqida gapirib, insonlarni bir-biriga qadrlashga chaqirdi.

“Rahmatli Farhod Mannopovni tanimas edim, lekin ko‘p yaxshi amallar qilgani ko‘rinib turibdi. Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin. Bizdan faqat yaxshilik qoladi, yaqin insonlaringizni qadrlang, ular bugun bor, ertaga yo‘q”, — deb izoh qoldirgan Munisa Rizayeva.

Foto: Instagram 

“Afandining qizlari” kulgi jamoasi a’zosi, aktrisa Muborak Abdullayeva ham marhum Farhod Mannopov bilan bog‘liq xotiralari haqida gapirib berdi.

“Ishonishni xohlamayapman. Farhod hammani kuldirib, o‘ziga o‘rgatib, yig‘latib ketdi”, — deydi Muborak Abdullayeva.

Foto: Instagram 

Marhumning dafn marosimida ishtirok etgan instabloger Javohir Rasulov o‘z sahifasida unga atab post qoldirdi.

“U kulib yotibdi, to‘lishgan, sarg‘aygan, ko‘zlarining osti qoraygan. Lekin bari bir kulib yotibdi. Hamma yig‘lasa, u hamon kulib yotibdi”, — deydi vayner.

Foto: Instagram 

Xonanda Ruxshona ham marhum vaynerning hamkasblari va yaqinlariga sabr tiladi.

“Ertalabdan yomon xabar. Yaqinda ishqilib burniz sinmadimi, deb yozgandim. Ko‘ngli ochiq Farhod shunda ham kulib javob bergandi. O‘lim haq, ammo bevaqt ketdi”, — deb post qoldirgan Ruxshona.

Foto: Instagram 

Instabloger, marhum vaynerning yaqin do‘sti Timur Alixonov ham unga atab post qoldirdi.

Foto: Instagram 

“Aristokratlar” kulgi jamoasi a’zosi Jahongir Xo‘jayev Farhod Mannopovning yaxshi, samimiy inson bo‘lganini ta’kidlab, uning oila a’zolariga sabr tiladi.

Foto: Instagram 

Aktyor Azamat Ahrorov vayner haqidagi xotiralarini muxlislariga gapirib berdi.

“Bugun turishim bilan ko‘zimga ishonmadim, men ular bilan tanish emasdim, biroq ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga kirsam, maza qilib quvonardim. Joying jannatdan bo‘lsin, Farhod”, — deydi aktyor.

Foto: Instagram 

Instabloger Xonzoda Qambarova marhum Farhod Mannopov blogerlar ichida eng yaxshisi bo‘lganini aytib, u haqda fikrini bildirdi.

“Ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Oilangizga sabr tilayman, yaxshi inson edingiz, blogerlarning ichida eng yaxshisi“, — deydi Xanna.

Foto: Instagram 

“Aristokratlar” kulgi jamoasining yana bir a’zosi Obidjon Nasriddinov marhum vayner haqidagi xotiralarini obunachilariga so‘zlab berdi. 

“Bugun ko‘zimni uyqudan ochishim bilan bitta xabar bilan uyg‘ondim. Xayolimga yashin tezligida million xil xayollar quyilib keldi. Nahotki shunchalik jonimiz qil ustida?

Kechagina soppa-sog‘ insonlar bugun o‘z omonatini topshiryapti. O‘tganlarni kimdir ijtimoiy tarmoqlarda belgilab, hamdardlik bildirsa, endi undan nima foyda? Shuni rostan tirikligida xursand qil, degan narsa bo‘lardi. Bugungi voqea qattiq ta’sir qildi”, — deb izoh qoldirgan Obidjon Nasriddinov. 

Foto: Instagram 

“Maximum” kulgi jamoasi a’zosi Ne’mat Axmedovich ham marhum Farhod Mannopov haqidagi fikrlarini bildirdi.

“Farhod aqliy va insoniy tomonlama juda taraqqiy etgan inson edi. Fikrlashi boshqalarga o‘xshamaydigan, to‘g‘ri va aniq pozitsiyani doim tanlay bilgan lider, fahm-farosatli, ko‘ngli toza, pozitiv yigit sifatida xotiramga muhrladim. Chunki men uni shunday ko‘rdim va tanidim”, — deydi u o‘z postida. 

Foto: Instagram 

Aktrisa Zebiniso Xoliqova instablogerga atab post qoldirdi va bu xabardan o‘ziga kela olmagani haqida gapirdi.

“Ukamdek yaqin bo‘lib qolgan insonim ekan. Bugungi xabardan keyin o‘zimga kela olmadim. Har kuni Instagram’da ko‘raverib shunaqa yaqin bo‘lib qolgan ekan. Hayotda bir marta ko‘rgan edim”, — deydi aktrisa. 

Foto: Instagram 

Xonanda Manzura ham marhum blogerning yaqinlariga sabr tiladi va uning yaxshilik qilgani haqida so‘zlab berdi.

“Qazo qadardan qochib bo‘lmaydi, ammo shu belgilangan vaqt ichida ancha yaxshilik qilishga bizga imkon beriladi”, — deb post qoldirgan xonanda.

Foto: Instagram 

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »