Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Matbuotda xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik migrantlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar haqidagi xabarlarga bot-bot duch kelamiz. Bu kabi holatlar, avvalo, jinoyat sodir etgan insonning o‘ziga, qolaversa, uning oilasi, ota-onasi, farzandlari taqdiriga ham ta’sir qilishi mumkin. Tabiiyki, buning mamlakat imijiga ham ta’siri bo‘ladi. Xo‘sh, xorijda mehnat qilayotgan muhojirlar nima sababdan jinoyatga qo‘l urmoqda?

Jurnalist Jahongir Ostonov qalamiga mansub quyidagi maqolada shular haqida hikoya qilinadi. Maqolada asosiy e’tibor Rossiyada mehnat qilayotgan migrantlar o‘rtasidagi jinoyatchilikka qaratilgan.  Zero, eng ko‘p o‘zbekistonlik aynan shu davlatda mehnat qiladi.

Ozroq statistika

Aynan o‘zbekistonliklar ishtirokidagi statistikani topishning iloji bo‘lmagani bois diqqatimizni MDH davlatlaridan borgan migrantlar ishtirokidagi umumiy statistikaga qaratdik. Rossiya ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda migrantlar ishtirokidagi jinoyatlar oxirgi besh yilda rekord darajaga yetgan. 2021-yilga nisbatan o‘tgan yil 10 foizga yuqori bo‘lgan. 2022-yil yanvar-noyabr oralig‘ida migrantlar ishtirokida 37 mingta turli darajadagi jinoyat sodir etilgani ma’lum qilingan. Shundan 30 mingdan oshiq holat MDH davlatlari fuqarolari hissasiga to‘g‘ri kelishini ko‘rish mumkin. Bu esa ushbu davlat fuqarolarining Rossiyada ko‘pligi bilan izohlanadi. Yana qiziq jihat shuki, bu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan 15,2 foizga oshgan. Faqat pandemiya davrida pasayish hollari ham kuzatilganini ko‘rish mumkin. Buni esa migrantlarning ishsiz qolgani va karantin tadbirlari bilan bog‘lash mumkin.


 
Oxirgi besh yildagi statistikadan ma’lum bo‘ladiki, Rossiyada migrantlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 2021-yilgacha pasaygan. Aynan 2021- yildan boshlab o‘sish boshlangan.


 
2018-yildan oldingi yillardagi statistikaga qarasak, OAVda e’lon qilingan materiallardan anglashiladiki, Rossiyada Markaziy Osiyoning uch davlati – O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan borgan mehnat migrantlari o‘rtasidagi jinoyatchilik yuqori bo‘lgan. Masalan, 2015-yili Moskva shahrida sodir etilgan qonunbuzarliklarda o‘zbekistonliklar yetakchilik qilgan. O‘sha yili 2522ta holatda o‘zbekistonliklar, 1745ta holatda tojikistonliklar va 1269ta holatda qirg‘izistonliklar jinoyatga qo‘l urgan.

Rossiya jazoni o‘tash federal xizmatining Fergana.ru nashriga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yilda 14 ming nafar markaziy osiyolik migrant jazoni o‘tash muassasalarida jazoni o‘tayotgan bo‘lgan. O‘sha paytda butun Rossiyadagi jazo muassasalarida 540 657 nafar mahbus jazoni o‘tayotgan bo‘lgan va markaziy osiyoliklarning hissasi 2,6 foizni tashkil qilgan.

Statistikaga munosabat

Matbuotda migrantlar o‘rtasida jinoyatchilik va qonunbuzarlik holatlari ortayotgani haqida ko‘p yozilganiga qaramasdan, bunga qo‘shilmaydiganlar ham bor. Jumladan, Rossiya migrantlar federasiyasi prezidenti Vadim Kojenov hamda Rossiya IIV jamoatchilik kengashi a’zosi, migrasiya masalalari bo‘yicha ekspert Vladimir Voloxning fikricha, migrantlar o‘rtasidagi jinoyatchilik ortayotgani yo‘q. Tartibsizliklar va jinoyatlar ham tez-tez sodir bo‘lmaydi. Shunchaki, OAV Markaziy Osiyodan kelganlarga ko‘proq e’tibor qaratishni xohlaydi. Buni Kojenev quyidagicha asoslaydi:

 "Jamiyatda hayot qanchalik qiyinlashib boraversa, "tashqi dushman" shunchalik ko‘payib boraveradi. OAVda migrantlarni mo‘ljalga olish tendensiyasi kuchaygan".

Shuningdek, Kojenev Rossiyada qamoqda o‘tirgan har bitta migrantga 19 nafar rossiyalik to‘g‘ri kelishini qo‘shimcha qiladi.

Vladimir Voloxning ta’kidlashicha, 2021-yilda Rossiyada 2,5 milliondan ortiq jinoyatchilik holati kuzatilgan. Bulardan 60-65 foizi fosh etilgan bo‘lsa, shular ichida 30-35mingta jinoyat migrantlar hisobiga to‘g‘ri kelgan. Demak, Rossiyadagi jinoyatchilik ulushining atigi 2 foizi xorijliklar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qanday jinoyatlar?

2018-yilgi statistikaga qaraydigan bo‘lsak, o‘sha yili 28 mingga yaqin xorijlik jazo o‘tagan bo‘lsa, ularning aksariyati O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjon davlatlari fuqarolari bo‘lgan. Jazoni o‘taganlarning 90 foizi asosan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan. Ularning 39 foizini noqonuniy narkotik oldi-berdisi, 12 foizini qotillik, 11 foizini talonchilik, 8 foizini qasddan tanaga og‘ir shikast yetkazish, 6 foizini zo‘rlash, 5 foizini o‘g‘rilik jinoyati tashkil etadi.  

Migrantlarga bepul xizmat ko‘rsatuvchi yurist Valentina Chupikning Fergana.ru nashriga bergan ma’lumotiga ko‘ra, uning idorasiga kelib tushadigan ishlar asosan narkotik savdosi va o‘g‘rilik bilan bog‘liq. Og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etganlar orasida markaziy osiyoliklar juda kamchilikni tashkil qiladi.

Rossiya migrantlar federasiyasi prezidenti Kojenev ham jinoyatlar orasida narkotik savdosi bilan noqonuniy shug‘ullanish yuqori ekanini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, bunday jinoyat bilan ko‘proq o‘zbekistonlik migrantlar shug‘ullanadi. Kojenev yana jinoyatlarning asosiy qismi yuqori intellekt talab qilmaydigan maishiy bezorilik, talonchilik, o‘g‘rilik kabilar ko‘pligini ham ta’kidlaydi. Qandaydir tizimli, uyushgan firibgarlik holatlari yoki moliyaviy piramidalar haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Sputnik-O‘zbekiston nashrining 2022-yilgi ma’lumotlari ham jinoyatlarning 80 foizi noqonuniy narkotik savdosi bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatib turibdi.

Ammo bu fikrga qo‘shilmaydigan ekspertlar ham bor. Ekspert Aleksey Jivov o‘zining “Rossiya i migrant” maqolasida, jinoyatlarning faqat maishiy ekaniga qo‘shilmasligini yozadi. Uning fikricha, markaziy osiyolik migrantlar orasida maishiy jinoyatlar bilan bir qatorda diniy va etnik tusdagi jinoyatlar ham yuqori. Shuningdek, ekspert migrantlar sodir etgan jinoyatlarni Rossiya fuqarolari bilan solishtirishni xato deb hisoblaydi.

Rossiyada jinoyat sodir etgan migrantlarning jazoni qayerda o‘tashi borasida to‘xtaladigan bo‘lsak, to‘rt yildan ortiq jazo beriladigan jinoyatlarda migrantlar o‘z yurtiga qaytarib yuborilmaydi. Ya’ni, ular jazoni Rossiyada o‘taydi. Undan kam yoki yengil turdagi jinoyatlarda ekstradisiya qilinadi. Jazoni o‘tab chiqqach esa, agarda Rossiyada oilasi bo‘lmasa, yurtiga deportatsiya qilinadi.

Sabablar

Migrantlar o‘rtasidagi qonunbuzarlik va jinoyatlar turli sabablarga ko‘ra yuz bermoqda. Bunda motivlar jinoyat va qonunbuzarlik turiga qarab har xil bo‘lishi mumkin. Masalan, narkotrafik bilan bog‘liq jinoyatlarda pul motivi asosiy o‘rinni egallasa, jinsiy zo‘ravonlikda migrantlarning jinsiy shahvatini qondirishga bo‘lgan talab sabab bo‘lishi mumkin. Bu borada batafsil ma’lumot uchun mutaxassislar fikrini tinglash maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Jumladan, Rossiyada faoliyat olib boradigan migrantlar muammolari bilan shug‘ullanadigan yurist Bahrom Ismoilov Sputnik nashriga bergan intervyusida migrantlar bilan bog‘liq jinoyatchilikning oldini olish uchun birinchi navbatda rossiyaliklarning o‘zini huquqiy javobgarlikka tortish kerak bo‘ladi, degan fikrni bildirdi.

Xususan, yashash joyini ijaraga berish va migrantlarni ishga joylashtirish masalasida. Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday holatlar har qanday jamiyatda yuz berishi mumkin va bu irq yoki millat tanlamaydi.

Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi mutaxassisi Ortiqxo‘ja Norovning fikricha, migrantlar ishlab turgan joylarida bir qator muammolarga duch kelmoqda va bu ularni qonunbuzarlik qilishga undamoqda.

“Murojaatlardan ma’lum bo‘lmoqdaki, norasmiy kuryerlik xizmatlarida narkotik yoki taqiqlangan moddalar solingan buyurtmalarni yetkazib berish (zakladka) taklif qilinmoqda va buning oqibatida politsiya xodimlari tomonidan ular ushlanib, jinoiy javobgarlikka tortilmoqda", - deydi ekspert.

Shuningdek, u o‘zbekistonlik migrantlarning O‘zbekiston qonunlari bo‘yicha jinoyat hisoblangan boshqa davlat hududida urush harakatlariga jalb qilinayotganiga ham e’tibor qaratdi. Quyida ekspertning fikrlarini ovozli shaklda tinglashingiz mumkin.

Yana bir ekspert, uzoq yillar Rossiyada migrantlarga yuridik xizmatlar ko‘rsatib kelgan yurist Botirjon Shermuhammad esa migrantlarning jinsiy jinoyatlarda ayblanayotganiga e’tibor qaratdi. Uning fikrlarini quyida tinglashingiz mumkin:

Katta rezonansli holatlar

Yuqorida tilga olganlarimiz asosan mediada bir-ikki marta chiqadigan yoki umuman chiqmaydigan holatlar bo‘lishi mumkin. Umuman, unchalik kata rezonansli holatlar emas. Lekin aynan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ishtirokida yuz bergan va katta rezonans keltirib chiqargan bir nechta holatni sanab o‘tishni ham maqsadga muvofiq deb bildik. Bular Moskvada o‘zi qarab kelayotgan bolaning boshini uzib, uni qopda solib yurgan ayol, Shvetsiyada terroristik harakatni sodir etgan Rahmat Oqilov, AQSHda terroristik harakatini sodir etgan Sayfullo Soipov hamda Turkiyaning Istanbul shahridagi tungi klubda terroristik harakat sodir etgan Abduqodir Masharipovlar.

Aytish mumkinki, bu holatlar o‘z vaqtida jamoatchilik va butun dunyo bo‘ylab rezonanslar keltirib chiqardi. Hozirda uch nafar terrorist ham umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan va ular jazo muddatini o‘tamoqda. Enaga ayol esa tibbiy tekshiruvlardan keyin ruhiy nosog‘lom deb topilgan.

Xulosa o‘rnida

Umuman, bunday holatlar qayerda sodir etilishidan qat’i nazar, mamlakat imijiga salbiy ta’sir qiladi. O‘zbekistonni xorijda terrorist yetkazib beruvchi davlat sifatida ko‘rishlariga ham sabab bo‘lgan ayrim holatlarda.

Bunday jinoyat va qonunbuzarliklarning oldini olish uchun hukumat darajasida choralar ko‘rilishi kerak. Eng avvalo, mamlakat ichida aholini ish va yetarli maosh bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘yish lozim. Xorijga ishga ketayotganlarga yetarli huquqiy va kasbiy ko‘nikmalarni beradigan markazlarni ko‘paytirish zarur.

Uchinchidan, O‘zbekistonning xorijdagi konsullik va elchixonalari xorijda ishlayotgan fuqarolar haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishi va turli muammoli vaziyatlar yuzaga kelganda, ularga yordam berish choralarini ko‘rishi kerak.

Jahongir Ostonov

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »