Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazotova 22-mart kuni 42 yoshni qarshi oldi. Bu raqamlarga nisbatan ancha yosh ko‘rinadigan ijodkor hayotda ko‘plab qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazgan. Quyida Gulsanam Mamazoitova haqida ko‘pchilikka noma’lum bo‘lgan ma’lumotlar keltiriladi.

Foto: Instagram / @g.m.official

Gulsanam Mamazoitovaning san’atkor bo‘lishiga hech kim shubha qilmasdi. Chunki u farg‘onalik hofiz Mamadali Mamazoitov xonadonida dunyoga kelgan. U oilaning kenja farzandi bo‘lib, Otabek ismli akasi va Go‘zalxon ismli opasi bor. Gulsanam otasi haqida intervyularida deyarli gapirmaydi. Buning boisi, uning bolalik yillari ota mehridan ayro o‘tganligida bo‘lsa kerak. Gulsanam Mamazoitovaning onasi o‘z davrining eng talabchan rahbarlaridan biri bo‘lgan. Xonanda san’atga qiziqishiga aynan onasining rahbar bo‘lgani ham sabab bo‘lgani haqida  so‘zlab bergan:

Foto: Instagram / @g.m.official

— Rahbar insonning ishi ko‘p bo‘ladi. Shuning uchun singillarga qarash vazifasi akamga yuklatilgandi. U paytlarda akam musiqa maktabiga ham qatnardi. Ko‘pincha, meni o‘zi bilan maktabga olib ketardi. U yerdagi muhit menga ham ta’sir etib, san’atga mehrim yana-da ortgan. Ilk ustozim akam bo‘lgan. U ovozimdagi o‘ziga xoslikni aniqlab, qo‘shiq aytishga mehr uyg‘otgan.

Bizni onamizning yolg‘iz o‘zi o‘stirib, katta qilgan. Ota mehrini deyarli ko‘rmaganmiz. Lekin, shunday bo‘lsa ham, onam bizni kam qilmagan. Qo‘ldan kelgancha tarbiya qilib, o‘qitib, kerak bo‘lsa, ko‘chada erkak, uyda ayol bo‘lib o‘stirgan. Shu narsaning ta’siri bor. Onamning lafzi kuchli, “Bolam bir narsani kuching yetsa,  qilaman degin. Kuching yetmagan narsaga va’da berma!” deb, haligacha o‘rgatadi Tarbiyamda shu narsa bor! Men yillar o‘tib shakllanmaganman, bu narsa qon-qonimga singib ketgan!, — deydi xonanda Gulsanam Mamazoitova.

Foto: Instagram / @g.m.official

Gulsanam Mamazoitova bir muddat professional raqs bilan ham shug‘ullangan. U O‘zbekiston xalq artisti Ma’mura Ergasheva va Sug‘diyona Isroilovaga shogirdlikka tushib, keyinchalik o‘z ansamblini ham tashkil etgan.

— Qo‘shiq kuylashni erta boshlaganim uchun o‘smirlikka o‘tish vaqtida ovoz o‘zgarish — mutatsiya vaqti bo‘lgan. Bu davrda vaqtincha qo‘shiq kuylamaslik kerak. “Bo‘sh qolmasin”, degan maqsadda onam meni raqs to‘garagiga berganlar. Uch-to‘rt yil raqs bilan shug‘ullandim, ustoz ko‘rdim. Raqs bilan professional shug‘ullanish istagi bo‘lmagan, bo‘sh vaqtni to‘ldirish uchun xizmat qilgan, xolos, — deydi xonanda.

Gulsanam Mamazoitovaning san’atkor bo‘lishiga ota-onasi qarshi bo‘lmagan. Ammo akasi Otabek Muhammadzohid unga bir nechta jiddiy cheklovlarni qo‘ygani ko‘pchilikka sir emas. Xususan, Otabek Muhammadzohidning o‘zi intervyusida cheklovlar haqida quyidagilarni ma’lum qilgan.

Foto: Instagram / @g.m.official

— Avvalo, singlimning milliy qo‘shiqlar ijro etishini so‘raganman. Chunki o‘sha paytda san’atda har tomonga yo‘rg‘alash, “ohanggi tushsa qo‘shiq bo‘ladida”, qabilida ish qilish urfga aylangandi. Keyin liboslariga e’tiborli bo‘lishini ta’yinlaganman. Bu mening ham akalik, ham ustozlik talabim edi, — deydi xonanda Otabek Muhammadzohid.

Gulsanam Mamazoitova 2000-yili O‘zbekiston davlat konservatoriyasining “Sharq musiqasi” fakultetiga o‘qishga kiradi. 2006-yili esa magistrlik darajasini yoqlab, shundan keyin bor e’tiborini ijodga qaratadi.

Foto: Instagram / @g.m.official

Gulsanam Mamazoitova deganda ko‘z oldimizda davlat tadbirlarida faol ishtirok etadigan va turli ko‘rik tanlovlarda ishtirok etadigan xonanda keladi. Haqiqatan ham uning biografiyasini tanlovlar tasavvur etish qiyin. U ilk g‘alabasini kollejda o‘qib yurgan kezlari qo‘lga kiritgan. Ya’ni 1999-yil o‘tkazilgan Yunus Rajabiy nomidagi ko‘rik tanlovda ishtirok etib, ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Nihol mukofotini esa O‘zbekiston davlat konservatoriyasining 4-bosqichida o‘qiyotganida olgan.

Gulsanam Mamazoitova sozanda Sanjar Ahmedov bilan oila qurgan. Sanjar Ahmedov O‘zbekiston xalq artisti G‘ulomjon Yoqubov bilan to‘y-xizmatlari va konsertlarida qatnashardi. U to‘yda Gulsanam bilan tanishgach, bir oliygohda o‘qishlarini bilishgan.

Sanjar Ahmedov O‘zbekiston davlat konservatoriyasining zarbli cholg‘ular fakultetida tahsil olgan. U bir muddat ijod bilan shug‘ullangan, xonanda bilan oila qurgach, bor e’tiborini uning ijodiga qaratgan. U ayni kunda turmush o‘rtog‘ining ish boshqaruvchisi hisoblanadi.

Foto: Instagram / @g.m.official

Bir qarashda Gulsanam Mamazoitova hammasiga osonlik bilan erishgandek tuyuladi. Ammo u ham ko‘plab qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazgan. Jumladan, ikki yosh oila qurgach, moddiy jihatdan qiynalishgan. Chunki o‘sha vaqtda ikkisi ham talaba edi.

— Hammada ham bunday qiyinchiliklar bo‘ladi. Balki hayot shunisi bilan ham qiziqdir. Muhimi, ko‘ngil xotirjam bo‘lsa bo‘ldi. Biror ishni boshlayotgan inson moddiy ehtiyojini birlamchi deb hisoblamasligi kerak. Agar shunday deb bilsa, u maqsadidan chalg‘iydi, — deydi xonanda.

Foto: Instagram / @g.m.official

Xonandaning Mohijahonbegim va Abdug‘affor ismli farzandlari bor. Ammo uning ilk homilasi nobud bo‘lgan va bundan ruhiy tushkunlikka tushgan. Gulsanam Mamazoitova ikki farzandining dunyoga keltirgandan keyin ham tezda sahnaga qaytishga majbur bo‘lgan. Xususan, o‘g‘li Abdug‘affor bilan chillalik davridan boshlab gastrol safarlariga borganini kulib eslaydi.

— O‘g‘lim 20 kunlik chaqaloqlik paytida “Universiyada” sport musobaqalari o‘tkaziladigan bo‘ldi. Tashkilotchilar bolam kichikligini inobatga olib shifokor, hamshira va haydovchilarni tayyorlab qo‘yishgan. Xullas, bolalarim juda kichikligimdan boshlab menga hamroh bo‘lishgan, — deydi xonanda intervyularining birida.

Gulsanam Mamazoitovaga omad olib kelgan qo‘shiqlar ko‘p. Ammo uning ruhiy tushkunlikka tushirganlari ham yo‘q emas. Xonanda bu borada quyidagilarni ma’lum qilgan.

Foto: Instagram / @g.m.official

— “Alla” qo‘shig‘imning yozilish jarayoni juda og‘ir kechgan. Chunki, bu qo‘shiqda farzandini yakka o‘zi o‘stirgan yolg‘iz ayol dardini kuylash kerak bo‘lgan! Chunki, bu dard o‘z hayotimga begona emasdi. O‘sha dardni ko‘nglimdan o‘tkazib kuylaganman. Holatimni ko‘rib, ovoz operatorimiz ham yig‘lab yuborgan. Yig‘lasangiz ovozingiz o‘zingizga buysunmaydi, hattoki gapira olmay qolasiz. Qiyinchilik bilan yaratilgan qo‘shiq ko‘pchilikka ma’qul kelgan, — deydi xonanda.

Ko‘pchilik bu xonandani faqatgina davlat tadbirlari uchun ijod qiladigan xonanda deya tanqid qilishadi. Bunday tanqidlarga xonanda o‘z munosabatini bildirdi.

Foto: Instagram / @g.m.official

— Tanqid o‘rinli bo‘lsa, e’tibor beraman. Davlat tadbirlarida ishtirok etish baxt. To‘y xizmatlariga ham boraman. Ammo ijodimning asosini konsertlar tashkil etadi. Bu baxt hamma xonandaga ham nasib etmaydi. Demak, men omadliman, — deydi xonanda.

Gulsanam unvon olish borasida hamkasblaridan ancha o‘zib ketgan. U 2006-yili O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, 2013-yilda O‘zbekiston xalq artisti unvonlarini qo‘lga kiritgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »