Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

So‘nggi yillarda Zarina Nizomiddinova ijodda u qadar faol bo‘lmasa-da, ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p falloverlarga ega aktrisa hisoblanadi. 34 yoshni qarshilagan aktrisaning nafaqat ijodi balki kundalik hayoti ham muxlislarga qiziq.

Foto: Instagram / @zarinanizomutdinova

Zarina san’atkorlar oilasida tug‘ilganligi uchun bolaligidan san’at to‘garaklariga qatnagan. U 5 yoshidan xor mashg‘ulotlariga qatnab, sakkiz yoshida Uspenskiy nomidagi musiqa maktabining fortepiano bo‘limiga qabul qilinadi. Yaqinlari uning musiqiy uquvidan qoniqmay, raqs bilan shug‘ullanishini istaydi. Zarina Nizomiddinova 7-sinfdan o‘qishni Xoreografiya oliy maktabining milliy raqs bo‘limida davom ettiradi.

Foto: Instagram / @zarinanizomutdinova

— Bolaligimda ko‘p narsalarga qiziqqanman. Yoshim ulg‘ayib borgani sari FHDYO bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlashni xohlaganman. O‘ylab ko‘ring, ikki yosh baxt pillapoyalari sari ilk qadamni tashlash arafasida, siz esa ularning muhabbati va visol kuniga sheriksiz. Ularga eng muhim hujjatni tantanali ravishda taqdim etib, chiroyli tilaklarni aytasiz. Bu men uchun juda ham qiziqarli va zavqli ish bo‘lib ko‘ringan. Shuning uchun to‘ylarda o‘sha xodimlarga o‘xshab niyat bildirib, kelin-kuyov oldida gapirishni orzu qilganman. Keyinchalik, hatto styuardessa bo‘lishni ham istaganman. Ularning bejirim libosiga ishqim tushgan. Ammo samolyotda uchishdan qo‘rqqanim uchun bu fikrimdan qaytganman, — deydi aktrisa intervyularining birida.

Foto: Instagram / @zarinanizomutdinova

Aktrisaning pasportdagi ismi hayotdagisidan farq qiladi. Aslida uning ismi Zarrin.

Foto: Instagram / @zarinanizomutdinova

Zarina Nizomiddinova O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shahboz Nizomiddinovning kenja farzandi hisoblanadi. Aslida uning oilasi uchun san’atkor bo‘lish yangilik emas. Shu bois, Zarina ham hali tili chiqmay turib, klipda suratga tushgan. Eng qizig‘i, qo‘shiqni uning opasi va akasi ijro etishgan.

Foto: Instagram / @zarinanizomutdinova

Ma'lumotlarga ko‘ra, opasi Mohinur va akasi Shohrux tomonidan kuylangan “Karate-karate” qo‘shig‘i 1990-yillarda xit bo‘lgan.

Birinchi rolimni shu klipda ijro etgan ekanman. Dadam hayotliklarida klipda ham, kinoda ham birga suratga tushish nasib etmadi. Ammo, e’tibor berib qarasam, ijodimni aynan dadajonim bilan mana shu klipdan boshlagan ekanman. O‘shanda otajonimning qo‘llab-quvvatlaganliklari shu kungacha yordam berib kelyapti, — deb otasi haqida post qoldirgandi aktrisa.
Foto: Instagram / @zarinanizomutdinova

Afsonaviy “Yalla” ansambli asoschilaridan biri Shahboz Nizomiddinov 2015-yil 23-aprel kuni 69 yoshida vafot etgandi. Aktrisa intervyularining birida otasini yo‘qotgani hayotidagi eng og‘ir ayriliq bo‘lgani haqida so‘zlab bergandi. 

—  O‘shanda juda ham qiynalganman. Umrimdagi eng katta judolik bo‘lgan. Har bir farzand uchun otasidan ayrilish  juda og‘ir. Yaratganga shukr, onajonim hayotlar. Qolgan ayriqlarga esa u qadar kuyinganim yo‘q. Hammasi taqdirdan, deya bunga oddiy qaraganman. Ayol kishi ko‘p narsalarga ko‘nikib borar ekan. Har qanday ayriliqqa ham. Faqat otadan ayrilish og‘ir judolik ekan, — deydi aktrisa. 

Foto: Instagram / @zarinanizomutdinova

Odatda kinorejissyorlar rollarga chiroyli qizlarni xoreografiya raqs maktabidan izlaydi. Zarinaning kino olamiga kirib kelishiga ham shunday tashriflar sabab bo‘lgan. U ilk rolini Tamara Kamalovaning “Yo‘l bo‘lsin” filmida ijro etadi. 2006-yili esa Bahrom Yoqubovning “Romeo va Julyetta” filmida suratga tushadi. Mana shu film Zarinani aktrisa sifatida elga tanitgan.

Aktrisa Zarina Nizomiddinova juda erta oila qurganini ta’kidlaydi. Katta o‘g‘li Temurbekni ham 18 yoshida dunyoga keltirgan. Xorijdagi turmushi u qadar muvaffaqiyatli kechmagach, Toshkentga qaytib ijodini davom ettirgan.

— Birinchi turmush o‘rtog‘im meni “Romeo va Julyetta” filmidagi obrazimni ko‘rib yoqtirib qolgan. O‘g‘lim otasi haqida umuman so‘ramaydi. Chunki, uni deyarli ko‘rmagan. Otasi ham hech qachon qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘lining holidan xabar olmaydi. Sababini bilmayman. O‘g‘limning otasi bilan ajrashganimizdan beri gaplashmaymiz. U oilani saqlab qolishga harakat qilgan. Lekin birga yashab ketishimizga mening ko‘zim yetmagan. Bo‘lmaydigan narsani bo‘lmagani yaxshi, — deydi aktrisa intervyularining birida.

Foto: Instagram

2015-yilning 18-yanvar kuni esa ikkinchi bor oila qurdi. Navbatdagi turmush o‘rtog‘i o‘zidan ancha katta va tadbirkorlik bilan shug‘ullandi. Afsuski, aktrisaning bu nikohi ham uzoqqa cho‘zilmadi.

Oradan to‘rt yil o‘tib aktrisaning shaxsiy hayotida yana bir o‘zgarish sodir bo‘ldi. U Moskva shahrida istiqomat qiluvchi, o‘zidan 12 yosh katta inson bilan oila qurdi va 2020-yilda Saidumar ismli o‘g‘lini dunyoga keltirdi.


Foto: Instagram / @zarinanizomutdinova

— Men omma e’tiboridagi shaxsman. Men haqimda turli gap-so‘zlar, mish-mishlar bo‘lishi tabiiy. Bunga ko‘nikib qolganman. Ba’zan izohlarni o‘qib, kulgim keladi. Hozir kimgadir nimanidir isbotlaydigan vaqt emas. Meni yaxshi biladigan va adekvat insonlar shundoq ham menga ishonadi. Umuman olganda, men hamma narsani vaqt hukmiga tashlayman. Vaqt hammasini o‘z joyiga qo‘yadi, — deb ijtimoiy tarmoqdagi savollarga javob bergan aktrisa.

Yodingizda bo‘lsa, Zarina Nizomiddinova 2014-yili xonandalik faoliyatini boshlagandi. U “Afsonaviy” va “Meni kechir” nomli qo‘shiqlarni ijro etib, klip suratga olgandi. Bundan tashqari, yosh ijodkor bilan “Sen yuragimda” nomli duet taronani ham ijro etgandi.

 

Ammo aktrisaning xonandalik faoliyati uzoqqa cho‘zilgani yo‘q. Qo‘shiq aytish aktrisaning shunchali hobbisi bo‘lgani va uni rivojlantirishga katta kuch sarflamaganini aytib o‘tgan. Lekin uning qo‘shiqlariga ishlangan kliplar o‘z davrining eng byujeti katta ijod mahsullaridan biri bo‘lgan.

Foto: Instagram / @zarinanizomutdinova

Zarina Nizomiddinova bugungi kunda ikki o‘g‘li va turmush o‘rtog‘i bilan Moskvada yashaydi. Vaqti-vaqti bilan O‘zbekistonga kelib, shartnoma asosida film va serillarda suratga tushmoqda. U so‘nggi marta Toshkentga kelganida “Parixona” serialida ishtirok etdi. Ammo aytish mumkinki, u O‘zbekistondagi gonorari eng yuqori aktrisalardan biri. Ijodda u qadar faol bo‘lmasada, unga bo‘lgan talab nihoyatda yuqori.

Foto: Instagram / @zarinanizomutdinova

Aktrisa sport bilan muntazam shug‘ullanadi. Ot sporti ham uning eng sevimli mashg‘ulotlaridan biri. Garchi uning mashg‘ulotlardagi rasm va videolari ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lsa-da, aktrisa ularga e'tibor bermaydi. 

 

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »