Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

"Menimcha" ko‘rsatuvining navbatdagi sonida uzoq yillik paxta siyosati o‘zbek millatini ne ko‘ylarga solgani haqida so‘z bordi. 

"Biz uzoq yillar davomida "paxta kishani"dan voz kecholmadik, «paxta quli» degan tavqi-lan’atni peshonamizdan yuvib tashlashga qo‘limiz bormadi. Paxta dalasiga bodroqday to‘kilgan yosh-yosh bolalar, maktabda o‘qish o‘rniga qo‘lini qonatib, chanoq changallagan o‘quvchilar, dala quyoshida kuyib ketgan kasalmand go‘daklar hali hech qaysimizning esimizdan chiqqani yo‘q, chiqmaydi ham. Bu sizu bizning yaqin o‘tmishdagi kechmishimiz edi", — deya qayd etdi ko‘rsatuv muallifi Xayrulla Nuriddinov.

“O‘zbekiston yoshlarini ana shu ahvolga solishni nima deb atash mumkin? Millatning kelajagiga xiyonat siyosati. Paxtadan boshqasini bilmasdan ulg‘aygan avlod albatta qullik psixologiyasiga tobe bo‘ladi. O‘zini qul deb bilgan avlodni esa istalgan ko‘yga solish mumkin.

Agar o‘sha siyosat to‘xtatilmaganida, O‘zbekiston yetakchisi O‘zbekistonni paxta balosidan xalos etmaganida yurtimiz yoshlari paxta qullarining yangi avlodi bo‘lib voyaga yetishi aniq edi”, - deya qo‘shimcha qildi ko‘rsatuv muallifi.

“Pollarda yotardik, atrofimizda sichqon-kalamushlar yugurib yurardi”

Shuningdek, ko‘rsatuv davomida bir qator pedagog va o‘qituvchilar “paxta balosi” bilan bog‘liq talabalik xotiralarini esga olishdi.
“Esimda bor, noyabrning oxirigacha paxtada yurar edik. Paxtadan qolish azob, norma belgilab qo‘yilgandi.  Sharoit yo‘q, pollarda yotardik, sichqon-kalamushlar yugurib yurardi. Talabalik davrlarimiz mana shu ahvolda o‘tgan.

Bizning o‘sha paytda yo‘qotgan bilimlarimiz mamlakatning kelajagini yo‘qotish hisoblangan. Chunki biz bilim olish o‘rniga dalada umrimiz o‘tdi. Professor o‘qituvchilar, dosentlar ham o‘sha paytda talabalar bilan tengma-teng dalada paxta terdi”, - deydi Toshkent Moliya instituti kafedra mudiri, professor Shamsuddin Allayorov.

“Kursdoshlarim bilan 1,5-2 oyni paxta dalasida o‘tkazardik. Bu ta’lim sifatiga albatta salbiy ta’sir qilgan. Chunki paxtadan qaytganimizdan keyin o‘quv programmasi tezlashtirilgan formada o‘tilardi” — Toshkent davlat Iqtisodiyot universiteti dosenti Gulasal Madrahimova.

"Menimcha" ko‘rsatuvidan skrinshot

“Paxta davomida bitta mutaxassislik fanidan boshqa mutaxassis dars o‘tdi. Bu albatta, ta’lim sifatiga ta’sir qildi”

 “2011 yildan shunday jarayon boshlandiki, Toshkent shahridagi talabalar paxtaga chiqmaydi, lekin pedagog xodimlar paxta teradigan bo‘ldi. Zamonni zaylini qarangki, endi talabalar institutda qolyapti-da, pedagoglar jamoasi — institutning 40-50% erkak o‘qituvchilari paxta dalasida yuribdi. Talabalar o‘qituvchisiz qolib ketdi. Bitta mutaxassislik fanidan boshqa mutaxassis dars o‘tdi. Bu albatta, ta’lim sifatiga ta’sir qildi” — Toshkent Moliya instituti dosenti Uchqun O‘roqov.

“Talabalar kasal bo‘la ham paxta terishga majbur edi...”

 “Bolasidan dalasini afzal ko‘rish oqibati bugunga kelib ko‘proq bilinmoqda. Hozir qaysi tashkilotga bormagan, malakali kadrlar yetishmovchiligi kuzatiladi. Bu Oliy ta’limda o‘sha paxta dalalarida yo‘qotilgan yillarning achchiq hosilasidir”, - deya fikr bildirdi jurnalist Navbahor Karimova ko‘rsatuv davomida.

“Talabalar sharoitlar og‘irligidan paxta dalasida shamollab, istimalab qolardi. Lekin shunga qaramasdan, dalaga chiqib, paxta terishga majbur edi. O‘zi dalada paxta qolmagan, lekin planni to‘ldirish kerak deb, talabalar paxta olib chiqilaverardi” — Toshkent Kimyo texnologiya instituti professori Ma’mura Abdumavlonova.

“Paxta terimida qurtlagan makaronlarni yegan paytlarimiz bo‘lgan”

“Sentyabr oyi kelishi bilan yuragimiz zirillardi. Paxta boshlanishi bilan maktab yopilardi. Yoki bitta-ikkita o‘qituvchi qolardida, hamma paxtaga haydalardi. Paxtaga ketgan o‘qituvchilarning o‘rniga dars o‘tishga to‘g‘ri kelardi. U dars emasdi, faqatgina bolalarga qarab turish edi. Bunday vaziyatda bolalar qanday bilim oladi?” — Jizzaxlik o‘qituvchi Shirin Sarimsoqova.

“6-sinfimdan paxtaga chiqqanman. 9-10 sinf bo‘ganimizda, yotib qolib paxta terishga chiqardik. Shiyponda qamish yoyilgan joy ustiga qora klyonka yoyib, shu yerda uxlar edik. Keyin sovuqda shamollab, kasalliklar orttirib olardik ” — Jizzaxlik o‘qituvchi Uchqun Shodmonqulov.

“Paxta terimida yotganimizda suv bo‘lmasdi. Ariqlardan suv olib ichardik. Gigiyenik talablarga javob bermasdi u joylar. Paxtaning oxirgi kunlarida oziq-ovqat masalasi juda qiyin bo‘lib qolardi. Qurtlagan makaronlarni yegan paytlarimiz bo‘lgan. Shunaqa davrlarni ko‘rganmiz. Farzandlarimizga bunaqa holatlarni hech kim ravo ko‘rmaydi” — Sirdaryolik o‘qituvchi Xursanoy Sotvoldiyeva.

"Menimcha" ko‘rsatuvidan skrinshot

“O‘quvchilar imtihonga kelganda, oldin ikki qator qatqaloq qilib kelasan, keyin bilet tortasan, deb aytardik...”

“Paxta tufayli ta’limda bo‘shliq paydo bo‘ldi. Mavzularni tezlashtirib o‘tish bolalarning imlo savodxonligini pasaytirdi, erkin fikrlashiga to‘sqinlik qildi. Ichimdagi darni aytishga ham haqqim yo‘q edi. Men chiqarayotgan savodxonligida oqsash bo‘lgan, ilimida bo‘shliq bo‘lgan kadrlar ertaga jamiyatda qanday o‘z o‘rnini egallaydi, deb o‘ylardim....O‘sha davrda mana shunday sifatsiz dars berishga majbur bo‘lganimizdan o‘zimni ham qaysidir ma’noda aybdor his qilaman”, - dedi sirdaryolik o‘qituvchi Feruza Pardayeva “Menimcha” ko‘rsatuvida.

“Qatqaloq qilganmiz, yagana qilganmiz, chekankasiga ham chiqib, paxtaning oxirgi chanog‘ini terib bo‘lib, uch oydan keyin maktabga qaytganmiz. O‘quvchilar imtihonga kelganda, oldin ikki qator qatqaloq qilib kelasan, keyin bilet tortasan, deb aytardik. Shunday davrlar o‘tdi” — deya qo‘shimcha qildi yana bir sirdaryolik o‘qituvchi Saodat Dushayeva.

“Majburiy mehnat davrida o‘qituvchi ham, o‘quvchi ham, davlat ham yutqazgan. O‘quvchi bilimiz bo‘lib yetishgan, davlat esa bilimsiz kadrga ega bo‘lgan. Bu esa davlatning rivojlanishiga katta to‘siq bo‘lgan” — jizzaxlik o‘qituvchi Shirin Sarimsoqova.

“Dekabrda paxtadan qaytib, bir haftadan keyin yangi yilni kutib olardik”

“Paxta mavsumida yuragimizni hovuchlab yurardik. Bollarni traktor urib ketgan, bollar kanalga tushib ketgan... Boshimiz mojarodan chiqmagan. Bolalarni eson omon paxta dalasidan uyga olib kelish katta muammo edi” - dedi jizzaxlik o‘qituvchi Bo‘tabek Tursunmurodov.

“Shunday azoblarga xalqimiz chidadi. Qo‘pol bo‘lsa ham aytaman, kirlab ketardi, bitlab ketardi. Dekabrda paxtadan qaytib, bir haftadan keyin yangi yilni kutib olardik” — sirdaryolik o‘qituvchi To‘ra Musulmonov.

"Menimcha" ko‘rsatuvidan skrinshot

“Xalqimiz prezidentning bu ulug‘ ishini hech qachon esdan chiqarmaydi...”

2016 yilga kelib paxta dalasida suyagi qotganlar uxlab tushiga kirmagan, uzoq kutilgan qaror qabul qilindi. Paxta yetishtirishda davlat buyurtmasi, mamlakatimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatga chek qo‘yildi. Bunday siyosiy iroda ko‘p yillik azoblarga barham berdi.

“Xalqimiz prezidentning bu ulug‘ ishini hech qachon esdan chiqarmaydi. Sababi O‘zbekistondagi talabalarni, o‘quvchilarni dala ishlariga jalb etmaslik masalasini birinchilar qatoriga qo‘yib, amalga oshirdi. Bundan xalqimiz nihoyat darajada xursand”, - dedi sirdaryolik o‘qituvchi To‘ra Musulmonov.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »