Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali surishtiruv va tergov jarayonlarida yoki jazoni ijro etish muassasalarida fuqarolarga jismoniy va ruhiy bosim o‘tkazish, qiynoqqa solishga oid qator xabarlar tarqalib, keng jamoatchilik eʼtirozlariga sabab bo‘layotganiga munosabat bildirdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Qayd etilishicha, qiynoqqa oid xabarlar ombudsman nazoratiga olinib o‘rganilmoqda. Lekin kuni kecha Bo‘kada sodir bo‘lgan holat sud tergov jarayonlarida qiynoq deb atalmish illatga hali hanuz yo‘l qo‘yilayotganini tasdiqlaydi.

Bo‘ka tumanida fuqaroning vafot etishi bilan, tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasi natijalariga ko‘ra, Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan darhol jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olinganini ombudsman ijobiy baholaydi.

“Aslida biz huquqlarimiz himoyachisi sifatida biladigan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari orasida Bo‘kadagi holat misolida qonunga xilof ish ko‘ruvchi xodimlar borligi juda achinarli. Tizimda ishlovchi barcha xodimlar shunday degan fikrdan yiroqmiz, so‘nggi yillarda qiynoqqa qarshi kurashish borasidagi islohotlarni eʼtirof etishimiz lozim. Lekin, davlat siyosatiga qarshi turib, o‘z xizmat faoliyatida ruhiy va jismoniy qiynoqqa yo‘l qo‘yayotgan ‘xodimlar’ bor ekan, fuqarolarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga nisbatan ishonchsizlik yuzaga keladi”, — deyiladi munosabatda.

Ombudsman qiynoq bu jamiyat tanasidagi kasallik ekanini ta’kidlagan. Uni davolash uchun avvalo shaffoflik taʼminlanishi kerak. Chunki aynan shaffoflik — qiynoqlarni barvaqt oldini olishning taʼsirchan vositalaridan biri. Mamlakatdagi ochiqlik siyosati sabab shu kabi og‘riqli holatlar tilga olinib, unga jamoatchilik eʼtibori qaratilmoqda.

“To‘g‘ri qiynoq ko‘plab rivojlangan davlatlarning ham global muammolaridan biridir. Qiynoq insonning fundamental huquqlarining buzilishi hisoblanadi. Mutaxassislarning fikricha, qiynoq insonga uzoq muddatli psixologik taʼsirga ega bo‘lgan, shaxs sifatida yo‘q qilishga qaratilgan xatti-harakat sifatida baholanadi. Inson qadri tamoyili ustuvor bo‘lgan O‘zbekiston qiynoqqa qarshi kurashish bo‘yicha o‘zining mustahkam va keskin pozitsiyasiga ega. So‘nggi yillarda qiynoq holatlariga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan jazo choralari og‘irlashtirilib, hattoki, ularga nisbatan afv qo‘llanilmasligi qatʼiy belgilab qo‘yildi.

Qolaversa, mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlari uchun javobgarlikka tortish maqsadida qonunchilikka alohida modda kiritilgan va qiynoqni qo‘llagan shaxsga nisbatan og‘irlashtiruvchi normalar qo‘llanilishi belgilangan. Jinoyat kodeksining 235-moddasi qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadi”, — deya qayd etiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, qiynoq holatlarini aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha ombudsman boshchiligida Milliy preventiv mexanizm doirasida jamoatchilik guruhlari bilan birga penitensiar muassasalarga doimiy ravishda monitoring tashriflari amalga oshirilib, u yerdagi sharoitlar tizimli ravishda o‘rganilmoqda. U yerda saqlanayotgan shaxslar orasida anonim so‘rovnomalar o‘tkazilmoqda. Mahkum va mahbuslar bilan holi tarzda suhbatlashib, qiynoqlar qo‘llanilganiga oid murojaatlar kelib tushganda, holat darhol nazoratga olinmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan qiynoq qo‘llanilganiga oid xabarlar ham joyiga chiqib o‘rganilib, qiynoq alomatlari mavjud bo‘lgan hollarda ish ko‘rib chiqish uchun prokuratura organlariga yuborilmoqda. Bo‘kadagi holat ham Ombudsman nazoratida bo‘ladi.

“Gumonlanuvchi yoki ayblanuvchilar surishtiruv va tergov jarayonida kaltaklanib, vafot etishi mumkin emas. Kuch ishlatish uslubi dan foydalangan xodimlarni aniqlash va ularga qatʼiy chora ko‘rish, tizimdagi xodimlar malakasi va faoliyatini birma-bir tahlil qilish, zo‘ravonlar va sustkashlardan voz kechish kerak. Zero, bugungi davlat siyosati inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan. Shu nuqtayi nazardan bu boradagi qadamlar izchil bo‘lishi lozim. Biz aybdor shaxslarni qatʼiy jazoga tortishga chaqiramiz”, — deyiladi munosabatda.

5-iyun kuni Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida tergovga jalb qilingan fuqaro shifoxonada vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olindi. Tergov harakatlari davom etmoqda.

“Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda ushbu holat yuzasidan turli asoslanmagan maʼlumotlar tarqalmoqda. Mazkur holat viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan bo‘lib, tergovni chalg‘ituvchi, mish-mishlardan kelib chiqqan asossiz maʼlumotlarga ishonmasliklaringizni hamda rasmiy manbalar orqali berilayotgan maʼlumotlarga tayanishingizni so‘rab qolamiz”, — deyiladi Toshkent viloyati prokuraturasi bayonotda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »