Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

1791-yil 20-noyabr kuni 35 yoshli Volfgang Amadey Motsart o‘zining Venadagi kvartirasida isitmalab yotardi. Aftidan, bu uni unchalik tashvishga solmagan. Bolaligidan beri u ko‘plab jiddiy kasalliklarni boshidan o‘tkazgandi: suvchechak, terlama, gepatit, tonzillit, oshqozon buzilishi, faringit va yuqori nafas yo‘llari infeksiyasi. U doim dunyoni o‘z musiqasi bilan egallashga shay yangicha ijodiy energiya bilan qaytardi. Ammo bu safar barchasi o‘zgacha edi. Daryo “100 buyuk inson” loyihasi doirasida Motsart haqida hikoya qiladi.

“Amadey” filmidan kadr

5-dekabr kuni buyuk bastakor vafot etgan dahshatli voqeadan keyin uning jasadi shishib ketib, o‘zidan badbo‘y is tarata boshlagan, tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketgan yuzidan keyin Avstriya imperiyasi saroyi musiqachisi bo‘lgan Antonio Salyeri uni zaharlagan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida mish-mishlar tarqaladi.

XVIII asrning oxirida klassik musiqaning jadal rivojlanishi soxtakorlikda gumon qilish uchun asos bermaydi. Bu eng iqtidorli kompozitorlar saroydagi lavozimlar uchun jon jahdi bilan kurashgan davr edi, bu tilla to‘r va brilliant tugmalar, tizzagacha bo‘lgan atlas shimlar va ipak paltolar davri edi, ularning ortida esa xiyonat, nayranglar va fitnalar yashiringan.

Motsart bolaligidanoq bu dunyoni tushunib yetgandi. Uning otasi Leopold knyaz-arxiyepiskop Zalsburg saroyida vitse-kapelmeyster (ya’ni musiqiy direktor) lavozimida xizmat qilgan va ikki farzandi — 1751-yilda dunyoga kelgan Anna Mariya (Nannerl) hamda 1756-yilda tug‘ilgan Volfgangni musiqaga o‘rgatgan. Otasining qattiq homiyligi ostida Volfgang 3 yoshidan boshlab klavesin (fortepianoga o‘xshash cholg‘u asbobi) chala boshlagan. 5 yoshida esa o‘z musiqalarini bastalashga kirishgan. Volfgang 6 yoshga to‘lganidan keyin Leopold bir necha yil davomida Yevropa saroylari bo‘ylab rafiqasi hamda farzandlari bilan sayohat qilgan holda, o‘z vunderkindlari orqali pul ishlay boshlaydi. Nannerl musiqani juda yaxshi chalgan, ammo yoqimtoy va o‘ziga ishonchi yuqori bo‘lgan Volfgang tomoshabinlarni o‘z iqtidori bilan rom etardi — u hatto ko‘zlari bog‘langan holda ham musiqa chala olgan.

25 yoshida Volfgang otasining nazoratidan chiqish vaqti kelgani va qanot yozib yuksak marralarni zabt etishi lozimligini tushunib yetadi. 1781-yil martda u Avstriya imperiyasi poytaxti Vena — cheksiz musiqiy imkoniyatlar taqdim etguvchi shaharga yetib keladi. Bu yerda 300 ming aholi istiqomat qilgan, ko‘plab konsert zallari, musiqiy akademiya va iqtidorli jamiyat hukmron edi. Va bu yer kompozitorning haqiqiy uyiga aylanadi.

“Amadey” filmidan kadr

Motsart akademiyalar, obuna konsertlari va metsenatlar uylarida chiqishlar qilib, pul topgan. U fortepianoda dars bergan — hozirgi kunda shaxsan Motsartdan dars olgan o‘quvchilar bo‘lganini tasavvur qilish qiyin, albatta. Shunga qaramay, tinib bilmay mehnat qilgan kompozitor o‘zi kabi iqtidori bo‘lmasdan turib mo‘maygina daromad ko‘rayotgan musiqachilardan ancha kam pul topardi.

Motsartning Venadagi asosiy raqibi Antonio Salyeri edi — muvaffaqiyatli italyan kompozitori uch tilda operalar yozgani bilan mashhurlikka erishgan. U Vena operasini egallagan va Motsart endigina katta karyerasini qurishni boshlagan 1788-yilda imperator kaplmeysteri etib tayinlangandi.

Motsart otasiga bir nechta shikoyat maktublarini yo‘llagan bo‘lib, unda Salyeri va uning hamtovoqlari rasmiy ish olishiga to‘sqinlik qilayotganliklarini bildirgan. Masalan, 1781-yilda Motsart imperator uni malika Yelizaveta Vyutembergga (imperator jiyanining kelini) fortepianoda dars berishga yollashiga umid qilgan, Iosif bo‘lsa mazkur lavozimni Salyeriga topshirgan. “Imperator barchasini buzdi, chunki uni Salyeridan boshqa hech kim qiziqtirmaydi”, — deya nadomat bilan yozgandi Motsart.

Shunday bo‘lsa-da, Motsart va Salyeri bir-birining musiqiy iqtidorini hurmat qiladigandek tuyulardi. 1785-yilda ular birgalikda kantata (xor uchun belgilanadigan tantanavor yirik musiqiy asar) yozadi, 1788-yilda Salyeri o‘z operalaridan birining o‘rniga Motsartning “Figaro”sini namoyish etadi. Birinchi marta 1791-yilda Motsartning “Sehrli fleyta” tomoshasiga tashrif buyurgan Salyeri undagi har bir element — musiqali muqaddimadan tortib, oxirgi xorga qadar uning hayratiga sabab bo‘lgandi.

Volfgang Salyeridan farqli o‘laroq, salomat shaxs emasdi. Uning o‘quvchilaridan biri Motsart haqida shunday yozgandi: “…o‘rta bo‘yli va rangpar, yoqimtoy va do‘stona ko‘rinishga ega, ko‘k ko‘zlari yorqin porlaydi”.

Milosh Forman tomonidan 1984-yilda ishlangan “Amadey” filmida Motsartning savdoyiligi tasvirlangan: hazilkash, kulishni yaxshi ko‘radigan, gapga chechan. 1782-yili 26 yoshida Motsart Leopold doim qo‘rqib kelgan ishni amalga oshiradi — u uylanadi. Volfgang Konsansiya Veber va uning oilasi bilan bir necha yil oldin, onasi bilan Germaniyaga safar qilganida tanishib qolgandi. Leopold Volfgangning to‘rt opa-singilni to‘ng‘ichi Aloiziyani sevib qolganidan g‘azab otiga mingan va hatto ular bilan uchrashmasdan turib, qurumsoq oila pul maqsadida iqtidorli o‘g‘lini og‘dirib olishga urinayotganini ta’kidlagan. Oradan to‘rt yil o‘tgach, Motsart Venada Veberlar bilan yana ko‘rishgan va opa-singillarning uchinchisini sevib qolgan.

“Amadey” filmidan kadr

Leopold unashtiruv marosimi haqidagi yangilik yozilgan xatni olganida o‘zini yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsa ajab emas. Birgina ayol sabab uning o‘g‘li endilikda butunlay hokimiyatdan mosuvo bo‘lgandi. To‘ydan keyin ota-o‘g‘il ikki marotabagina uchrashgan va ularning ikkisi ham yoqimsiz o‘tgan. Leopold 1787-yilda 60 yoshida vafot etadi, Motsart esa u bilan vidolashuvga kelmagan ham.

Taqdir hazili sabab Leopoldning o‘limidan ko‘p o‘tmay Volfgang va nihoyat otasi uzoq kutganidek saroyda rasmiy lavozimga loyiq ko‘riladi. Iosif II Motsartni menuet (fransuzcha raqs) uchun kamerali musiqachi sifatida yollaydi.

Oxirgi yillarda to‘rtta muvaffaqiyatli opera yozgani sabab Motsartning daromadlari sezilarli darajada oshgan. Biroq u kiyim-kechak, hashamatli tushliklar, Konstansiya uchun sovg‘alar va qimor o‘yinlariga mukkasidan ketgani tufayli doim qarzdor bo‘lib yurgan.

1791-yil kuzda Motsart sog‘lom ekanidan mamnun holda, o‘z maktublarida mazali taomning ta’rifini keltirib, g‘aroyib yangi musiqani bastalash ustida ish boshlayotganini yozadi. Ehtimol, uning yaqinlari charchagan musiqachining isitmasi borligini bilib hayron bo‘lmagandir.

Ammo ushbu kasallik oldingilaridan farqli ravishda tez o‘tib ketmagan. Motsart shu qadar shishib ketadiki, hatto qimirlay ham olmay qoladi, shunda rafiqasi va uning opasi Sofiya tugmalari orqa tomonidan qadaladigan maxsus kiyim tikishga majbur bo‘ladi, bu buyuk kompozitorni tunda tuvakka o‘tqazish uchun qulay edi. 4-dekabr kuni u alahlashni boshlaydi.

“Amadey” filmidan kadr

Ikki shifokor Motsartning 2-3 litr qonini quyib oladi, bu esa organizmning infeksiyaga qarshi kurashuvchanlik qobiliyatini kamaytirib yuborgan. Ertasi kuni Motsart qaltiroq tutgan va jigarrang suyuqlik qayd qilib, yiqilgan va shu bilan o‘rnidan turmagan.

Beva Konstansiya do‘stlariga turmush o‘rtog‘i bezgakdan vafot etganini aytgan. Ammo ikki farzandi, ulkan qarzlar hamda daromadsiz qolgan ayol jamoatchilik e’tiborini tortish maqsadida zaharlanish to‘g‘risidagi taxminni qo‘llab-quvvatlagan. U niqob taqqan noma’lum shaxs marhumlar uchun messa (katoliklarda maxsus kuy) buyurtma qilgani haqida gapirgan. Mazkur afsonaga ko‘ra, Motsart aynan shu ish ustida ishlash vaqtida jiddiy og‘rib qolgan.

“Tez orada vafot etishimni bilaman. Aftidan, kimdir menga zaharli suv bergan va o‘limim vaqtini aniq hisob-kitob qilgan, natijada men o‘zimga o‘zim rekviem yozmoqdaman”, — degan Motsart rafiqasining so‘zlariga ko‘ra.

Haqiqat esa kutilganidan ancha oddiy edi. Motsart o‘limidan bir necha oy oldin graf Frans fon Valzegg yaqindagina vafot etgan rafiqasi uchun kuy bastalashini buyurtma qiladi. Buyurtmaning maxfiyligi shundaki, musiqa ishqibozi bo‘lgan graf rekviemni o‘zi yozgandek ommaga taqdim etmoqchi bo‘lgan.

“Amadey” filmidan kadr

Shuncha faktlarga qaramay, Konstansiya imperatordan pensiya va marhumning musiqalari ijro etilgan konsertlardan ulush ola boshlagan. O‘z ajali bilan o‘lgan insondan ko‘ra, sirli ravishda o‘ldirilgan mashhur bastakor kuylarini tinglash qiziqarliroq. Ayol Motsartning o‘limidan keyin tezda boyib ketgan.

Ko‘pchilik sodir bo‘lgan voqealarning barchasida Motsartning asosiy raqibi Salyerini ayblagan. Motsart tomonidan 1791-yil 14-oktabrda yozilgan va saqlanib qolgan oxirgi maktubda keltirilishicha, u Salyeri va soprano Katarina Kavalyeri bilan operaga borgan. Salyeri masalan, Mosartga alkogol idishini taklif qilgan, karetada ketishayotganida vinoga biror nima aralashtirib qo‘ygan bo‘lishi mumkin edi.

Salyeri hech qachon zaharlash borasidagi mish-mishlarni rad etmagan, biroq Motsartning o‘g‘liga musiqiy ta’lim berishni zimmasiga olgan. Uning qo‘l ostida Frans Ksavyer Volfgang Motsart mashhur kompozitor va dirijyorga aylangan.

Umrining oxirlarida vaqti-vaqti bilan yuz beradigan aqliy zaiflik sindromidan aziyat chekkan Salyeri Motsartni o‘ldirganini tan olgan, ammo es-xushi joyiga kelgan vaqtda buni rad etgan. 1823-yilda Lyudvig van Betxovenning shogirdlaridan biri Ignas Mosheles 74 yoshga kirgan bekor Salyerining holidan xabar olgani boradi.

Bu kasallikdan omon chiqmasam-da, sizga shuni aytishim mumkinki, bema’ni mish-mishlarda hech qanday haqiqat yo‘q. Meni Motsartning o‘limida ayblashlarini bilasiz, ammo bu yolg‘on — bularning barchasi adovat, haqiqiy xusumat, qadrdonim Mosheles men, o‘layotgan Salyeri aytganidek, butun dunyoga bildiring”, — degan bastakor.

“Amadey” filmidan kadr

Boshqa bir taxminga ko‘ra, Motsartni masonlar ordeni zaharlagan, chunki 1784-yilda “Sehrli fleyta” pyesasida u ordenning ko‘plab sirlarini ochib tashlagan. Ammo masonlar Motsart nomini hech qanaqasiga qoralamay, uning xotirasiga Qayg‘u lojasini uyushtiradi. “Sehrli fleyta” librettosi muallifi Emanuel Shikaneder hech qanday hujumlarga uchramay yana 21 yil umr ko‘rgan edi.

Zamonaviy tashxis

Qotillik bilan bog‘liq voqeaning eng aqlga sig‘maydigan qismi shundan iborat ediki, butun Vena bo‘ylab ko‘plab odamlar Motsartning o‘limiga sabab bo‘lgan kasallikdan vafot etardi. Bastakorning o‘limiga “o‘tkir harbiy bezgak” deya ko‘rsatilgan va hech kim buning qanday kasalligini bilmaydi. Tadqiqotchilarga ko‘ra, bu yerda gap o‘tkir revmatik bezgak haqida ketmoqda, biroq bunda bemorda nafas siqishi kuzatilishi kerak — bu haqda Motsartning kasallik hisobotlarida so‘z bormaydi. Bundan tashqari, ushbu kasallik asosan bolalarda uchraydi, kattalarda esa bo‘g‘imlar og‘rig‘ini yuzaga keltiradi, hech qanaqa shishishga olib kelmaydi. Keltirilgan belgilardan xulosa qilish mumkinki, Motsartning buyraklari ishlamay qolgan: organizm siydikni chiqarib tashlay olmagan, ular qonga o‘tib ketib, ter va so‘lak bilan ajratgan, natijada tana sasiy boshlagan. Biroq barcha buyrak kasalliklari Motsartda bunday kuchli shish paydo bo‘lishiga olib kelmasdi.

Barcha belgilarni tushuntirishga yordam beradigan kasallik bor. Streptocucces equi, C guruhiga kiruvchi streptokokk — mikroskopik buyrak filtrlari bo‘lib, uning natijasida chiqindilar siydikka tushmasdan, butun organizm bo‘ylab tarqay boshlaydi. Nomidan bilish mumkinki, bu birinchi navbatda ot va sigirlarda uchraydigan kasallikdir. Ammo xuddi “Sibir yazvasi” kabi u ham hayvonlar, ham inson uchun yuqumli. Motsart karetalarda harakatlangan vaqtida ot minishni yaxshi ko‘rgan va tez-tez pishirilmagan sut ichib turgan.

Foto: Wikimedia Commons

Afsuski, arxivlarda bastakor jasadining yorib ko‘rilganiga oid qaydlar saqlanmagan. Shifokorlarning fikricha, barchasi oydin bo‘lgan: o‘tkir harbiy bezgak epidemiyasi. Hatto qarindoshlari uning yorib ko‘rilishini talab qilganida ham shishib ketgan jasad achinarli holatda bo‘lgan, eng jasur shifokor ham bunga qo‘l urishi dargumon edi.

Hozirgi kunda o‘rganish mumkin bo‘lgan qoldiqlar ham saqlanib qolmagan. Fransuz inqilobi tomonidan joriy etilgan tenglik tamoyillariga amal qilgan holda Iosif II dabdabali dafn marosimlarini taqiqlash bo‘yicha qonunlar qabul qilgan. Shu boisdan Motsartning qoldiqlari tunda Avliyo Mark qabristoniga olib kelingan, hech qanaqa dafn marosimi o‘tkazilmagan va oila a’zolaridan hech biri bastakorning qayerga ko‘milganini bilmagan. Bundan tashqari, Iosifning buyrug‘i bilan “o‘rta sinf”ga oid tobutlar bitta qabrga beshtadan joylashtirilgan. Bu o‘n yildan keyin ularni qazib olib, yangi qabrlar uchun joy ajratishga qulay bo‘lishi uchun qilingan.

Avliyo Mark cherkovi rohibi Jozef Rotmeyer mashhur kompozitor dafn etilgan joyni belgilab qo‘yganini aytgan. Motsartning o‘limidan 10 yil o‘tib, 1801-yilda Rotmeyer belgilanganidek suyaklarni qazib qolgan va uning bosh chanog‘ini ommaga namoyishga qo‘ygan (hozirda u Zalsburdagi Motsart muzeyida saqlanadi). Afsuski Rotmeyer aslida boshqa jasadni qazib olgan. Chanoqda jag‘ning sinish alomatlari mavjud, Motsartning jag‘iga esa hech kim shikast yetkazmagandi.

Ammo ayrim tarixchilar barcha mantiqni chetga surib qo‘ygan holda ushbu chanoq — Motsart aslida boshiga berilgan zarbadan vafot etganiga to‘g‘ridan to‘g‘ri isbot bo‘la olishini ta’kidlaydi. Bu kabi nazariya 2006-yilda, Motsartning ona tomondan buvisi va uning jiyanidan olingan DNKning bosh chanoq suyagidagi DNK bilan taqqoslanishidan keyin paydo bo‘lgan.

Tahlil genetik o‘xshashlik borligini rad etgan. Motsartning o‘limiga aynan nima sabab bo‘lganini bila olmaymiz (boshiga urilgan zarbadan emasligi aniq), biroq buning ahamiyati ham u qadar katta emas. Eng muhimi — u hayotda bo‘lgan va aql bovar qilmas musiqalar bastalagan.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »