Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

AQSH tarixida birinchi marta sobiq prezident jinoiy javobgarlikka tortildi. Gap mamlakatni 2017—2021-yillarda boshqargan 77 yoshli Donald Tramp haqida ketmoqda. Xalqaro nashrlar Trampga qarshi ishda 30 dan ortiq firibgarlik ayblovlari borligini yozmoqda. “Amerika ovozi” teleradiosi muxbiri Navbahor Imomova “Daryo” bilan muloqotda jarayon tafsilotlarini tahlil qildi.

Trampning hibsga olinishi dunyoda juda ko‘p shov-shuvlar keltirib chiqardi. Faktlar bilan bo‘lishsangiz, jarayon qaysi tomonga qarab ketmoqda?

Amerikada “siyosat — katta sahnadagi drama”, deyishadi va bugun aynan shunga guvoh bo‘ldik. Butun mamlakat ommaviy axborot vositalari jarayonning har bir sekundini yoritdi, kuzatdi. Donald Tramp kecha shaxsiy samolyotida Nyu-Yorkka sudga borgandi va bugun sud jarayoni yakunlanishi bilanoq Floridaga uchib ketdi.

4-aprel kuni oqshom u yerda o‘z tarafdorlari bilan katta tadbir o‘tkazdi. “Bunday tadbirlar davom etadi va Tramp saylov kampaniyasi endi avjiga chiqadi”, deya bong urilmoqda.

Donald Tramp
Foto: vk.com

Nyu-Yorkda nima bo‘ldi? Tramp ko‘ngilli ravishda o‘zi sud huzuriga bordi va unga rasmiy ravishda ayblar qo‘yildi. Ayblov unga o‘qib eshittirildi. Donald Trampni 34 ta modda bo‘yicha jinoyatda ayblashmoqda. Bu bir jinoyatning 34 qismi yoki 34 aksi sifatida tushuntirilmoqda. Xususan, unga biznes soxtakorlik, moliyaviy qalloblik deb taʼriflanayotgan ayblovlar qo‘yildi.

2016-yilda saylov kampaniyasi paytida Tramp u bilan ishqiy aloqalarda bo‘lgan ikki ayolga katta miqdorda pul berib, keyin mana shu berilgan mablag‘ni saylov kampaniyasi hujjatlariga yuridik xizmat sifatida qayd etgan. Manhetten prokuraturasi iddaosi shuki, bu yerda jinoyatni yopish uchun shunday ishlar qilingan va bu jiddiy biznes jinoyatdir. Nyu-York bunga toqat qilmaydi. Yaʼni mana shu soxtakorlik Nyu-Yorkda jiddiy jinoyat hisoblanadi.

Navbahor Imomova 
Foto: “Daryo”

Endi jiddiyligi qanchalik deb so‘raydigan bo‘lsangiz, mana shu 34 ta alohida ayblovning har biri maksimum 4 yillik qamoq jazosi bilan jazolanishi mumkin. Lekin buning ehtimoli juda past, demoqda yuristlar. Nafaqat Trampning advokatlari, balki umuman tahlilchilar ham shunday fikrda.

Trampning advokatlariga quloq soladigan bo‘lsak, ular aytishadiki, sobiq prezidentga qo‘yilayotgan ayblovlar mutlaqo asossiz. Ular hammasi uydirma va suddan bu ayblovlarni olib tashlashni so‘rashadi.

Keyingi tinglov 4-dekabrda bo‘ladi. Orada ancha vaqt bor. Lekin Tramp advokatlari uchun ham, prokuratura uchun ham tekshirilishi, oydinlashtirilishi kerak bo‘lgan detallar anchagina.

Hozirda Tramp qisqa vaqtli hibsdan, sud huzuridagi jarayondan keyin normal hayotga qaytdi va u saylov kampaniyasini davom ettiradi. Bunga to‘sqinlik qiladigan biror-bir sabab yo‘q. U nafaqat davom ettirishi, balki yutib chiqishi ham mumkin. U hozircha hech qanday qonuniy, yuridik to‘siqlar bilan yuzlashayotgani yo‘q.

Foto: skrinshot / “Amerika ovozi”

Amerika jamoatchiligi va rasmiylar bu haqda qanday fikrlar bildiryapti? Tramp tarafdorlari voqeani qanday kutib oldi?

Tramp tarafdorlari hamisha hayajonda. Amerika siyosatini yaqindan yoritib yurgan jurnalist sifatida buni doimiy ravishda kuzatamiz. Tramp tarafdorlari bilan butun mamlakat bo‘ylab doimiy aloqada. Tramp hibsga olinishi mumkinligini taxmin qilar ekan, u doimiy ravishda tarafdorlariga murojaat qilib, “meni olqishlang, qo‘llab-quvvatlang, norozilik namoyishlariga chiqing, fikringizni bildiring”, deb turdi. Va bugun Nyu-Yorkda bunga guvoh bo‘ldik.

Nafaqat Tramp tarafdorlari, balki Trampga qarshilar ham namoyishga chiqdi. Orada ozgina ziddiyatli momentlar bo‘lganini bilamiz. Lekin hozirda ancha tarqalgan bu namoyishlar va Tramp tarafdorlarining kattagina qismi Floridaga ko‘chgan. U yerda biz doimiy mana shunday chiqishlar guvohiga aylansak ajab emas. Men o‘zim bugun Tramp ishi davom etayotgan paytda Oq uy oldida edim. Biz Nyu-Yorkda, Oq uy oldida ham Tramp tarafdorlari to‘planishi mumkin deb kutgan edik.

Chunki Tramp “men emas, prezident Bayden sudlanishi kerak”, deb kelmoqda. Uning tarafdorlari Oq uy oldiga borib, mana shunday talablarini qo‘ymoqchi ekanini bildirishgan edi. Qizig‘i, ular bugun ko‘rinmadi. Vashingtonga kelishganida, albatta, Oq uy yoniga kelgan bo‘lardi.

Foto: skrinshot / “Amerika ovozi”

Bunga Kongressdagi munosabat qanday?

Respublikachilarning aksariyati, hatto Trampni kundalik ravishda qo‘llab-quvvatlamaydiganlar ham uning yonini olmoqda. Sobiq prezident va prezidentlikka daʼvogar mana shunday holatga tushayotgani ularni xavotirga solmoqda.

Demokratlarning aksariyati esa Amerika qonun ustuvor davlat va har kim agar biror jinoyatda ayblanadigan bo‘lsa, sud oldida o‘z vaqtida javob berishi kerak deyapti. Bu yerda bir qiziq element bor. Odatda jiddiy jinoyatlar amalga oshirilganidan muayyan vaqt o‘tganidan keyin, sud ularni ko‘rib chiqmaydi. Yoki ko‘rib chiqish uchun istisno sifatida boshqa ko‘plab dalillar keltirilishi kerak. Trampning advokatlariga ko‘ra, bu ishlar 2016-yilda yoki undan oldin bo‘lgan, shu bois ham ular bir tomondan Trampni aybsiz deyishyapti. Ikkinchi tomondan, agar shunday qing‘ir ishlar bo‘lgan bo‘lsa ham, ularni sudda ko‘rish muddati bitgan deyishyapti.

Bu borada Amerikada yuristlar ikkiga bo‘lingan. “Biznes hujjatlardagi soxtakorlik shunday bir jiddiy jinoyatki, uni har qanday paytda ko‘rib chiqish kerak. Ayniqsa, sobiq prezidentdek insonlar, xalq ishongan arboblar javob berishi lozim, deyishmoqda. O‘rtada qizg‘in bir bahs ketyapti. Umuman olganda, Amerika ommasi jarayonni hayajon bilan kuzatyapti.

Aytganimdek, bu bir katta tomosha. Biz bilamiz, doimiy ravishda eshityapmizki, Tramp saylov kampaniyasidagilar, uning idorasi bu mashmashani o‘z foydasi uchun qo‘llashga harakat qilmoqda. Yaʼni sobiq prezident omma eʼtiboridan o‘zi uchun foydalanmoqchi va shunga harakat qilyapti.

Foto: skrinshot / “Amerika ovozi”

Amerika o‘zini demokratik davlat sifatida nomoyon qilib keladi. Bu voqeaning sodir bo‘lishi AQSH va Tramp imijiga qanday taʼsir qilishi mumkin?

Bu borada aynan bugun mana shu ishlar bo‘layotgan paytda “voy bu bizning imijimizga taʼsir qiladi”, deb bong uradiganlarni kuzatmadik. Amerika o‘z muammolarini ochiq muhokama qilishga o‘rgangan va bundan aslo uyalmaydi. O‘z adliya tizimi, huquq-tartibot tizimi bilan faxrlanadi. Unga amerikaliklar ishonadi. Yaʼni amerikaliklar orasida bu tizimlarning reytingi ancha baland.

Qo‘shma shtatlarda agar jiddiy harakatlarda ayblanayotgan bo‘lsa, hatto sobiq prezident ham sud oldiga kelib javob berishga majbur, degan qarash keng tarqalgan. Trampning ashaddiy tarafdorlarini tinglaydigan bo‘lsangiz ular, siz aytayotgan fikrlarni ham bildirishadi. Yaʼni “liberallar bizni sharmanda qilmoqchi, hozir prezident eʼtiborini bugungi muammolardan chalg‘itib, Trampni hamma narsada olabo‘ji qilib ko‘rsatib, shu bahonada saylov kampaniyasidan, Oq uy uchun poygadan chiqartirib yubormoqchi” degan fikrlar ham keng tarqalmoqda.

Yana “Tramp o‘zi nimani yopmoqchi bo‘lishi mumkin, prokuratura qo‘lida yana boshqa dalillar bo‘lsa, ularni ham ochiq aytishi kerak. Tizim yana ham shaffofroq bo‘lishi kerak degan”, talabalar ham yangramoqda.

Amerikaliklar prezidentlikka intilayotgan odamning vijdonli, irodali, rostgo‘y bo‘lishini xohlashadi.

AQSHda Trampni Amerikani sharmanda qilayotganlikda ayblovchi fuqarolar ham ko‘p. “Tramp paytidayoq biz balchiqqa botdik”, deydiganlar bor. O‘sha paytda ko‘p qing‘ir ishlarga ko‘z yumildi deb, uyaladigan amerikaliklar ham yo‘q emas. Lekin o‘rtadagi real Amerikaga qaraydigan bo‘lsak, Tramp ishi Amerika nufuziga taʼsir qiladi, uning imijini buzadi deydiganlarni biz deyarli eshitmayapmiz.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »