Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Melnik 2023-yilda urushni tugatish uchun mamlakat ittifoqchilari yordamni 10 barobarga oshirishi kerakligini aytdi. Bu haqda u Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Foto: Getty Images

Andrey Melnik Ukraina ko‘rsatilayotgan harbiy yordam uchun ittifoqchilardan minnatdor ekanini, biroq bu yetarli emasligini ta’kidladi. U G‘arb davlatlarini qolgan “sun’iy qizil chiziqlar”ni kesib o‘tishga chaqirdi. Siyosatchi bu orqali uzoq masofaga uchadigan qurollar va qiruvchilarni nazarda tutdi. Urush qancha uzoq davom etsa, Ukraina qurol va o‘q-dorilarga shunchalik muhtoj bo‘ladi.

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarining ta’kidlashicha, hozirgacha Ukrainaga harbiy yordam berishdan o‘zini tiygan bir qator davlatlar bor, shuning uchun Ukraina diplomatiyasi ustida ishlash kerak.

“Shuning uchun biz hamkorlarimizni barcha sun’iy qizil chiziqlardan o‘tib, Ukrainaga qurol yetkazib berish uchun YIMning 1 foizini ajratishga chaqiramiz”, — deb yozadi diplomat.

Shuningdek, u 2023-yilda urushni tugatish uchun dunyo zarur resurslarga ega ekaniga ishonch bildirdi. Melnik hozirgi jangovar harakatlarni Ikkinchi jahon urushi bilan taqqosladi, o‘shanda AQSH hukumati lend-liz yordami uchun 50 milliard dollar ajratgan. Biroq hozirgi narxlarda yordam miqdori taxminan 700-800 milliard dollarni tashkil qiladi.

“Bizning ittifoqchilarimiz mazkur urush ko‘lamini tushunishi, yordamni hozirgidan kamida 10 barobar oshirish kerak”, — deydi Melnik.

AQSH nima sababdan haligacha Ukrainaga lend-liz bo‘yicha qurol yetkazib bermayapti?

2022-yilning bahorida AQSH rasmiylari Ukrainaga lend-liz dasturi bo‘yicha qurol sotishni ma’qullagan edi, ammo dastur doirasida Kiyevga qurol yetkazib berish hali boshlanmagan.

Politico nashriga ko‘ra, bunga sabab Vashington hali imkon borida Kiyevga qurol-yarog‘larni beg‘araz yetkazib berishni istamoqda.

Lend-liz kechiktirilishining yana bir sababi shundaki, hozir Demokratik va Respublikachilar partiyalari Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlash zarurati to‘g‘risida kelishib olgan. Demokratik kongressmenlardan birining yordamchisi ta’kidlaganidek, agar respublikachilar o‘z fikrini o‘zgartirsa yoki jamoatchilikning kayfiyati o‘zgarsa, Kiyev ta’minotini qonunchilik yordamida bloklashga urinishlarini chetlab o‘tish uchun lend-liz dasturi ishlatilishi mumkin.

Lend-liz nima?

Lend-liz — dastur, unga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Ikkinchi jahon urushi paytida ittifoqchilarga harbiy texnika va jihozlarni uzoq muddatli ijaraga yoki qarzga bergan. 1941-yil martidan 1945-yilning avgustigacha AQSH ittifoqchilarga umumiy qiymati 50 milliard dollardan ortiq lend-liz yordamini o‘tkazgan, shundan 11 milliard dollarga yaqini SSSRga to‘g‘ri keladi.

Ukrainaga lend-liz dasturi bo‘yicha yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanishidan avval, 2022-yil yanvar oyi oxirida AQSH Senatiga kiritilgan edi. Qonun AQSH prezidentiga “Ukraina aholisini Rossiya harbiy bosqinidan himoya qilish va boshqa maqsadlar uchun” qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha Kiyev bilan kelishuvlar tuzishda kengaytirilgan vakolatlarni beradi. Umuman olganda, hujjat mamlakatga harbiy yordam yetkazishni tezlashtiradi va soddalashtiradi.

AQSH prezidentining kengaytirilgan vakolatlari urush tugaganda, shuningdek, Ukraina bilan chegaralar yaqinida Rossiya qo‘shinlarining soni 2021-yilning martigacha bo‘lgan holatga qisqarganda tugatiladi.

AQSH Kongressi Senati qonun loyihasini aprel oyi boshida, Vakillar palatasi esa aprel oxirida ma’qullagan. Shundan so‘ng Bayden qonun loyihasiga imzo chekdi.

Rossiya Davlat Dumasining spikeri Vyacheslav Volodin lend-liz dasturi Ukrainani qarzga olib kelishini aytdi. “Lend-liz — bu tovar krediti va u arzon emas: Qo‘shma Shtatlar yetkazib beradigan barcha o‘q-dorilar, jihozlar va oziq-ovqat haqini Ukraina fuqarolarining kelajak avlodlari to‘laydi. Zelenskiy mamlakatni qarzga botirmoqda”, — dedi u.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »