Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Buyuk yapon rejissori Xayao Miyazakining yangi kartinasi — “Qalaysiz?” animesining premyerasi 14-iyulda bo‘lib o‘tadi. Ungacha esa ijodkorning eng yaxshi animelarini tomosha qilib, sehrli dunyo mo‘jizalaridan bahra oling.

“Kaliostro qal’asi” (1979)

Foto: Filmdan kadr

Xayao Miyazakining Ghibli studiyasi tashkil etilmasidan oldin yaratilgan birinchi to‘liq metrajli animatsion asari fransuz yozuvchisi Moris Leblanning kitobi asosida yaratilgan. Bosh qahramon mashhur firibgar Arsen Lyupin III bo‘lib, u kazinodan katta miqdordagi pulni o‘g‘irlab, muammoga duch keladi. O‘g‘irlangan banknotalar soxta bo‘lib chiqadi. Omadi kelmagan o‘g‘ri Kaliostro knyazligiga boradi, mish-mishlarga ko‘ra, qalbaki pullar o‘sha yerda bosilgan. Hazil va optimizmga to‘la bu hayajonli sarguzasht rejissorning keyingi filmlariga uncha o‘xshamaydi.

“Shamollar vodiysidan kelgan Navsikaya” (1984)

Foto: Filmdan kadr

“Shamollar vodiysidan kelgan Navsikaya” filmi Miyazaki o‘z yaratgan xuddi shu nomdagi manga asosida ishlangan va Ghibli filmlarining barcha muxlislariga tanish bo‘lgan ekologiya va insoniyatning tabiatga halokatli ta’siri masalalarini ko‘taradi. Voqealar postapokaliptik dunyoda sodir bo‘ladi, unda urushayotgan qirolliklar nafaqat bir-biri bilan, balki yadroviy urushdan keyin ulkan mutant hasharotlar bilan to‘lgan atrof-muhit bilan ham kurashmoqda. Ushbu cheksiz urushlar turkumida Shamollar vodiysini boshqaradigan jasur va rahmdil malika Navsikaya o‘z sayyorasini qutqarish uchun xavfli sayohatga otlanadi. Ushbu anime ustida ishlagan jamoa ikki yildan keyin Gibli studiyasini ochadi.

“Laputa — samoviy qal’a” (1986)

Foto: Filmdan kadr

Studio Ghibli’ning debyut loyihasi afsonaviy Laputani izlashga chiqqan Shita ismli qiz va muhandisning shogirdi Pazu haqida hikoya qiladi. Shita sirli billur tumorga ega bo‘lib, u yo‘qolgan shaharga yo‘l ko‘rsata oladi. Shu tumor tufayli qiz nafaqat samo qaroqchilari, balki Laputa ustidan nazoratni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan hukumat kuchlari uchun ham nishonga aylanadi. Miyazaki osmondagi qal’a haqidagi g‘oyani “Gulliverning sayohatlari”da xuddi shunday uchadigan orolni tasvirlagan ingliz klassikasi Jonatan Sviftdan olgan.

“Mening qo‘shnim Totoro” (1988)

Foto: Filmdan kadr

Bir qarashda, haqiqiy do‘stlik haqidagi hayratlanarli ta’sirli ertak, ammo kattalarga “ichki bola”ni asrab-avaylash qanchalik muhimligini eslatib turuvchi ajoyib multfilm ham. Film otasi bilan qishloqdagi eski uyga ko‘chib o‘tayotgan ikki opa-singil — Satsuki va Mey haqida. Avvaliga sujet har qanday klassik qo‘rqinchli filmning boshlanishiga o‘xshab ketadi, ammo dahshatli arvohlar o‘rniga qizlar o‘rmon ruhi — momiqqina Totoro boshchiligidagi o‘rmonning sehrli mavjudotlari bilan tanishadi. Ular birgalikda mo‘jizalarga ishonish va mehribonlik eng qiyin vaziyatlardan chiqish yo‘lini topishga yordam berishini isbotlovchi hayajonli sarguzashtlarni boshdan kechiradi. Mazkur kartinada Miyazaki o‘zining bolaligini tasvirlagan holda ertaklar olami bolaga onasidan ajralganda bunga ko‘nikishiga qanday yordam berishini namoyish etadi.

“Kiki — eltuv xizmati” (1989)

Foto: Filmdan kadr

Voyaga yetganlik haqidagi ibratli hikoya. Yoshgina jodugar Kiki 13 yoshga to‘lgach, tom ma’noda “osmondan yerga tushishi” va bir yilini oddiy odamlar orasida o‘tkazishi, ularga g‘ayrioddiy qobiliyati bilan har tomonlama yordam berishi kerak. Majburiy amaliyot paytida tashabbuskor qahramon o‘zining yetkazib berish xizmatini ochadi. Kiki oldida hali ko‘p qiyinchiliklar bo‘lsa-da, qat'iyatlilik va o‘ziga ishonch unga hammasini yengishga imkon beradi. Film yapon yozuvchisi Eyko Kadononing shu nomadagi romani asosida suratga olingan.

“Malika Mononoke” (1997)

Foto: Filmdan kadr

O‘z manfaatlari yo‘lida yo‘lida hamma narsani yo‘q qilishga tayyor odamning buzg‘unchi kuchi haqidagi multfilm. To‘ng‘izni o‘ldirgandan keyin dahshatli la’natga uchragan yosh shahzoda Asitaka o‘rmon xudolari va Temir shahar hukmdori Ebosi xonim bilan ziddiyatga borib qoladi. Yo‘l-yo‘lakay u bo‘rilar qo‘lida tarbiyalangan erkin ruhli qiz Mononoke bilan ham tanishadi va o‘zini o‘rmon ruhlari va insoniyat sivilizatsiyasi o‘rtasida qolib ketganini ko‘radi. Miyazaki, Muromati davridagi Yaponiya haqida gapirganda (birinchi o‘qotar qurollar o‘sha paytda paydo bo‘lgan), tabiatga va bir-biriga nisbatan zo‘ravonlik va shafqatsizlikning cheksiz davri nimalarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatib beradi.

“Ruhlar olami” (2001)

Foto: Filmdan kadr

Rejissorga olamshumul shuhrat va “Oskar” taqdim etgan bu asar Yaponiya kinoprokati tarixidagi eng yuqori daromad keltirgan film bo‘lgan. Hech bir film reytingi usiz to‘liq bo‘lmaydi. “Ruhlar olami” bu — fantaziya, yapon folklori va qo‘rqinchli boshqa dunyoda o‘zi bilan yuzma-yuz bo‘lgan voyaga yetgan qiz Tihiro hikoyasining ajoyib uyg‘unligidir. Ayyor jodugar Yubaba cho‘chqaga aylantirgan ota-onasini qutqarish uchun u ruhlar va boshqa g‘ayritabiiy mavjudotlar orasida hammomda ishlashga majbur bo‘ladi. Dengiz ajdahosiga aylana oldigan ziyrak yigit Haku; oqko‘ngil o‘tyoqar Kamaji, sirli Yuzsiz — bu obrazlar xotirangizda abadiy qoladi, shuningdek, Tihiro o‘rgatishi mumkin bo‘lgan asosiy saboq: qo‘rquvni yenggan holda olg‘a harakat qilish kerak.

“Harakatlanuvchi qal’a” (2004)

Foto: Filmdan kadr

Britaniyalik yozuvchi Diana Vin Jonsning xuddi shu nomdagi romani asosida suratga olingan Ghibli studiyasining ikkinchi eng mashhur filmi. Jodugar Pustoshi Xoul ismli kelishgan sehrgarga hasad qilib, yosh va qo‘rqoq Sofini kampirga aylantiradi. Keksa ayol sifatida Sofi ilgari o‘zida bo‘lmagan kuch va jasoratni kashf etadi va Xoulga o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirishga yordam beradi. Miyazaki bu yerda ham o‘zi uchun og‘riqli bo‘lgan urush mavzusini chetlab o‘tmaydi: film voqealar portlayotgan bombalar va yugurayotgan askarlar fonida sodir bo‘ladi.

“Qiyalikdagi baliqcha Ponyo” (2008)

Foto: Filmdan kadr

Studiyaning 10-multfilmining markazida Sosuke ismli bola va dengiz ma'budasining qizi bo‘lishni orzu qilgan baliqcha Ponyoning do‘stligi tasvirlangan. Bu yerda Miyazaki murakkab harbiy masalalardan voz kechadi va asosiy e’tiborni abadiy mavzularga – yolg‘izlik, oila qadri va haqiqiy do‘stlikka qaratadi. Musiqani doimiy Ghibli bastakori Zyo Hisaisi yozgan.

“Shamol kuchaymoqda” (2013)

Foto: Filmdan kadr

Yosh muhandis Ziro Xorikosi bolaligidan osmonni yaxshi ko‘radi va mukammal samolyot loyihalashni orzu qiladi. Samolyotlar odatda Miyazaki uchun eng sevimli mavzu, chunki otasi samolyot zavodida ishlagan.

Na o‘rmon ruhlari, na uchadigan qal’alar, na sehrli realizm, na Miyazakining tashrif qog‘ozi — faqat o‘z dahshatlari bilan sehrlangan haqiqat. Yaqinlashib kelayotgan global falokatning kuchayib borayotgan ogohlantirishi birinchi muhabbatning nozikligi, ijodiy erkinlik va hayot mazmunini izlash bilan bog‘liq. Hikoyaning o‘lchovli sur'ati, butun Yaponiyaning go‘zal manzaralari va har bir kadrda namoyon bo‘ladigan nozik pasifizm “Shamol kuchaymoqda”ni tomosha qilishga undaudigan jihatlaridir.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »