Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonga xalqaro investitsiyalarning kiritilishi so‘nggi olti yilda o‘n baravar oshdi. 2017-yilda boshlangan hukumatning keng ko‘lamli islohotlari iqtisodiyotni ochib, Markaziy Osiyo davlatiga xorijiy kapitalni jalb qilmoqda va investorlar sonini oshirmoqda. Bu haqda Euronews nashri O‘zbekistondagi islohotlarga bag‘ishlangan maqolasida yozadi.

Foto: “Daryo”/Madina Nurman

Nashr qayd etganidek, Jizzax viloyatida Silverleafe Amerika—O‘zbekiston qo‘shma korxonasi paxta yetishtirmoqda. Urug‘ ekishdan tortib hosilni yig‘ib olishgacha bo‘lgan butun jarayon 100 foiz avtomatlashtirilgan.

Bu yil Silverleafe O‘zbekistonda yangi texnologiyani joriy qilmoqda, u mashinada terilgan paxtani raqamli shaklda kuzatishni ta’minlaydi, barcha jihozlar AQSHdan keltirilgan.

“Bu traktorni onlayn ushlab turadigan GPS. Uning yordamida biz ma’lumot to‘plashimiz, yig‘im-terim ma’lumotlarimizni tekshirishimiz va uni sun’iy yo‘ldoshga yuborishimiz mumkin, shu tariqa paxta terimi uchun dalani kuzatib boramiz”, — dedi Silverleafe International bosh direktori Den Patterson mashina qanday qilib kuzatilishini aks ettiruvchi ekranni ko‘rsatib.

Korxona direktori O‘zbekistonga 2018-yilda prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va bu islohotlarda ishtirok etish uchun taklif etilgan edi. Silverleafe O‘zbekistonga jami 40 million AQSH dollari (36,23 million yevro) atrofida sarmoya kiritgan.

“Odamlar islohotlar haqiqatmi yoki shunchaki og‘izda aytilgan gaplarmi, bilishga intilmoqda, biroq men so‘nggi besh yil davomida bu yerda bo‘lib shuni aytishim mumkinki, islohotlar haqiqatda amalga oshirildi. 

Ular chet el kapitalining kirib kelishi va tabiiy resurslar yoki mehnat bozoridan foydalanishi uchun infratuzilma va muhitni yaratmoqda, bu yerda aholining 60 foizi 30 yosh va undan kichik, shuning uchun demografik jihatdan butun dunyo bo‘ylab biznesni ko‘chirish va kelajakda sarmoya kiritish uchun joy qidirayotgan bo‘lsangiz bu ajoyib imkoniyat”, — deya qo‘shimcha qildi Patterson.

So‘nggi besh yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim tarmoqlariga 3 milliard yevrodan ortiq mablag‘ ajratdi, bu 100 dan ortiq loyihalarga taqsimlandi, har yili kiritilgan sarmoya miqdori esa avvalgisidan oshib bormoqda. 

Barqaror energetika ustuvor vazifa hisoblanadi. YTTB O‘zbekistondagi birinchi xususiy quyosh stansiyalaridan biriga kredit berdi. Mamlakat so‘nggi uch yil ichida Markaziy Osiyoda YTTB moliyalashtirayotgan yetakchi davlat bo‘ldi va bundan ham ko‘proq sarmoya kiritish rejalashtirilmoqda.

Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunchilikdagi islohotlar, O‘zbekistonning 2030-yilga mo‘ljallangan yashil iqtisodiyot strategiyasi va davlat banklarini xususiylashtirish sarmoyalarning tobora kuchayib borayotganiga sabab bo‘lmoqda, deya tushuntirdi YTTBning O‘zbekistondagi bo‘limi direktori Alkis Drakinos: “Bu islohotlarning barchasi xalqaro investorlarga O‘zbekistonning salohiyati va islohotlarga sodiqligi haqida kuchli signal beradi”.

O‘zbekistonning texnologiya borasidagi manzarasi xorijlik investorlarni hozir nihoyatda o‘ziga tortmoqda. Asosi Londonda joylashgan Sturgeon Capital investitsiya kompaniyasi 2020-yilda 22,65 million yevrolik jamg‘arma orqali O‘zbekistonning startaplari va raqamli infratuzilmasiga birinchi bo‘lib sarmoya kiritgandi.

“Biz e’tibor qaratadigan uchta yo‘nalish: fintex, bozorlar, odatda elektron tijorat bozorlari va dasturiy ta’minot. Biz sarmoya kiritishni boshlaganimizdan beri bu kompaniyalar o‘rtacha hisobda o‘z daromadlarini qariyb uch baravarga oshirdi va hali oldinda uzoq istibol yo‘lagi borligiga ishonamiz”, — deb ishontirdi Sturgeon Capital investitsiya bo‘yicha bosh direktori Kiyan Zandiyeh.

Sturgeon Capital tomonidan investitsiyalar bilan ta’minlagan birinchi o‘zbek startapi BILLZ bo‘ldi.

Ushbu kompaniya chakana biznesni boshqarish va rivojlantirishga yordam beradigan dasturiy ta’minotni yaratadi. U allaqachon to‘rtta davlatda faoliyatini kengaytirgan va yanada ko‘proq investorlarni jalb qilmoqda

“Besh yil oldin biz uchun investorlarni topish juda qiyin edi va bu jarayon ancha uzoq davom etdi, chunki ular shunchaki yo‘q edi. Endi moliyalashtiruvchilarni topish ancha oson va potensial takliflar ham besh yil oldingiga qaraganda ancha katta. Bularning barchasi bizga kelajakda kengayish va rivojlanish imkoniyatini beradi”, — dedi BILLZ hammuassisi va bosh direktori Rustam Hamdamov.

Vizasiz sayohat, past soliqlar va o‘qimishli aholi sonining ortishi chet el kapitalini jalb qilishning asosiy omillari hisoblanadi. O‘zbekistonga so‘nggi yillarda xorijiy investitsiyalar hajmi sezilarli darajada oshdi, davlat esa kelgusi to‘rt yil ichida 100 milliard yevrodan ortiq mablag‘ jalb etishni maqsad qilgan.

O‘zbekiston sarmoya, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning so‘zlariga ko‘ra, hukumat mamlakatdagi ishbilarmonlik muhiti va sarmoyaviy muhitni yanada jozibador qilish ustida ishlamoqda.

“Biz uchun eng muhimi – O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror, uzoq muddatli rivojlanishini ta’minlash, uning raqobatbardoshligini oshirish uchun investitsiyalar sifatini ta’minlash”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz bugun, 16-may kuni Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir “Muvofiqlikka sarmoya kiritish” (Investing in Resilience) mavzusida o‘tkazilmoqda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »