Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi  O‘zbekistondagi konstitutsion referendum jarayonlarini kuzatish uchun 10 nafar ekspertdan iborat missiya yubordi. Bu haqda 28-mart kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida missiya rahbari Albert Yonson aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Foto: “Dunyo” axborot agentligi

Tadbirda aytilishicha, cheklangan missiya O‘zbekiston hukumatining rasmiy taklifiga binoan yetib kelgan. Bu idoraning mamlakatdagi 10-monitoring missiyasi bo‘ladi. 

“Biz tashrif davomida turli davlat idoralari, hukumat mutasaddilari, siyosiy partiyalar, shuningdek, fuqarolik jamiyati a’zolari bilan uchrashishni niyat qilganmiz”, — dedi missiya rahbari Albert Yonson.

Uning aytishicha, missiyaning asosiy guruhi 10 nafar xalqaro ekspertdan iborat. Ular YXHTning turli ishtirokchi davlatlaridan tayinlangan a’zolar hisoblanadi. 

“Bizning jamoamizda saylovlar bo‘yicha mutaxassislar, siyosiy, huquqiy va media tahlilchilari bor. Eng muhimi, media monitoring bo‘yicha mas’ullar mavjud bo‘lib, ular keyinchalik mahalliy ekspertlardan iborat jamoa tuzib, media monitoringga boshchilik qiladi”, — dedi missiya rahbari.

Shuningdek, 3-apreldan boshlab yana 14 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilar yetib keladi. Ular tegishli ko‘rsatma olganidan so‘ng O‘zbekistondagi 14 ta hududiy birlik — Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston va 12 ta viloyatga yuboriladi

“Bizning byuro YXHTdagi 57 davlatda bo‘lib o‘tgan 400 dan ortiq saylov jarayonlarida ishtirok etgan. Biz, birinchi navbatda, saylov va referendumga tayyorgarlik jarayonlarini, shuningdek, saylovchilarni ro‘yxatga olish masalalarini, saylov kampaniyalarini, ularni moliyalashtirish masalalarini o‘rganamiz. Bundan tashqari, mamlakatdagi saylov va referendumga oid normativ-huquqiy asosni ham ko‘rib chiqamiz”, — deydi Albert Yonson.

Missiya rahbarining ta’kidlashicha, referendum tugaganidan bir kun o‘tib tashkilot ilk bayonotini taqdim etadi. Ammo yakuniy hisobot jarayon tugagach, taxminan, ikki oydan so‘ng e’lon qilinadi. Ushbu yakuniy hisobotda mamlakat uchun tavsiyalar ham beriladi. 

Jamoa jarayon tugaganidan so‘ng ham mamlakatda qolishda davom etadi, bu vaqt davomida referendum jarayoni va natijalari bo‘yicha bildiriladigan shikoyatlarni kuzatadi. 

“Bizning missiyamiz bu — kuzatish missiyasi. Har qanday aralashuvlardan holi ishlaymiz. Bizning vazifamiz faqat kuzatib, shu kuzatuv natijalari bo‘yicha hisobot berish xolos. Maqsadimiz O‘zbekiston YXHT doirasida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni qanchalik amalga oshirayotganini baholash hisoblanadi. Bundan tashqari, mamlakat xalqaro standartlarga qanchalik mosligi, qonunchilik talablariga qanday rioya qilganini o‘rganamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Albert Yonson.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »