Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda 2022-yil davomida davlat xaridlari orqali 1,5 milliondan ortiq shartnoma tuzilgan, bu loyihalarning umumiy qiymati 200 trillion so‘mdan oshadi. Turli narx va buyurtmalar hisobiga davlat xaridlari o‘rta va kichik biznes uchun katta bozorga aylangan. Ammo elektron tanlov va tender savdolarida kunda-kunora noqonuniy holatlar, raqobat va korrupsiyaga oid qonunlarga zid shartnomalar imzolanayotganiga guvoh bo‘lyapmiz.

Shu munosabat bilan “Daryo” nashri hamda “Davlat xaridlari ishtirokchilari uyushmasi” hamkorlikda ushbu tizimda yuzaga kelayotgan kamchiliklar, asosiy muammolar va qonunsizlikka yo‘l qo‘yayotgan holatlar to‘g‘risida maqola tayyorladi.

Infografika: Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Nazorat va tekshiruvlarning yetishmasligi

Hisob palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun moddalari buzilishi bilan bog‘liq 763 ta holat aniqlangan bo‘lib, bu shartnomalarning umumiy narxi 971 milliard so‘mga teng edi. Ko‘rsatkich xuddi shu davrdagi qurilish sohasiga oid tenderlar bo‘yicha 3,5 trillion so‘mni tashkil etgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hisobotida aytilishicha, 2021-yilda 452 ta tenderdagi qonun buzilishi holatlarining umumiy miqdori 145,3 milliard so‘m bo‘lgan. Va bu faqat aniqlangan holatlar.

Bundan kelib chiqadiki, 2021-yilda jami 1215 ta qoidabuzarlik aniqlangan, bu umumiy shartnomalar sonining qariyb 1 foizini (4,6 trillion so‘m) tashkil etadi xolos. Misol uchun, Rossiyada 2020-yilda davlat xaridlariga 29,1 trillion rubl (taxminan 440 milliard dollar) sarflangan. Shundan 6,56 trillion rubl korrupsion to‘lovlarni tashkil etib, umumiy summaning 22 foiziga to‘g‘ri kelgan. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich atiga 1 foizni ko‘rsatgan.

Albatta, barcha savdo va lotlarni obdon tekshirib chiqish qiyin vazifa, lekin korrupsiyaviy holatlar minimallashtirilgan tizim yaratish mumkin.

Sohani tartibga soluvchi tashkilot zarur

Tadbirkorlarda davlat xaridlariga bo‘lgan qiziqish ortib borayotgani, barcha tenderlarni ham nazorat qilib bo‘lmayotgani sababli shu sohaga qat‘iy ixtisoslashgan vakolatli tashkilot, moliyaviy politsiyaga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Ushbu tashkilot jamoatchilik nazorati va savdo ishtirokchilarining murojaatlariga zudlik bilan javob berishi, joylarda tekshiruvlar o‘tkazishi zarur.

“Moliya vazirligi davlat xaridlari tizimida nazorat qiluvchi organ bo‘lishi noto‘g‘ri. Sababi vazirlik budjet tashkilotlariga mablag‘ ajratadi va uning o‘zi bu holatni nazorat qiladi. Javobgarlik chegaralarini ajratish lozim”, — deydi “Tenderzone” rahbari Kamol Niyozov.

Tanlov savdosisiz xarid qilish muammosi

Statistikadan ko‘rinib turibdiki, savdolarning 41.9 foizi to‘g‘ridan to‘g‘ri, 14.4 foizi yagona yetkazib beruvchilar orqali, raqobatsiz tarzda amalga oshirilmoqda. Bu umumiy lotlarning yarmidan ko‘pini tashkil etadi va tabiiyki ularning har birini tekshirib chiqishga hozirda sharoit hamda texnik baza yetarli emas. Nega davlat xaridlarining 55 foizi raqobat muhitisiz yuz berayotgani tushunarsiz.

Infografika: Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Yuklatilgan ortiqcha garov

Bugungi kunda davlat xaridlarida ishtirok etish uchun tadbirkorning maxsus hisobvarag‘ida savdo boshlang‘ich summasining 3 foizi miqdorida garov summasi bo‘lishi kerak. Agarda ishtirokchi tomonidan taklif etilgan narx savdo boshlangich narxining 20 foizidan past bo‘lsa, u taklif qilgan va boshlang‘ich narxlar o‘rtasidagi farq miqdorida qo‘shimcha garov summasi kiritilishi zarur. Qo‘shimcha garov summasi bo‘lmagan taqdirda berilgan taklif avtomatik tarzda elektron tizimdan chetlashtiriladi.

Masalan, davlat sirki havo sharlarini sotib olish uchun savdo e’lon qildi. Boshlang‘ich narx — 100 million so‘m. Savdoda ishtirok etishimiz uchun narx taklifimizga mutanosib garov summasi kerak bo‘ladi. Biz beradigan narx 60 million so‘m bo‘lgan taqdirda — 55 million so‘mi mahsulotning tannarxi, 5 million so‘mi sof foyda hisoblanadi. Auksion narxlarni ketma-ketlikda arzonlashtirish tizimi orqali amalga oshadi va eng past narx bergan ishtirokchi savdo g‘olibi deb topiladi.

Har qaysi ishtirokchi savdo boshlang‘ich narxining 2 foizi miqdorida arzonroq taklif berishi mumkin: birinchi ishtirokchi 2 foiz arzonroq, ikkinchi ishtirokchi 4 foiz, uchinchisi 6 foiz va hokazo. Bu holatda bizning minimal narximiz 20 foizdan past (80 million so‘m o‘rniga 60 million so‘m). Demak, 3 million so‘m garov summasi bilan birga yana 30 million so‘m miqdorida garov summasini kiritishimiz kerak.

Skrin:  “etender.uzex.uz”

Bundan kelib chiqadiki, 60 million so‘mlik savdoda ishtirok etishimiz uchun bizga mahsulotni xarid qilishga 55 million so‘m, garov summasi uchun 33 million so‘m — jami 88 million so‘m mablag‘ kerak bo‘ladi. Bunday garov algoritmi garov uchun ko‘proq pulga ega bo‘lgan kompaniyalar g‘alaba qozonishiga olib keladi, kichik va o‘rta biznes esa ko‘pincha chetda qoladi.

Bu yerda “Matfey effekti”, ya’ni afzalliklarning notekis taqsimlanishi hodisasi namoyon bo‘lmoqda. Avvaldan ustunliklarga ega bo‘lganlar ularni ko‘paytirayotgan bir vaqtda, cheklangan taraf imkoniyatlar tengsizligi sabab ko‘proq mahrum bo‘lishda davom etadi. Oddiy so‘zlar bilan aytganda: boylar boyib ketaveradi, kambag‘allar kambag‘allashib boraveradi.

Buyurtmachi to‘lovning 100 foiz miqdorini tovarlarni qabul qilib olganidan keyin amalga oshiradi. Bundan kelib chiqadiki, yetkazib beruvchi oldindan to‘lov haqida umid qilmasa ham bo‘ladi. Bunday algoritm kichik va o‘rta biznesning savdolardagi ishtirokini cheklaydi, budjet mablag‘larining samaradorligi va ishlatilishini pasaytiradi. AQSh, Turkiya, Rossiya va Qozog‘istondagi davlat xaridlari tizimlarini o‘rganish davomida guvoh bo‘ldikki, u yerda bunday garov talablari yo‘q. Muammoni bartaraf etish uchun garov summasini minimal miqdorda — 3 foiz etib belgilash maqsadga muvofiq.

Yetkazib berilgan tovarlar yoki xizmatlarning muvofiqligi ustidan nazoratining yo‘qligi

Davlat xaridlarida buyurtmachilar savdolarda mahsulotga nisbatan bo‘rttirilgan xususiyatlarni talab qilishi, lekin aslida pastroq sifatdagi tovarlarni qabul qilib olishi kabi holatlar tez-tez uchrab turadi. Sodda qilib aytganda, mijoz 2022-yilda ishlab chiqarilgan iPad Air plansheti kerakligini bildiradi, ammo savdodan keyin yetkazib beruvchidan Xiaomi Mipad’ni qabul qiladi. Bu yetkazib beruvchi va buyurtmachining kelishuvi bilan sodir bo‘ladi — budjet mablag‘larini o‘zlashtirishning oddiy korrupsion sxemasi. Buni tez-tez iste’mol qilinadigan ko‘plab maxsus tovarlar, kompyuter va elektron uskunalar, xomashyo va oziq-ovqat mahsulotlari orasida uchratish mumkin.

Hozirgi sharoitda respublika bo‘ylab juda ko‘p miqdorda xarid amalga oshirilishi sababli tovarlarning tender natijalariga muvofiqligini tekshirish uchun qiyosiy tahlil o‘tkazish va buyurtmachi tomonidan belgilangan xususiyatlarga rioya qilinganini nazorat qilish juda qiyin vazifaga aylangan. Ammo bunday holatlarning e’tiborsiz, jazosiz qolishi vaziyatni yanada og‘irlashtiradi va quyidagi halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin:

  • budjet mablag‘larining o‘zlashtirilishi;
  • vijdonli yetkazib beruvchilar va bozor ishtirokchilarining salbiy munosabati shakllanishi;
  • davlat xaridlari tizimiga bo‘lgan ishonchning buzilishi, ishtirokchilar sonining kamayishi;
  • budjet tashkilotlari — kasalxonalar, maktablar, bolalar bog‘chalari tomonidan iste’mol qilinadigan tovarlar va xizmatlar sifatining pasayishi;
  • xarajatlarning oshishi (past sifatli tovarlar kamroq vaqt xizmat qiladi, shuning uchun ularni tez-tez sotib olish kerak);
  • bozorda tegishli mahsulotlar narxining oshishi (masalan, “O‘zbekneftgaz” uskunalar va ehtiyot qismlarni yuqori narxda sotib olsa, bu benzin narxiga ta’sir qiladi va shuning uchun uning bozor narxi ham qimmatlashadi).

Jamoatchilik nazoratini amalga oshirish zarur. Savdo ishtirokchilari, fuqarolarga budjet tashkilotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olgan tovarlar, ishlar va xizmatlarning sifati hamda miqdorini monitoring va nazorat qilish imkoniyatini berish kerak. Agar ma’lum bir tenderdan so‘ng yutqazgan ishtirokchi buyurtmachining hududida tovarlarning sifatini shaxsan tekshirish imkoniyatiga ega bo‘lsa, bu normativ huquqiy hujjatlarda ko‘rsatilishi kerak.

Haqiqatga mos kelmaydigan yetkazib berish muddatlari

Bugungi kunda davlat xaridlari tizimida, xususan, tovarlarni yetkazib berish muddati 7 kundan oshadigan savdolar kamayib bormoqda. Va mahsulot yetkazib berish uchun kam muddatlar qo‘yishda bitim va uning murakkablik darajasi ko‘pincha inobatga olinmayapti. Buning sabablari turlicha bo‘lishi mumkin: raqobatni kamaytirish, alohida kompaniyalar manfaatlarini ko‘zlash, mahsulot sifati boshqalarga qaraganda yaxshiroq bo‘lgan ma’lum bir yetkazib beruvchidan sotib olish istagi yoki budjet mablag‘larini o‘g‘irlash uchun shunchaki til biriktirish.

Skrin:  “etender.uzex.uz”

Ayrim hollarda elektron xaridlar ko‘pincha rasmiyatchilikka aylanadi. Tender endi boshlangan, lekin mahsulot allaqachon buyurtmachiga yetkazib berilgan holatlar hozirda doimiy kuzatiladigan voqeaga aylanib ulgurgan. Agarda savdoda “kutilmagan” yetkazib beruvchi g‘olib bo‘lsa, u bilan shartnomani bekor qilish uchun har doim bahona topiladi. Bularning barchasi tadbirkorlarning halol yo‘l bilan g‘alaba qozonishiga bo‘lgan ishonchsizlikka olib keladi.

Skrin:  “etender.uzex.uz”

Masalan, Qozog‘iston tajribasini olaylik: ularning minimal yetkazib berish muddati 15 kun. Shuning uchun biz ham xuddi shunday yo‘l tutishni taklif qilamiz. Ammo qiymati 900 million so‘mdan ortiq bo‘lgan yirik tenderlar uchun yetkazib berish muddati kamida 30 kun bo‘lishi lozim. Bu sizga buyurtmani yetkazish uchun yetarli bo‘ladi.

Xulosa

Davlat xaridlari tizimidagi barcha xato va kamchiliklar bugungi kunda mavjud 500 ming tadbirkordan bor-yo‘g‘i 15—20 ming nafari tenderlarda faol ishtirok etib, shartnomalar tuzishiga olib keldi. Bu juda past ko‘rsatkich. Agar 5 yil orqaga qarasak, tizim ancha yaxshilanib, shaffof bo‘lib borayotganiga, so‘nggi yillarda ko‘plab muammolar hal qilinayotganiga guvoh bo‘lamiz. Ammo har doim hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar bor va davlat xaridlari tizimi hali ham islohotlar, tub o‘zgarishlarga muhtoj.

Aslida davlat xaridlari tizimi orqali shartnomalar tuzishdan davlat ham, yetkazib beruvchilar ham, tadbirkorlar ham, ushbu tovar va xizmatlarning iste’molchilari bo‘lgan xalq ham foyda ko‘radi. Ushbu tizim qanchalik shaffof va adolatli bo‘lsa, fuqarolar hayoti shunchalik yaxshilanaveradi.

Moliya vazirligi, Hisob palatasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasidan ushbu holatga e’tibor qaratib, tegishli munosabat berishni so‘raymiz.

Abduqahhor Qosimov
Muxbir:

Abduqahhor Qosimov

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »