Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Barselona” va “Negreyra ishi” hamon matbuotdagi asosiy mavzulardan biri bo‘lib turibdi. 17-aprel kuni katalonlar prezidenti Xoan Laporta ushbu masala yuzasidan klub pozitsiyasini bildirish uchun matbuot anjumani tashkil qildi.

Unda “Barselona” rahbari nafaqat Xavyer Tebas (La Liga prezidenti), balki “Real” rahbariyatiga ham “tosh otdi”.

Foto: Getty Images

Nimalar bo‘layotgani haqida qisqacha: 1,5 oy oldin “Barselona” bir necha yil davomida Ispaniya futbol federatsiyasi (RFEF) Hakamlar qo‘mitasi (CTA) vitse-prezidenti Enrikes Negreyraga pul to‘lab kelgani aniqlandi. Katalon klubining o‘zi Negreyraga hakamlar bo‘yicha hisobotlar uchun pul to‘laganini tasdiqladi.

Qayd etilishicha, Negreyra 2001-yildan beri katalon klubidan kamida 7,3 million yevro pul olgan, ammo sud faqat oxirgi o‘n yillikdagi o‘tkazmalar bo‘yicha ish olib boradi. Shuningdek, Negreyra asosan 2014-yildan 2018-yilgacha olgan 3 million yevroga alohida e’tibor beriladi.

“Barselona” ichki tekshiruv olib bormoqda

Klub prezidenti ayni vaqtda bu masala yuzasidan ichki tekshiruv ketayotgani va u jamoaga aloqador bo‘lmagan tashqi firmaga taqdim etilganini aytdi.

Foto: Getty Images

OAVdagi mish-mishlar haqida

Ikki oy davomida dahshatli tuhmatlar ostida qoldik. Bu gaplar reallik bilan umuman hamohang emas. “Barselona” halol o‘yin namunasi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi.

Ichki tekshiruv haqida

Biz 629 ta hujjat va 43 ta videoyozuv yig‘dik. Klubga aloqador bo‘lmagan firma shaffof harakat qilgan holda ish yuzasidan dastlabki ma’lumotlar olishimizga ko‘maklashdi.

Tekshiruvlar shuni ko‘rsatyaptiki, hech qanday qonun buzilishi holati ro‘y bermagan. Endi buni adolat hukmiga qoldirishimiz mumkin. “Barselona”dan barcha gumonlar olib tashlanishiga ishonchim komil.

Foto: Getty Images

Hakamlarga ta’sir o‘tkazish haqidagi gaplar borasida

Qayd etish kerak, 7,3 million yevro 18 yil davomida to‘lab kelingan, qandaydir bir yil ichida emas. Bu muhim lavozimlarda ishlaydigan odamlar tomonidan tayyorlangan muhim va kerakli hisobotlar edi.

Negreyra CTA vitse-prezidenti bo‘lgani haqida gapirar ekanmiz, xizmat ko‘rsatgan uning o‘g‘li ekanini unutmaslik kerak. CTA vitse-prezidenti o‘yinlar natijasiga ta’sir o‘tkazish yoki hakamlar tayinlash huquqiga ega bo‘lmagan. Bu haqda federatsiya reglamentida ham gap borgan.

“Real” ayblovchi tomondagilardan biri. Klublar o‘rtasidagi munosabat buzilgan

“Barselona”ga ma’naviy zarar yetkazayotgan dushmanlar haqida

Mojaroni qo‘zg‘aganlar hakamlarni sotib olish haqida hech qanday dalil bo‘lmagan ish orqali “Barselona”ning obro‘siga putur yetkazmoqchi va Kataloniya birligining eng yorqin namoyondasi bo‘lgan elementni yakson qilish istagida. Hukumat tepasidagi shaxslardan biri “Barselona” katalon birligining ramziga aylanganiga chiday olmayapti.

Ma’naviy zarar juda muhim jihat. Biz klubni himoya qilish uchun yuridik harakatlar olib boryapmiz va bunda davom etamiz. Hali klubga keltirilgan ruhiy talafot uchun kompensatsiya talab qilamiz. U moliyaviy tomondan, xususan, astronomik miqdordagi pullar bilan baholanishi mumkin.

Xavyer Tebasning harakatlari borasida

La Liga prezidenti yaqqol noprofessionallikka yo‘l qo‘yganini aytmoqchiman. U ish bo‘yicha noto‘g‘ri hujjatlarni taqdim etdi. Unga tilini biroz jilovlashi kerakligini aytmoqchiman.

Tebas muammo paydo bo‘lganda vaziyatni ko‘pirtirishi emas, menga qo‘ng‘iroq qilishini istardim. “Barselona”ga nisbatan qarashini bilgan holda uning bu ishidan hayron qolmadim. Tebas o‘zini manmanlardek tutdi, unga mardlik va professionallik yetishmaydi.

Foto: Getty Images

Boshqa tomondan Ispaniya futbol federatsiyasi prezidenti Rubiales va FIFA prezidenti Infantinoga minnatdorchilik bildiraman. Ular “Barselona”ga qarshi kampaniyaga qo‘shilmadi va sud qarorini kutmoqda.

La Liga va UEFA bilan munosabat haqida

Biz Tebas yoki La Ligaga bo‘ysunmaymiz, Superligaga intilamiz. Liga prezidenti vaziyatdan foydalanib, ommaviy samosudga UEFAni ham chorladi.

UEFA bilan muntazam aloqada bo‘lib turibmiz va ular OAVdagi kampaniya yolg‘on ma’lumotlarga asoslanganini biladi. UEFA bilan boshqa masalalar yuzasidan kelishmovchiliklar bor, biroq hamon aloqalar saqlanib qolgan deya olaman.


“Real” haqida gapirar ekan, Laporta Madrid klubini Franko rejimi jamoasi deb atadi.

Ayblovchilar orasida “Real”ning borligi haqida

Sud jarayonida alohida ayblovchi sifatida qatnashadigan klub borasida gapirmoqchiman. O‘zini noqulay ahvolga tushib qolganini aytayotgan klub haqida. Doim hakamlar ko‘magiga suyanadigan klub haqida. Rejim jamoasi (Fransisko Franko davridagi 1939—1975-yillar nazarda tutilyapti – izoh “Daryo”) hisoblangan, siyosat va iqtisodiyot elitasiga yaqin bo‘lgan klub haqida.

70 yil davomida “Real”ning sobiq xodimlari, o‘yinchilari yoki rahbariyat a’zolari CTA prezidenti sifatida ishladi. Bu odamlar 70 yil davomida maydonda adolatni ta’minlaydigan kim bo‘lishini belgiladi.

Foto: Getty Images

“Barselona” va “Real” o‘rtasidagi muassasaviy munosabatlar barbod bo‘ldi. Bu “Real” tomonidan sodir etilgan noto‘g‘ri ish bo‘ldi. Bu masala tufayli Peres katta bosim ostida qolishini istardim. Klublar o‘rtasidagi katta raqobatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, bu normal holat.

“Real” Laportaning gaplariga videolavha bilan javob qaytardi

Madrid jamoasi “Barselona” prezidentining bu gaplarini javobsiz qoldirmadi. O‘sha kuniyoq klub telekanalida “Qaysi klub boshqaruv rejimi klubi bo‘lgan?” nomli videorolik e’lon qilindi. Unda “Real” quyidagi faktlarni sanab o‘tgan:

  • “Barselona” Frankoga uch marta medal topshirgan va 1965-yilda diktatorni klubning faxriy ulushdori deb e’lon qilgan.
  • “Kamp Nou”ning ochilish marosimini Frankoning vazirlaridan biri Xose Solis Ruis olib borgan.
  • Fransisko Franko “Barselona”ni uch marta bankrotlikdan qutqarib qolgan.
  • “Barselona” Franko davrida chempionatda 8 marta, Generalissimus Kubogida (Ispaniya Kubogi) esa 9 marta g‘olib bo‘lgan.
  • Franko rejimi vaqtida “Real”ning La Ligadagi dastlabki chempionligi uchun 15 yil ketgandi.
  • Fuqarolar urushi vaqtida “Real”ning futbolchi, direktor va xodimlari o‘ldirilgandi.
  • “Barselona” Frankoga oltin va brilliantlar taqdim etgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »