Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘tmishda ko‘plab ulug‘ sarkardalar o‘tgani hech kimga sir emas. Lekin ularning oz qismigina tarix zarvaraqlarida o‘z ismini o‘chmas qilib yozib keta oldi. Bugun istalgan odamga mashhur sarkardalarni sanab berish iltimosi bilan yuzlanilsa, Aleksandr Makedonskiy, Chingizxon kabi jangovar harbiy uslub yarata olgan jahongirlar qatorida imperator Napoleon Bonapart ham eslab o‘tilishi shubhasiz. “Daryo” “100 buyuk inson” loyihasi doirasida ushbu tarixiy shaxs atrofida qurilgan har xil uydirmalarga oydinlik kiritadi.

Xoakin Feniks ishtirokidagi “Napoleon” filmidan kadr
Foto: “Kinopoisk”

U tug‘ma sarkarda edi. Turli harbiy harakatlarda qatnashgan Napoleonning tajribasi bilan uyg‘un ravishda unvoni ham oshib boraverdi va natijada 1795-yilga kelib u Fransiya armiyasi generaliga aylandi. Oradan bir yil o‘tib, Napoleon graf Bogarnening bevasi maftunkor Jozefinaga uylandi. “To‘yona” sifatida uni Italiya shimoliga jo‘natiladigan ulkan armiyaga qo‘mondon etib tayinlashdi. Bu uning keyingi harbiy zafarlari uchun qulay shart-sharoit yaratdi.

Umuman olganda, uning daholigi nafaqat harbiy sohada, balki ijtimoiy jabhalardagi islohotlarida ham yaqqol sezilib turgan. O‘sha davrda Bonapartning har kim o‘zi istagan narsa bilan shug‘ullanish hamda o‘zi istagan shaxsga aylanish huquqiga ega qabilidagi yangi axloqiy qarori takrorlanmas shaxsiyatining turli afsonalar bilan to‘lib-toshishi tabiiy jarayon ekanini isbotlaydi.

Bonapart – pakana

Bu cho‘pchak o‘zini shunchalik oqladiki, uning ortidagi haqiqatni izlashga hech kim urinib ham ko‘rmadi. Hozirgi kunda ham Napoleon ismi yodga olinsa, birinchi galda odamlar ko‘z oldida uning mitti gavdasi namoyon bo‘ladi.

Asl haqiqat shundan iboratki, Napoleonning bo‘yi 169 santimetr bo‘lgan. Bu, albatta, uzunlik belgisi emas, biroq ayni o‘sha davrda fransuz erkaklarining o‘rtacha bo‘yi 165 santimetrni tashkil etgan. Bundan tashqari, Napoleon juda baland hisoblangan Vellington gersogidan atigi olti santimetr past, admiral Nelsondan esa yetti santimetr baland bo‘lgan.

Solishtirish uchun: siyosat darg‘asi Cherchill hamda rus she’riyati shohi Pushkin Napoleondan uch santimetr, Sovet Ittifoqi yetakchisi Iosif Stalin esa to‘rt santimetr past bo‘lgan, ammo ular tarixga past bo‘yli odamlar sifatida muhrlanmagan.

Foto: Wikipedia

Napoleonga umrining oxiriga qadar hamrohlik qilgan “kichkina kapral” laqabi Italiya yurishi paytida, u 26 yosh bo‘lganida paydo bo‘lgandi. Aslida askarlar uning yoshini nazarda tutib shunday degan.

Yana Italiya armiyasining yangi qo‘mondoni Pyer Ojeroning mashhur dag‘dag‘asi ham borki, uni eslab o‘tish Napoleonning bo‘yi xususidagi haqiqatga bizni yanada yaqinlashtiradi. Boshqalar ta’riflaganidek, bahaybat jussaga ega yangi qo‘mondon bo‘lajak imperatorga jahl bilan shunday deydi: “Siz mening boshimdan balandsiz, lekin meni haqorat qilishda davom etsangiz, men bu tafovutga barham beraman!”.

O‘lchovlardagi chalkashliklar

Birinchidan, o‘rta asrlardagi uzunlik o‘lchovlari orasidagi farq tarixiy chalkashlikni keltirib chiqardi. Fransuzlardagi fut va dyuym inglizlarnikidan bir muncha farq qilar edi. Muxtasar qilib aytganda, Napoleonning besh fut-u ikki dyuymlik bo‘yi Britaniya tizimida besh fut uch yarim dyuymga teng bo‘lgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, bu bo‘y ko‘rsatkichi inglizlarda 169 emas, 157 santimetrni tashkil etgan va bu yolg‘on axborot faqatgina inglizlar propagandasining mahsuli edi. Keyinchalik mashhur chalkashlikning ommalashuvi ustida mohir karikaturachilar ishladi.

Ikkinchidan, Napoleon o‘ziga balandligi besh fut o‘n dyuymdan (178 santimetr) kam bo‘lmagan shaxsiy qo‘riqchilar olgani ham ushbu noto‘g‘ri qarashning tug‘ilishiga bir sabab o‘laroq xizmat qildi

Xoakin Feniks ishtirokidagi “Napoleon” filmidan kadr
Foto: “Kinopoisk”

Xullas, imperatorning bo‘yi odatiy odamlarga qaraganda past yoki baland ekani uning tarix charxpalagini ag‘dar-to‘ntar qilib yuborgani hamda fransuz imperiyasi oldidagi qiymatiga aslo raxna solmadi, aksincha korsikalik davlat arbobiga “o‘zgachalik” baxshida etdi.

 O‘zgartirilgan ism va kichraytirilgan yosh

Napoleonning familiyasi hech qachon “Buonaparte” bo‘lmagan, xuddi qonxo‘r Gitler hech qachon “Shiklgruber” bo‘lmagani singari. Korsikalik ajdodlarining familiyasi Bonaparte edi. Bu familiya bo‘lajak imperatorning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasida hamda u tahsil olgan Briyenn harbiy maktabi kadetlari ro‘yxatiga ham qayd etilgan.

Ba’zi manbalarda Napoleon suyukli xotini Jozefinaga yo‘llagan maktublarida o‘zining italyancha “Buonaparte” familiyasini “Bonapart” tarzida yoza boshladi va shu tariqa familiyasidagi bitta harfdan kechib, “fransuz”ga aylandi, deyilgan.

Jozefina Napoleon bilan tanishguniga qadar oilali edi — 16 yoshida u Aleksandr de Bogarnega turmushga chiqqan. Ularning ikki farzandi bo‘lgan: o‘g‘li Ejen va qizi Gortenziya. Eri Mayns mudofaasidagi harakatsizligi uchun qalt etilgunga qadar, ularning nikohi 15 yil davom etgan. O‘shanda Jozefinani ham qamab qo‘yishadi, ammo tez orada hokimiyat almashdi va u afv etiladi. Turmush o‘rtog‘ining vafoti sabab u bor narsasidan ayriladi. Moliyaviy ahvolini yaxshilashga jazmanlari, xususan, vikont (Fransiyada baron bilan graf o‘rtasidagi dvoryanlik unvoni) Pol Barras yordam berib kelgan. U ayol va uning farzandlari uchun koshonani ijaraga olib, barcha xarajatlarini qopladi. Aynan vikont Jozefinani Napoleon bilan tanishtirgan.

Jozefina Bogarne
Foto: Wikipedia

Ular kechki bazmlardan birida tanishadi: Barras Jozefinaga katta umidlar bildirilgan general Napoleonni tanishtirdi. Avvaliga yosh beva unga shunchaki yoqadi, biroq kecha davomida u bilan suhbatlashib, Napoleon ayolni rostan ham sevib qoladi. Napoleon ayoldan 6 yosh kichik bo‘lishi va bevaligiga qaramay, Jozefinaga uylanishga qaror qiladi. To‘y ikkala tomon uchun ham manfaatli edi: Bogarne yana jamiyat tomonidan hurmat qilinadigan xonim maqomiga ega bo‘lar, Napoleon esa salonni boshqaradigan xotinining nufuzli tanishlarini qo‘lga kiritardi.

1796-yilda sevishganlar oila quradi. Nikoh teng bo‘lishi uchun ular hujjatda yoshlarini o‘zgartirib ko‘rsatgan: Napoleonga 1,5 yosh qo‘shilgan bo‘lsa, Jozefina 4 yilga “yoshargan”. To‘y munosabati bilan bo‘lajak imperator rafiqasiga ichiga “Bu taqdir” deya yozilgan yoqut ko‘zli uzuk sovg‘a qilgan. Ammo nikoh marosimidan ikki kun o‘tib, Napoleon Italiyaga xizmatga chaqirilgan, Jozefina generalning barcha iltimoslarini rad etib, u bilan ketishni istamaydi.

Napoleon va Jozefinaning to‘yi
Foto: Wikimedia Commons

Gizadagi Sfinks va Napoleon qo‘rquvi

Misrlik gidlar Napoleon Gizadagi Sfinksni ko‘rib, dahshatga tushgach, burnini urib tushirgan hamda askarlariga u tarafga osmondan to‘p otishni buyurgani to‘g‘risidagi hangomani sayyohlarga to‘lib-toshib aytib beradi. Ammo ko‘plab tarixiy suratlar va yozma manbalar sfinks burni ancha oldin tushib qolganini isbotlaydi. Buning aniq sababi keltirilmagan, kim bilsin, kuchli shamol hamda havo haroratining keskin o‘zgarishi vaqtga bardosh bergan haykalga oz bo‘lsa-da ta’sirini o‘tkaza olgandir.

Napoleon bunday buyruq bera olmas edi, chunki imperator Qadimgi Misr merosini, urf-odatlarini qadrlagani qayd etilgan qo‘lyozma va xotiranomalar mavjud. Xususan, general Jorj Sulaymonning “Napoleon va Islom” asarida muallif ko‘pgina kuzatuv va mushohadalariga tayanib, Napoleonning islom dini va musulmonlarga bo‘lgan hurmati baland bo‘lganini yozgan. Jumladan, u Misrga hujum qilish arafasida qo‘l ostidagi qo‘mondonlariga shunday deydi: “To‘g‘ri, ko‘pchiligimiz iymonli, e’tiqodli kishilar emasmiz. Lekin biz urushadigan o‘lka musulmonlar mamlakatidir. Biz ularning dinini hurmat qilishimiz, urf-odatlari hamda qadriyatlariga burun suqmasligimiz kerak”.

Napoleon egallab olmoqchi bo‘lgan hududidagi odamlar hurmati va e’tiborini qozonish uchun shunday yo‘l tutgandir, degan faraz ham yo‘q emas. Napoleon misrliklarga qanday munosabatda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zi va sfinks orasidagi turli yillar tafovuti bu safsataning haqiqat emasligiga ishora qoldirib ketadi.

Napoleon Bonapart
Foto: Wikimedia Commons

Korsikalik italyan fransuz tilida ravon so‘zlamagan

Mana bu haqiqat. Boisi Napoleonning ota-onasi o‘zaro italyan tilida muloqot qilardi. Napoleon tillardan bo‘lak juda ko‘p sohada keng tafakkurga ega, hatto iqtidorli ham edi. Matematika va shaxmat borasida unga teng keladigani yo‘q edi.

Maktabda o‘qib yurgan kezlarida lotin tili saboqlariga chiday olmasdi. O‘smirlik payti esa nemis tilini o‘rganishga ahd qildi, biroq baribir o‘rgana olmadi. Muqaddas Yelena orolida esa ingliz tilini o‘rganishga harakat qildi, ammo unga umri yetmadi

Fransiyalik rassom Jan-Batist Mozes tomonidan chizilgan “Napoleon o‘lim to‘shagida” kartinasi
Foto: AFP

Albatta, fransuz tili bo‘yicha ko‘nikmalar bundan mustasno. Napoleonni bu tilda qiynalib so‘zlagan deyish mutlaqo xato, chunki u fransuz tilini nihoyatda puxta egallagan edi. U faqatgina Yekaterina II va Stalin kabi so‘zlarga urg‘u qo’shib gapirishdan umrining oxirigacha xalos bo‘la olmadi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »