Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabov 30-mart sanasida 74 yoshni qarshiladi. Ijodkor salkam 50 yillik faoliyati davomida ko‘plab filmlarda suratga tushdi. Bir nechta filmlarni esa rejissyor va prodyusser sifatida suratga ham olgan. Keksalik va salomatligidagi jiddiy o‘zgarishlar sabab, Murod Rajabov ijoddan chekingan bo‘lsa-da, u suratga tushgan filmlar hamon sevimli. 

Foto: “Daryo”

Murod Rajabov 1949-yilning 30-mart kuni tavallud topgan. Ammo internet tarmog‘ida negadir ijodkorning tavallud sanasi 30-may deb ko‘rsatilgan. Qizig‘i shundaki hujjatlarda uning tavallud kuni 30-avgust deb yozilgan. 

“Rassom bo‘laman, degandim”

Aktyor intervyularida oddiy o‘zbekona oilada tug‘ilgani, bolaligi urushdan keyingi qiyinchilik davrlariga to‘g‘ri kelgani haqida so‘zlab bergan. Uning san’atga qiziqishi ham juda qiziq kechgan.

Foto: Skrin

— San’atkor bo‘lishim hech kimning hayoliga kelmagan. Dadam rahmatlining Ibrohim Hamroyev degan yaqin do‘sti bor edi. Sababini bilmayman-u, ammo 3-4 yoshimdan boshlab “Shu bolani kompozitor qilish kerak”, deyaverardi. Bola bir gapni eshitaversa, shunga moyillik paydo bo‘larkan. Men ham bolalikdan san’atkor bo‘laman, deb ulg‘ayganman. U paytlari rassomlik va aktyorlik bo‘yicha bitta institutda o‘qitishardi. Rassomchilikka hujjat topshiraman desam, u yerga asosan Binkov kollejini tamomlagan talabalar topshirar ekan. Keyin bir tanishim aktyorlikka topshiring deb maslahat bergan. Bitta monologni yodlab, institutning kechki ta’limiga qabul qilinganman, — deydi Murod Rajabov. 

“Rol uchun bir oyda 12 kg ozganman”

Murod Rajabov 1971-yili  Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik institutining kunduzgi bo‘limiga o‘qishga qabul qilingan. O‘sha yillari talabalarni yozgi oylik gostrol safarlariga yuborishar, dala mehnatkashlari uchun ko‘chama konsert tomoshalari tashkil etilar edi. Murod Rajabov Xorazmdagi gastrol chog‘ida mashhur rejissor Uchqun Nazarov bilan tanishib qoladi. 

Foto: Skrin

— Uchqun Nazarovning oldiga borishga hayiqib turganimda rassom Sadir Ziyomuhammedov meni ko‘rsatib “Ana Murod ham aktyor, rol bersangiz qoyillatadi”, degan oldiga chaqirgan. 
Menimcha, o‘sha vaqtda ular yangi aktyor tanlash bo‘yicha gaplashib turishgan bo‘lgan. Oldilariga kelsam, Uchqun aka ko‘z qirini tashlab “Buncha semiz bu yigit,” degan. Bu gap menga juda qattiq ta’sir qilgan. Shu kundan boshlab, ichimga suvdan bo‘lak narsa tushmagan. Bir oyda 12 kilogramm vazn tashlab, “O‘zbekkino”ga kasting topshirish uchun kelganman. Uchqun aka ko‘rib tanimay qolgan, — deydi Murod Rajabov.

“Mashhur bo‘lib uyg‘onish...”

Murod Rajabov ilk rolini 1973-yili suratga olingan “Olovli sohil” filmida ijro etgan. Garchi bu rol aktyorga omad olib kelmagan bo‘lsa-da, katta tajriba bo‘lgan. Ijodkorning aytishicha, bu rolga uni Komil Yormatov tasdiqlagan ekan. 

Foto: Skrin

— O‘sha yillari telekanallar kam, filmlarning hech biri shunchaki namoyish etilmaydigan paytlar edi. San’atkorlar ham birgina filmdan keyin kutilmagan mashhurlikka erishardi. Bu xuddi uyquga ketib, mashhur bo‘lib ulg‘onishdek gap edi. U paytlari jamoat transportidan foydalanadigan, gonorarga kun ko‘radigan aktyor edim. Avtobusga chiqsam odamlar o‘rab olishardi. Mashhurlik nimaligini bilmaganim uchun o‘zimni olib qochishga urinardim, — deydi aktyor Murod Rajabov.

“Amir Temur”dan “Temir xotin”gacha...

Foto: Skrin

Tomoshabinlar Murod Rajabovni komik aktyor deb bilishsa-da, u tarixiy filmlardagi rollari bilan kino olamiga kirib kelgan. 1977-yili suratga olingan “Ajoyib hayolparast” filmi uni komik aktyor sifatida kashf etdi. Vahhob roli bilan yosh-u qarining sevimli aktyoriga aylandi. 
Aktyor faoliyati davomida nafaqat davlat filmlari, balki ko‘plab xususiy kartinalarda ham suratga tushdi. “Temir xotin”, “Buyuk Amir Temur”, “Kichkina tabib” kabi turli janrlardagi filmlarda suratga tushdi.

Bir kunlik gonorar — 500 AQSH dollari

Xususiy filmlar rivojlangan vaqtda OAV xabarida Murod Rajabovning kunlik gonorari 500 AQSH dollaridan kam emasligi va filmda ishtirok etishi uchun rejissorlar navbatda turishi haqida ma’lumot berilgandi. Ijodkor bu fikrga o‘z munosabatini bildirdi.

Foto: Skrin

— Haqiqatan ham shunday vaziyatlar bo‘lgan. Umuman ijodimda o‘zim istamay ijro etgan rollarim ham, filmida suratga tushishni istamay rejissordan qochib yurgan paytlarim ko‘p bo‘lgan. Nomi chiqqan, yoshi mendan katta rejissor filmiga taklif qiladi. Ammo ssenariy bilan tanishib, unda suratga tushgim kelmagan. Faqatgina rejissorga rad javobini berolmaganim uchun rolni ijro etishga majbur bo‘lganman, — deydi Murod Rajabov.

“Ssenariy bilan cheklanmaganman”

Bir necha yildan buyon qandli diabet bilan og‘riyotgan Murod Rajabov 2015-yildan filmlarda suratga tushayotgani yo‘q. Aktyor faoliyati davomida nimalarga e’tibor bergani haqida “Daryo” muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda ma’lum qilgan.

— Ba’zan o‘zim suratga tushgan filmlarni tomosha qilsam, mazza qilaman. Boisi, men hech qachon ssenariydagi narsani ijro etish bilan kifoyalanmaganman. Har bir rolda albatta o‘zimdan nimanidir qo‘shardim. Masalan, “Kichkina tabib” filmi necha yil oldin suratga olingan. Ammo tomoshabinlar uni haligacha mazza qilib tomosha qilishadi. Mana shu filmning yutug‘i — oddiy va xalqona ekanligida deb bilaman. Gap so‘zlari, xatti-harakatlar va hatto, qahramonlarning fe’l-atvori ham oddiy. Yasamalik bo‘lmagan film albatta, tomoshabinlarga ham manzur bo‘ladi, — deydi Murod Rajabov.

Aktyorning teatrdan quvilishi...

Murod Rajabov faoliyatini boshlagan yillari “Yosh gvardiya” teatriga ishga kirgan. Kinosyomkalar ko‘pligi bois uning teatrdagi faoliyati uzoqqa cho‘zilmagandi. Oradan ancha yillar o‘tib uni Muqimiy nomidagi musiqali komediya teatriga ishga taklif qilishdi. U “Xazina” nomli spektaklni sahnalashtirdi. Hatto, mashhur kinoaktyorlarni ham teatrga jalb qilib, tomoshabinlarni teatrga yana-da yaqinlashtirdi. Afsuski, ikki yildan so‘ng jamoadagi ba’zi aktyorlar yuqori tashkilotlarga murojaat qilib, Murod Rajabovni ishdan chetlatilishini so‘rashdi. 

Foto: Instagram / @murodradjabov_official

— Juda ko‘p narsadan dilim og‘rigan. Qo‘pol qilib aytganda bugun san’at hech kimga kerak emas. Rahbarlarga-ku umuman kerak emas. Bizda san’atni qadrlaydigan odamlar juda kam ekan. Shunday zamonlarga qolib ketibmiz. Oldin bunday emasdi. San’at ijodkorlarning asosiy mashg‘uloti edi. Bor e’tiborini unga qaratardi. Hozir unday emas. Muammoning sababi juda ko‘p. Bunga san’atkorlar ham, xalq ham, hatto jurnalistlar ham sababchi. “Asl xazina” spektakli yomon bo‘lmagan, o‘z tomoshabinini topgandi, ammo u ham kimgadir yoqmadi, — deydi aktyor.

“Nabiram o‘rtamiyona aktyor bo‘lishini istamadim”

Aktyor shaxsiy hayoti, farzandlari haqida gapirishni unchalik xushlamaydi. Faqatgina o‘g‘il qizlarining hech biri san’at sohasini tanlamaganini ma’lum qilgan holos.

Foto: Instagram / @murodradjabov_official

— Farzandlarimning birortasi san’atkor bo‘lishni istashmadi. Nabiram bu sohaga juda qiziqardi. Ammo aktyor bo‘laman, deb ishonch bilan aytmadi. Hozir boshqa sohada ishlaydi. O‘zida kuchli ishtiyoq bo‘lmagandan keyin uni san’atkor qilgandan foyda yo‘q. Odam bir umr ishlab pul topadigan sohasiga mehr qo‘yishi kerak. Bo‘lmasa o‘rtamiyona bo‘lib qolaveradi, — deydi Murod Rajabov.

“Zarpet”dagi aktyor

Murod Rajabov nafaqat aktyor, balki rejissor va prodyusser sifatida ham faoliyat yuritgan. Afsuski, uning filmlari hozirgi kunda ekranlarda namoyish etilmaydi.

Foto: Instagram / @murodradjabov_official

— Buning sababini kimdan so‘rayman? Biladigan odamlardan so‘rasam, yelka qisishadi. Indamaydi yoki bilsa-da, sizga aytmaydi. Nafaqat “Anora”, men suratga tushgan boshqa filmlar ham ekranlarda berilmaydi. Buning sababi menga ham qorong‘i. “Zapret” juda noto‘g‘ri narsa. San’atkorni ijoddan ajratib bo‘lmaydi — ijodkorga erkinlik kerak, — deydi Murod Rajabov.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »