Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Kelib chiqishi alban, asl ismi Agnes Gondjye Boyadjiu bo‘lgan Tereza ona 1910-yilda Makedoniya poytaxti Skopyeda tavallud topgan bo‘lsa-da, Hindistonning Kalkutta shahrida ko‘p vaqt mobaynida faoliyat yuritib keldi. U yerda xayriya missiyasiga asos solib, umrining oxiriga qadar yashadi.

O‘ttiz besh yillik xayriya ishlari davomida jami 28 ta xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi, Buyuk Britaniyaning ritsarlik unvoni bilan taqdirlandi, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohibasiga aylandi. “Daryo” “100 buyuk inson” loyihasi doirasida Tereza onaning savollarga boy umri haqida hikoya qiladi.

Foto: Getty Images

“Qalb chaqiruvi”

Agnesning otasi (kelib chiqishi arman) badavlat odam bo‘lib, yirik qurilish kompaniyasiga ega edi. Bundan tashqari, dori-darmon sotish bilan ham shug‘ullanardi. Onasi albaniyalik Dranafile esa o‘zini ibodatga bag‘ishlagan ayollardan bo‘lgan. Dranafile bolalari bilan tez-tez muhtojlar oldiga borib turar, ba’zilarini kechki ovqatga taklif qilar edi. Yosh Agnes onasi unga aytgan nasihatini sira esdan chiqarmaydi: “Quyoshim, nimanidir birov bilan baham ko‘rmaguncha, undan bir luqma ham yema!”.

Xonadonga juda ko‘plab noma’lum, afti-angori xarob ahvolda bo‘lgan notanish odamlar kelar, Agnes onasidan ular kimligini so‘raganida onasi: “Ba’zilari qarindoshlarimiz... Lekin aslida hammasi o‘zimiznikilar”, — deb javob berardi.

Kunlarning birida 18 yoshli Agnes notanish ruhoniy Hindistondan kelgan missionerlarning mamlakatdagi qashshoqlik va kasallik xususida bitgan maktublarini o‘qib berayotganini eshitadi. Shundan so‘ng u Hindistonga borib, kambag‘allarga g‘amxo‘rlik qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. 1928-yilda Agnes nihoyat rohiba bo‘lishga qaror qiladi va Irlandiyaga “Loretoning irland hamshiralari” katolik cherkoviga jo‘nab ketadi. Keyinchalik o‘z xotiralarida u taraflarga “qalb chaqiruvi” chorlaganini aytgan. U yerda Agnes XIX asrda yashab o‘tgan avliyo Tereza Lizye sharafiga Mariya Tereza ismini oladi

Foto: AP Photo

Ko‘p vaqt o‘tmay orden (tashkilot) Tereza onani Hindistonning Kalkutta shahriga, monastir qoshidagi Muqaddas Mariya maktabida kambag‘al bengal oilalarining qizlarini o‘qitish uchun jo‘natadi. Bir necha yil o‘tgach, xuddi shu yerda ayol o‘zining buzib bo‘lmas va’dasini beradi va o‘zi ta’kidlaganidek abadiy “Isoning rafiqasi” bo‘lishga ont ichadi. Mahalliy rohibalarning odatiga binoan, oxirgi qasamyoddan so‘ng, u “ona” unvonini oladi. Yigirma yil o‘tgach esa orden Terezani maktabni tark etishiga ruxsat beradi, bu esa uni xarobazorlarda ko‘proq vaqt o‘tkazish, Kalkuttadagi nochor hamda bemor odamlarga yordam berish imkoniyatini taqdim etadi.

“Bu — Tereza ona!”

O‘n yil o‘tgach, ya’ni 1964 yilda Rim papasi Pavel VI farmon chiqaradi, unga ko‘ra Tereza ona xayriya missiyasi butun dunyoda amal qilish huquqini qo‘lga kiritadi. Shundan so‘ng ayolning xayriya missiyasi Hindistondan tashqari yana yuzlab mamlakatlarni qamrab oladi. U yerlarda o‘zlarining kasalxonalari, boshpanalari, rahm-shafqat uylari hamda monastir va ibodatxonalar qoshida maktablarini yaratishadi. Ko‘plar davlat arboblari, siyosatchilar, tadbirkorlar, din peshvolari va xalqaro tashkilotlar orden rivojiga katta miqdorda xayriya qiladi.

1969-yilda BBC jurnalisti Malkolm Maggerij ona Tereza haqida hujjatli film suratga olish uchun Kalkuttaga boradi. Material Britaniya kanalida efirga uzatilgandan so‘ng, rohiba va uning ordeni butun dunyoda shuhrat topadi. Maggerijning ta’kidlashicha, film suratga olish maydonchasida mo‘jiza sodir bo‘lgan: yorug‘lik yo‘qligi sababli suratga olish noqulay bo‘lgan rahm-shafqat uyida to‘satdan “ilohiy nur” paydo bo‘ladi.

Foto: Getty Images

Keyinchalik operator Ken Makmillan ular Kodak’ning yangi, tungi kadrlarni tiniqlashtira oladigan maxsus plyonkasi bilan suratga olishayotganini, har bitta burchakni yorug‘ qilib tasvirga tushirayotgani uchun aslida Kodak’ka tasanno aytish kerakligini tushuntirmoqchi bo‘lganida, old qatorda o‘tirgan Malkolm unga o‘qrayib qaraydi va shunday deydi: “Bu ilohiy nur! Tereza ona!

Rohiba umri davomida juda ko‘plab sayohatlarni amalga oshirdi. Gazeta va telekanallar uning Nyu-Yorkka safari, u yerda ilk xayriya uyini ochgani, Livandagi yashirin missiyasi, u yerga nasroniy va musulmon bolalariga yordam berish uchun borgani, BMT Bosh assambleyasining 40 yilligidagi nutqi, AQSHda OITS kasaliga chalingan bemorlar uchun ochilgan klinikalari haqida to‘xtovsiz ommaga ma’lumot uzatardi. O‘ttiz besh yillik xayriya ishlarida Tereza ona 28 ta mukofotga sazovor bo‘ldi. Ular orasida diniy xizmatlari uchun medallar, Hindistonning oliy davlat mukofotlari, bir qancha mamlakatlarda faxriy fuqarolik, Buyuk Britaniyadagi ritsarlik unvoni va AQSHning eng oliy fuqarolik mukofoti ham bor

1979-yilda Tereza onaning tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishi esa haqiqatan aqlbovar qilmas hodisa bo‘ldi. Bo‘yi bir yarim metrlik, vazni 45 kilogramm bo‘lgan, kamdan kam intervyu beradigan va ko‘pincha bukchayib, qo‘llarini ibodat qilayotgan odamnikidek qovushtirib yuradigan bu ayolning xokisor qiyofasi millionlar ko‘ngliga yorug‘lik olib kirdi.

Foto: Getty Images

2016-yil 4-sentabr kuni esa Tereza ona Rim papasi Fransisk tomonidan avliyo deb e’lon qilindi. Uning avliyoligini rasmiylashtirishga bag‘ishlangan tantanali marosim Vatikanda, avliyo Pyotr maydonida bo‘lib o‘tdi.

Tereza onaning onalarga xos bo‘lmagan “qiliqlari”

Aksariyat odamlar Tereza ona kasallar hamda bechoralarga yordam bergan, ularni boshpana, davolash va oziq-ovqat bilan ta’minlash orqali azob-uqubatlarini yengillashtirgan deb o‘ylagan, bu xato va bu qarashning noto‘g‘ri ekaniga bir qancha dalillar bor. Rohiba o‘lim va azobga alohida nuqtayi nazar bilan qaragan: u og‘riqlardan forig‘ bo‘lishni emas, aksincha ular orqali shifo topish kerakligini, bu azob-uqubatlar Masihning oliyjanob azoblari oldida hech narsa emasligini ta’kidlagan va og‘riq qoldiruvchi har qanday antibiotik vositalarga qarshilik qilgan: “Kasalmandning xochdagi Iso kabi azob chekishida go‘zal ne’mat bor. Dunyo azob-uqubatlardan ko‘p xulosa chiqaradi. Kuchli og‘riq Iso sizni peshonangizdan o‘payotganini anglatadi”.

 

Tereza onaning asosiy xayriya ishlari umri poyoniga yetayotgan kasallar uchun uylar bo‘lib, u yerda bemorlar o‘zlarining so‘nggi kunlarini o‘tkazardi. Xayriya missiyalarida faol qatnashgan sobiq ko‘ngilli, yozuvchi Meri Loudon u yerdagi holatni shunday tasvirlaydi: “O‘zimni natsistlar konslageriga tushib qolgandek his qildim: barcha bemorlarning sochlari yo‘q, taqir, kreslolar yo‘q, borlari ham chirib ketgan, faqat Birinchi jahon urushidagi kabi yig‘ma to‘shaklar bor edi. Bog‘, hovli yo‘q, umuman hech narsa yo‘q edi. Va shunda men o‘yladim: ‘Bu nima? Ikkita isqirt xona. Birida 50 dan 60 nafargacha erkaklar, ikkinchisida ham xuddi shunday miqdordagi ayollar bor. Hamma o‘lyapti. Ularga deyarli tibbiy yordam ko‘rsatilmayapti. Sho‘ring qurg‘urlar, aspirindan boshqa og‘riq qoldiruvchi dori qabul qilmagan’”.

Foto: Getty Images

Britaniyalik yozuvchi va hind shifokori Arup Chatterjining yozishicha, vafot etayotganlar uchun uylarda malakali shifokorlar yetarli bo‘lmagan (balki umuman bo‘lmagandir) hamda kasallarga g‘amxo‘rlik ko‘pincha birorta tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan ishchilarga tushgan. Bu uylarda yashagan 300 dan ortiq kalkuttalik qashshoqlar kun davomida non urvog‘i ham olmagan, oziq-ovqat kartalari ko‘pincha faqat nasroniylarda bo‘lgan, boshqa din vakillari esa ro‘yxatning eng oxirida turgan.

Bemorlar bir xonada bir-birining oldida hojat chiqargan. Ularning ko‘pchiligiga qarindoshlari bilan uchrashish taqiqlangan, ba’zi bolalar esa karavotga bog‘lab tashlangan.

Sobiq ko‘ngillilarning biri doktor Chatterjiga aytishicha, xodimlar kasallarga 10 yoki 20 yil oldin ishlab chiqarilgan dori-darmonlarni bergan va najas teggan ko‘rpalarini idish chayiladigan rakovinada yuvishgan.

Sifatsiz oziq-ovqat, gigiyena qoidalariga mutlaqo rioya qilmaslik va barcha bemorlar uchun umumiy ignalardan foydalanish yangi kasalliklar hamda xavfli infeksiyalarni qo‘zg‘atgan. Laudon shunday deydi: “Tomizgichlar yetarli emas edi, ignalar qayta-qayta ishlatilgan. Men ba’zi rohibalar ularni sovuq suv bir chayqab olishayotganini ko‘rdim. Ularning biridan nima qilyapsan, deb so‘raganimda, nima qilardim, yuvyapman, dedi. Ha, lekin uni kamida sterillash yoki boshqa toza ignadan foydalanish kerakligini bilmaysanmi?, deb so‘radim. ‘Bilaman, lekin bu kerak emas. Bizda bunga vaqt yo‘q,’ — javob berdi u.

Foto: AP Photo

“Qashshoqlarning emas, qashshoqlikning do‘sti edi…”

Tereza onaning faoliyati bir necha bor tanqidlarga uchragan — u bemorlar uchun boshpanalar malakali tibbiy yordamlarni ko‘rsatmayotgani, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash fondiga kelib tushayotgan mablag‘lar boshqa maqsadlarga sarflanayotgani bo‘yicha ayblangan. Ingliz jurnalisti Kristofer XitchensTereza ona qashshoqlarning emas, qashshoqlikning do‘sti edi”, degandi. 

Qashshoqlar uchun qilinadigan eng yaxshi savob ularni ko‘chadan olib chiqish deb hisoblashgan. Ordenning rohibalari ularning hayotga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishga harakat qilmagan, ularga yangi imkoniyatlar izlashga umid bermagan, hech kim qashshoqlik va kasalliklarga qarshi kurashish yo‘lini axtarmagan. Jirkanch kasalxonalar va quruq savlatdan iborat uylar bechora odamlar uchun birinchi va oxirgi boshpana bo‘lib, u yerda ular yo shifo topib, oyoqqa turib ketishgan, yoki og‘ir kasallikning azobiga chidolmay o‘lib ketgan. Tereza onaga ikkala holat ham birdek ma’quldek edi.

Meri Loudon shunday xotirlaydi: “Birinchi kuni ayollar bo‘limidagi ishni tugatgandan so‘ng, men uch-to‘rt kunlik umri qolgan 15 yoshli bolaga qarayotgan yigitimni kutdim. U yerda ishlayotgan bir amerikalik shifokor menga bu bolani davolashga chin dildan harakat qilayotganini aytdi. O‘tkir buyrak kasalligi bolani holdan toydirgan, antibiotiklarni qabul qilmagani uchun ahvol yanada yomonlashgan va hozir birdan bir chora operatsiya edi. U (shifokor) hech nima qilolmadi. Aynan shunday holat aksariyat bemorlar bilan sodir bo‘ldi.

Foto: Getty Images

Shifokor aytdi: “Uni baribir kasalxonaga olib borishmaydi”. Men nega, deb so‘radim: “Buning uchun taksi chaqirib, uni eng yaqin shifoxonaga olib borish kifoya”. U javob berdi: ‘Ular bunday qilmaydi. Agar buni bittasi uchun qilsalar, qolganlarini ham kasalxonaga yotqizishlariga to‘g‘ri keladi’. Ammo bolakay endigina o‘n besh yoshda edi…

Nobel mukofotidagi nutqida Tereza ona shunday deydi: “Bugungi kunda dunyo uchun asosiy xavf, og‘riq — tug‘ilmagan begunoh bolaning achchiq yig‘isidir. Agar ona o‘z farzandini, jigarbandini o‘ldirishga qodir ekan, unda bizga nima qoladi? Bir-birimizni o‘ldirishmi?!

1992-yilda ochiq yig‘ilishda Tereza ona tinglovchilarga qarata xitob qiladi: “Kelinglar, Bibi Maryam yaxshi ko‘radigan Irlandiyada boshqa abortga yo‘l qo‘ymasligimizga o‘zimizga o‘zimiz va’da beraylik”. Bundan tashqari, rohiba OITSni “noto‘g‘ri jinsiy xulq-atvorga javoban adolatli hukm” deb atagan va bu kasallikni tavqi la’nat deb hisoblagan.

Hindiston va boshqa Osiyo mamlakatlari aholisining Tereza onaga nisbatan hurmati oshishda davom etardi. “Uning G‘arb madaniyatidagi beqiyos o‘rni uni Sharqda e’zozlanishiga zamin yaratdi, hindlar nazdida u yanada muqaddaslashdi.

Tereza ona dunyoning o‘nlab davlatlari ruhoniylari, rahbarlari bilan yaxshi munosabat o‘rnatgan edi. U AQSH prezidenti Ronald Reygan va uning rafiqasi Nensini ko‘rgani kelgan, malika Diana bilan do‘st bo‘lgan, Rim papasi bilan bitta mashinada sayohat qilgan, SSSRga ikki marta tashrif buyurgan hamda Enver Xoja (inqilobchi, 1944-yilda Albaniya rahbari bo‘lgan) va Jan-Klod Duvalier (1971-1986 yillardagi Gaiti prezidenti, zo‘ravonlik va qo‘rqitish orqali hokimiyatni tutib turgan) kabi diktatorlar bilan yaqin bo‘lgan. Rohibaning Gaitidagi tashrifidan so‘ng, u “Sharaf legioni” ordeni bilan taqdirlandi. “Men hech qachon kambag‘allar va ularning davlat rahbari o‘rtasida bunday yaqinlikni ko‘rmaganman”, — deydi u.

Foto: Getty Images

Tereza ona joni uzilayotganlarga og‘riq qoldiruvchi vositalarni yuborishni rad etdi va ularni “Masih nomidan” azoblanishga chaqirdi, lekin ayni paytda o‘zi yuqori darajadagi tibbiy yordamdan foydalangan. 1989-yilda rohibaga sun’iy yurak stimulyatori o‘rnatildi. Ikki yildan so‘ng esa u Kaliforniyadagi eng qimmat klinikada yurak xastaligi va pnevmoniyadan davolandi.

U oddiy, rangi uniqqan sari kiyib, eski tasbehni qo‘lidan qo‘ymagan, biroq shaxsiy samolyotlarda uchib, qimmat mehmonxonalarda tunab qolgan. Hindistondagi suv toshqinlari va portlashlar paytida u ibodatlar qilgan, ammo to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy yordam ko‘rsatmagan. U “avvaldanoq men kambag‘allarga faqat Xudoni sevganim uchun xizmat qilishni va ularga boylar pul bilan erishadigan narsalarni shundoqligicha berishni xohlardim”, — degan xolos.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »