Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

San’atkorlar oilasida dunyoga kelgan Farangiz Rejametovaning san’atkor bo‘lishiga hech kim shubha qilmasdi. Chunki u ustoz san’atkorlar To‘g‘on Rejametov va Shirin Azizovalarning nabirasi edi. Farangiz Rejametova filmlarda kam suratga tushgan bo‘lsa-da, sanoqli rollari bilan tomoshabinlar mehrini qozondi. U qisqa umri davomida hayotda o‘z o‘rnini topishga va odamlarning muhabbatini qozonishga muyassar bo‘ldi. Agar u hayot bo‘lganida, 7-aprel kuni 30 bahorni qarshilagan bo‘lardi. 

Foto: Instagram / @rejametovafatima

Farangiz Rejametovaning kino olamiga kirib kelishi juda qiziq kechgan. Onasi Fotima Rejametova gostrol safarda ekanligida Shirin Azizova qo‘ng‘iroq qilib, qizini kastingga chaqirishayotgani haqida xabar beradi. Rejissor Zulfiqor Musoqov Yaponiya bilan hamkorlikda “Oyijon” nomli filmni suratga olishi va bosh rolni kichik qizaloq ijro etishi kerak edi.

Foto: Instagram / @rejametovafatima

— Bibisi qo‘ng‘iroq qilib, “Farangizni kastingga olib boraman”, deganida hayron bo‘lganman. Ammo “Oyijon” filmi haqida eshitgan edim. Chunki hamma filmlarning kastingi ham televideniyeda e’lon qilinmas edi. Hatto ijodkorlar avvaliga butun respublika bo‘ylab rolga nomzod izlashgan ekan. Ammo qizimning rolga tasdiqlanishi va rolni bunchalik ishonarli ijro etishini kutmagandim, — deydi Fotima Rejametova.

Farangiz Rejametova “Oyijon” filmidagi rolga tasdiqlangan paytda endigina besh yarim yoshda edi. Onasi ssenariyni o‘qib biroz ikkilangan, katta rol mas’uliyati uni biroz o‘ylantirib qo‘ygan.

Foto: Skrin

— Qizimning hayotdagi fe’l-atvori qanday bo‘lsa, kinodagi roli ham shunday edi. Odatda bolalar rejissorni qiynaydi, ular bilan ishlash qiyin deyishadi. Ammo Farangiz hech kimni qiynamasdi. Yig‘lash kerak bo‘lgan sahnalarni ham tabiiy ijro etardi. Qizimning bolaligi to‘kis baxtda o‘tgan. U paytda otasi rahmatli ham tirik edi. Bola bo‘lib yig‘lagani, injiqlik qilganini eslolmayman.

Suratga olish paytida tun sahnalari ham ko‘p edi. Yarim tun bo‘lganida ijodiy guruh ishni to‘xtatishni, charchashganini aytishardi. Farangiz esa biror marta charchadim demagan. O‘shanda Zulfiqor Musoqov “Olti yoshlik qiz biz bilan barobar ishlayapti. O‘z hisobimdan qo‘shimcha pul to‘layman, ishni bitiraylik” degandi, — deydi Fotima Rejametova.

“Oyijon” filmining bir nechta epizodlari Yaponiyada suratga olinishi kerak edi. Ammo o‘sha paytda moliyaviy muammolar sabab bor-yo‘g‘i 10 kishining Yaponiyaga borishiga ruxsat berishgan. Eng qizig‘i, ijodiy guruhga maxsus ruxsatnoma berilmagani uchun ular sayyoh vizasi bilan safar qilishgan.

Foto: Instagram / @rejametovafatima

— Zulfiqor aka “Menga Yaponiyadagi ko‘p tasvirlar kerak. Sizlardan iltimos, agar kameralaringiz bo‘lsa, atrof-muhitni ko‘proq tasvirga olinglar”, degan. Filmda biz olgan kadrlardan ham foydalanilgan. Film yakunida Kento Aosima va Satoko Akioning muzqaymoq bilan bog‘liq sahnasi bor. Ko‘chada suratga olishga ruxsatnomamiz bo‘lmagani uchun uni bir dublda olishimiz kerak edi. Uning ustiga bir marta muzqaymoq teggach, uni tozalashga ancha vaqt ketardi. Kento Aosima bir urinishda muzqaymoqni ustiga surib, boshiga uni “qo‘ndirib” qo‘ygan, — deydi Fotima Rejametova.

“Oyijon” filmining premyerasi nafaqat O‘zbekistonda, balki Yaponiyada ham bo‘lib o‘tgan. 

Foto: Instagram / @rejametovafatima

— Premyera kuni onam rahmatli rosa yig‘lagan. Sababini so‘rasam “Odamlar onasi san’atkor bo‘lgani uchun rolga chaqirishdi, deyishmaydi”, degandi. Uning quvonch ko‘z yoshlarini ko‘rib, o‘zim ham yig‘laganman. Tog‘asi olib bergan chiroyli ko‘ylakchani kiyib olgan Farangiz ham sahnada turib tinmay yig‘laydi. Eng qizig‘i, ko‘zini mendan uzmasdi. Oldiga borib sababini so‘rasam “Yaponiyaga borishni xohlayman”, degandi. Chunki kastingdan o‘tganini aytishganida, rolni yaxshi o‘ynasin deb Yaponiya haqida ko‘p gapirardim, — deydi Fotima Rejametova.

Farangiz Rejametova faoliyati davomida bor-yo‘g‘i beshta filmda suratga tushdi. “Oyijon”, “Muruvvat”, “Sehrli qalpoqcha”, “Uy bekasi” va “Sehrli qalpoqcha-2” kabi filmlarda katta-kichik rollarni ijro etgan. Uni ko‘pchilik aktrisa bo‘ladi, deb o‘ylagandi. Ammo kutilmaganda uning qarori o‘zgardi, til o‘rganib, xalqaro jurnalist bo‘lishni niyat qildi. 

Foto: Instagram / @rejametovaf

Aktrisa Farangiz Rejametovani 2018-yili 20-iyul kuni Abdulla Qodiriy va Mahatma Gandi chorrahasidagi piyodalar o‘tish joyida Mercedes-Benz mashinasi urib ketgan. Haydovchi jabrlanuvchini kasalxonaga olib borgan, ammo yo‘lda Farangiz olamdan o‘tgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, haydovchi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan qizga yo‘l bermasdan, uni urib yuborgan.



Aktrisa Fotima Rejametova qizining yorqin xotirasiga atab qo‘shiq ijro etgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »