Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida tergovga jalb qilingan fuqaro shifoxonada vafot etdi. IIV holat yuzasidan ma‘lumotlarni taqdim etdi

Unga ko‘ra, 4-iyun kuni Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hududida bir qator o‘g‘rilik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 3-iyun kuni tergovga jalb etilgan Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi 1987-yilda tug‘ilgan U.S. himoyachisi X.Yuldasheva ishtirokida Bo‘ka tumani IIB tergov xonasida videoyozuvga to‘liq yozib olingan holda so‘roq qilingan.

Gumonlanuvchi U.S. soat 19:00 da Jinoyat protsessual kodeksining 227-moddasi bilan protsessual tartibda ushlangan va Bo‘ka tumani IIBdagi fuqarolarni vaqtincha saqlash xonasiga joylashtirilgan. Shu kuni soat 23.30 larda gumonlanuvchi U.S.ning sog‘lig‘i yomonlashgani sababli tez-tibbiy yordam xizmati chaqirtirilib, shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan kasalxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Y.Abdulxakov, IIV Shaxsiy xavfsizlik xizmati hamda viloyat prokuraturasi xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyiga chiqib vaziyat o‘rganildi, voqea joyi ko‘zdan kechirilib, ishga aloqador xodimlarning ko‘rsatmalari olindi.

Aniqlanishicha, 3-iyun kuni soat 22:00 larda gumonlanuvchi U.S. Bo‘ka tumani jinoyat qidiruv bo‘limining tezkor xodimlari tomonidan protsessual tartib buzilgan tarzda maxsus so‘rov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilgan. Jarayonda fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashib, keyinchalik o‘limi yuz bergan.

Tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasining tashxisiga ko‘ra U.S.ning tanasida tan jarohatlari borligi aniqlangan. Holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 235-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim J.D. va G‘.Sh. hibsga olingan.

Xolis tergov va tekshiruvni taʼminlash maqsadida ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan xizmat vazifasiga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i A.Babaxanov, uning birinchi o‘rinbosari V.Xudayqulov, jinoyat qidiruv bo‘limi rahbari J.Subanov, tergov bo‘limi boshlig‘i J.Achilov, shuningdek, navbatchilik qismi masʼuli Sh.Ibragimovlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Bundan tashqari, mazkur salbiy holatga aloqador bo‘lgan tezkor xodimlar J.D. va G‘.Sh. ichki ishlar organlari tizimidan bo‘shatildi. Shuningdek, vazirlikning markaziy apparati hamda Toshkent viloyati IIBB masʼul rahbarlari va boshqa xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlandi.

Qonunchilikka muvofiq, ichki ishlar organlari xodimlarining qonunbuzarlik xatti-harakatlariga huquqiy baho berish prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishini inobatga olgan holda barcha materiallar prokuratura organlariga to‘liq taqdim etiladi va holatga xolisona baho berish maqsadida ular bilan yaqindan hamkorlik qilinadi.

“Hozirda ishga aloqador tezkor xodimlar o‘z jinoiy qilmishlarini rad etayotgan bo‘lsalar-da, marhum U.S. tanasida tan jarohatlari borligini hisobga olib prokuratura tomonidan qo‘shimcha gistologik (ichki organlar va to‘qimalardagi jarohat vaqti va darajasini aniqlash bo‘yicha) ekspertizasi tayinlangan. Mazkur ekspertiza maʼlum muddat talab qiladi va uning xulosasi va to‘plangan dalillar bo‘yicha xodimlarning jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqiladi.

Shu o‘rinda alohida taʼkidlaymizki, Ichki ishlar vazirligi insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizligini taʼminlanishiga so‘zsiz javobgardir. Shaxsga nisbatan qiynoq qo‘llanilishi, zo‘ravonlik yoki boshqa tarzda g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘lishi vazirlik tomonidan qattiq qoralanadi va bunga yo‘l qo‘ygan barcha xodimlar qonun oldida qatʼiy javob beradi. Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, ichki ishlar organlari xodimlari bilan bog‘liq vaziyatda fuqaro U.S.ning vafot etganligi munosabati bilan cheksiz taassufda ekanligini bildiradi va marhumning oila aʼzolari hamda yaqinlariga chuqur taʼziya izhor etadi”, deyiladi IIV bayonotida.

Bosh prokuraturaning ma‘lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olindi. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »