Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Har qanday buyuk erkak ortida buyuk ayol turadi” degan mashhur gap bor. Ba’zida erkaklar qalbining egasi chetda qolib ketgandek ko‘rinsa ham, ammo ko‘plab muvaffaqiyatlarga aloqadordir. 1921-yilda Albert Eynshteyn fizika bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, o‘nlab yillar o‘tgach, 1990-yillarda u o‘zining nisbiylik nazariyasini “birinchi rafiqasi bo‘lmaganida kashf qilmagan bo‘lardi”, degan fikrlar yangray boshlagandi. Daryo “100 buyuk inson” loyihasi doirasida Albert Eynshteyn haqida hikoya qiladi.

Bir-biridan tubdan farq qilgan juftlik

Serbiyalik Mileva Marich juda aqlli va yaxshi qiz edi. U gimnaziyada o‘qigan birinchi Avstriya-Vengriya fuqarosi hisoblanadi. Marich har doim yaxshi o‘qigan, ayniqsa, fizika va matematikani a’loga o‘zlashtirgan bo‘lsa-da, doimo xato qilib qo‘ymaslikka, biror kimning ko‘ngliga ozod beradigan harakatlarni qilmaslikka uringan.

Albert Eynshteyn va Mileva Marich
Foto: Wikimedia Commons

Mileva Syurix politexnika institutining Fizika-matematika fakultetida ta’lim olayotgan yagona qiz edi. Kursdoshlari uni yoqimtoy, oqko‘ngil, biroz uyatchan, ammo “aqli va qalbi” bor inson sifatida eslaydi. Qiz qo‘li gul chevar bo‘lib, o‘ziga o‘zi kiyimlar tikkan va pazanda bo‘lgan.

Shu bilan birga, ushbu davrda Eynshteynga katta umid bag‘ishlaydigan inson sifatida qarashgan. Unda kamtarlik yoki uyalish degan hissiyotlar umuman yo‘q edi. Shu sababli ularning juftligi juda noodatiy ko‘ringan. Mileva ilm-fan bilan shug‘ullanib, jiddiy muvaffaqiyatlarga erishayotgan vaqtda Eynshteyndan homilador bo‘lib qoladi.

Qiz juda qattiq asabiylashgan, Eynshteyn uni va bolasini tashlab ketishidan, o‘qishni tugata olmasligidan qo‘rqqan. Shu kabi o‘y azoblarida u homilaning uchinchi oyligida bitiruv imtihonidan yiqiladi. Barchasi yomon tarafga ketayotgan edi.

Mileva diplom ishini yig‘ishtirib qo‘yadi. Eynshteyn ayoldan bolani biror farzandsiz insonga berib yuborishni talab qilgan. U bo‘lsa bu vaqtda erkakning buyruqlariga qarshi chiqa olmasdi. Shu sababli Mileva Serbiyaga ketib qolib, u yerda qizi Lizerlni dunyoga keltirgan (qizning keyingi taqdiri haqida hech narsa ma’lum emas).

Uzoq kutilgan nikoh va o‘zini oqlamagan umidlar

Eynshteyn Milevadan tezda sovib qolgan, biroq u qizni ishonchli odam va yaxshi yordamchi deb hisoblagan. U erkakning o‘rniga zarur hisob-kitoblarni amalga oshirar, olimning qo‘li tegmaydigan qator ilmiy ishlarni bajarardi. Umuman olganda, undan foyda ko‘p edi. Buyuk olim Milevaga uylanish zarar qilmaydi deb hisoblagan. “U barcha ishni qila oladi, mazali ovqat pishiradi va doim yaxshi kayfiyatda yuradi”, — deb yozgandi olim yaqin do‘stiga.

Albatta, Mileva farishta bo‘lmagan, ammo biograflarning yozishicha, u Eynshteyn uzoq yillar davomida o‘z izlanishlarini olib borishi uchun kerakli sharoitni yaratib bergan. Ayol unga ikki o‘g‘ilni dunyoga keltirgan. Milevaning o‘zi baxtli edimi? Albatta, yo‘q. Eynshteynning Milevaga yo‘llagan maktubi saqlanib qolgan, unda buyuk olim oilaviy hayoti jadvalini tuzishga uringani qayd etilgan:

“(A)Siz quyidagilarni nazorat qilib borishingiz kerak: 1) Kiyim va to‘shaklarim tartibli bo‘lishini; 2) Xonamga kunda uch marotaba ovqat olib kelishlarini. (B) Siz ijtimoiy ko‘rishish zarurati bo‘lmagan taqdirda men bilan har qanday shaxsiy munosabatlaringizdan voz kechishingiz lozim. Siz mendan hech qanday mehr kutmaysiz va mening birinchi iltimosim bo‘yicha va e’tirozsiz darhol ofisimni yoki yotoqxonamni tark etishingiz kerak”.

Birinchi jahon urushi boshlanishidan oldin Eynshteyn amakivachchasi Elza Levental bilan ishqiy munosabatlarga kirishgan. Olim Berlinda yashar, Mileva esa Syurixda qolgandi. U oilasiga pul yuborib turgan, ammo har doim juda kam jo‘natgan, Mileva matematika hamda fortepianodan dars berish orqali qo‘shimcha mablag‘ ishlab topgan.

Men senga jon deb ko‘proq pul jo‘natgan bo‘lar edim, ammo o‘zimda ham kam qoldi. Xuddi qashshoqlardek hayot kechiryapman. Faqatgina shu orqali o‘g‘illarimiz uchun nimadir to‘plashimiz mumkin”, deb yozgandi u.

Vaqt o‘tishi bilan Eynshteynning Elza Levental bilan munosabatlari jiddiylashgan va 1916-yilda u Milevadan ajrashishni so‘ragan. Dahshat ichida qolgan ayol rad javobini bergan. Bularning barchasi unga og‘ir zarba edi: yuragi tez-tez og‘riydigan bo‘lib qolgan, kunlarini kasalxonalarda o‘tkazishga majbur bo‘lardi.

Elza Levental va Albert Eynshteyn
Foto: Wikimedia Commons

Ma’lumotlarga ko‘ra, Eynshteyn do‘stlaridan biriga rafiqasi o‘lib qolsa, xafa ham bo‘lmasligini aytgan.

Bir safar jahl otiga mingan fizik rafiqasiga pul taklif qiladi: u o‘zining Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilishini bilgan va ajrashishga rozilik evaziga u mukofotni Milevaga berishga tayyorligini aytgan. Shunda ayol farzandlarini o‘ylab, hali qo‘lga kiritilmagan mukofot uchun bunga rozi bo‘ladi. Mileva bunday qaror hatto adolatli bo‘ladi deya hisoblagan: chunki u ham nisbiylik nazariyasi ustida ancha mehnat qilgandi.

Aytish kerakki, Eynshteyn o‘zi barpo etgan nisbiylik nazariyasi uchun 1910-yildan boshlab 1922-yilgacha o‘n marta Nobel mukofotiga tavsiya qilingan (1911 va 1915-yillardan tashqari). Biroq har safar uning nomzodi rad etilgan. Nihoyat unga 1922-yilgi fizika bo‘yicha Nobel berildi. Biroq bu Nobel olimga nisbiylik nazariyasi uchun emas, fotoeffektr hodisasini kashf qilgani uchun berilgan.

Ajrashish evaziga Nobel mukofoti

Va bu ayolning hayotidagi eng to‘g‘ri qaror bo‘lib chiqqan. Ajrashganidan to‘rt yil o‘tib, Eynshteyn Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan. Mashhurlik erkakka nasib etgan bo‘lsa, pullar Mileva va uning farzandlariga ketgan. Biroq bu g‘amgin hikoyaning baxtli yakuni emas edi.

1930-yillar oxirida Eynshteyn va Milevaning kenja o‘g‘li Eduardda kuchli asab tutqanog‘i boshlangan. U o‘zi kasalmand bo‘lib ulg‘aygan, otasining butun dunyoga mashhurligidan qo‘rqib yashagan: mashhur insonga munosib davomchi bo‘lishning mas’uliyati katta edi.

Foto: Wikimedia Commons

Hech narsaga qaramay, Eduard yoshligidanoq adabiyot va musiqaga qiziqish ko‘rsatib, akademik jihatdan yuqori darajaga ko‘tarila boshlagan. U psixologiyada Freydni juda yaxshi ko‘rar, ota-onasining ta’siri tufayli Syurix institutiga tibbiyot sohasida o‘qishga ham kirgandi. Biroq otasi bilan bir joyda bo‘lish unga qiyinchilik tug‘dirgan. Yosh Eynshteyn otasi bilan doimiy taqqoslanishi tufayli o‘zini past baholab kelgan.

Shizofreniyaning og‘ir shakliga chalingan Eduardni davolashga oilaning barcha pullari sarflangan. Syurix ruhiy kasalxonasida umrining oxiriga qadar yashashi kerak bo‘lgan yigit o‘z joniga qasd qiladi. Shunda ham Eynshteyn takabburligidan voz kechmagan, barchaga o‘g‘lining kasali xotini ajdodlaridan o‘tganini aytib kelgan.

Eduard va Albert Eynshteynlar
Foto: Wikimedia Commons

Mileva Albertdan yordam so‘rashga majbur bo‘ladi. U ayolning kvartirasini Mileva va Eduardga yashash huquqini bergan holda o‘z nomiga o‘tkazgan hamda evaziga pul bergan. 1947-yilda Eynshteyn o‘limi yaqinlashayotganini sezib, uyni 85 ming Shveysariya frankiga sotib yuboradi. Mileva bu borada o‘zining fikri inobatga olinmaganidan shu qadar darg‘azab bo‘ladiki, qasos olish maqsadida uy uchun pullarni olmaganini da’vo qiladi.

Natijada yuridik kamchiliklar sabab uy uchun berilgan pullarni olim emas, Mileva qo‘lga kiritadi. Albert sobiq rafiqasiga tahdid qilib, o‘g‘irlangan pullarini qaytarishni talab qiladi. Ammo Milevaning qo‘lida Shveysariya hududida qolish imkonini beruvchi ishonchnoma bor edi. Xatolik sabab qo‘ldan chiqqan pullarni faqat ayol roziligi bilan qaytarish mumkin bo‘lgan. Mileva esa bunga rozilik berishni istamagan, chunki bemor o‘g‘lini o‘ylashi kerak edi. 

Foto: Wikimedia Commons

Farzandining o‘limidan keyin Milevaning ahvoli yomonlashgan, miyasida qon aylanishi buzilgan. Sovuq kunlarning birida Eduardni ko‘rish uchun muzlagan ko‘cha bo‘ylab harakatlanib ketayotganida oyog‘ini sindirib olgan. Atrofdagilar ayolga yordam ko‘rsatib, uni hushsiz holatda shifoxonaga yetkazgan.

Ammo shundan keyin Mileva umrining oxiriga qadar o‘zini o‘nglay olmagan. O‘limidan oldin esa butunlay es-hushini yo‘qotgan. U tinmasdan qo‘ng‘iroqlarni chalar, odamlarni yordamga chaqirar, tinmasdan “yo‘q” deya baqirardi. Mileva 1948-yil 4-avgust kuni olamdan o‘tgan. Ayolning joni uzilgan matras ostidan kasal o‘g‘lining davolanishi uchun saqlab kelgan 85 ming frank topilgan.

Foto: Wikimedia Commons

Oilaning to‘ng‘ichi — Gans-Albert 1938-yilda AQSHga ko‘chib o‘tishga muvaffaq bo‘ladi. U vaqt o‘tib Berklidagi Kaliforniya universitetining mashhur muhandis-professoriga aylangan. 1988-yilda AQSH Fuqarolik muhandislari hamjamiyatida hatto kichik Eynshteyn nomiga mukofot ta’sis etgan.

Gans Eynshteyn ota-onasi bilan
Foto: Wikimedia Commons

Uning o‘g‘li (Eynshteynning nabirasi) — Bernard Sezar Eynshteyn bo‘lsa tungi ko‘rish moslamalarini yaratish bilan shug‘ullangan, yorug‘lik signallarini kuchaytirish bo‘yicha ko‘plab patentlar olgan va elektronika sohasidagi qator yetakchi kompaniyalarda ishlagan. Buyuk fizikning evarasi Tomas Martin Eynshteyn Amerikada mashhur anesteziolog.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »