Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Bir yil oldin 2022-yil 23-iyun kuni 80-yillarning kumiri Yuriy Shatunov yurak xurujidan vafot etdi. Afsonaviy “Oq atirgullar”, “Oppoq tun” va “Bolalik” qo‘shiqlari ijrochisi konsertlarida minglab odamlarga quvonch ulashgan va bolalik sog‘inchini yodga solgan.

Bugun uni afsonaga aylantirgan Yuriyning hayotidagi asosiy voqealarni eslaymiz.

Foto: Pinterest

Qiyin kechgan bolalik

Yuriy 1973-yil 6-sentabrda Boshqirdistonning Kumertau shahrida tug‘ilgan. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay otasi Vasiliy Klimenko xotinini Vera Shatunovani yangi tug‘ilgan chaqalog‘i bilan tashlab ketadi. Aynan shuning uchun onasi o‘g‘liga o‘z familiyasini beradi.

Vera Gavrilovna yana baxtini topishga urinib, ikkinchi marta turmushga chiqqanida kichkina Yuriy o‘gay otasi bilan til topisha olmay, uydan qochib keta boshlaydi. Aytishlaricha, Veraning yangi turmush o‘rtog‘i ichkilikka berilgan va jahldor odam bo‘lgan.

Foto: Pinterest

Bo‘lajak artist bir necha yil davomida Staraya Otrada qishlog‘idagi xolasi Nina Dolgushinaning uyida yashaydi va o‘sha yerdagi mahalliy maktabga boradi. Mehr yetishmasligi va oilasi bilan birga yashamasligiga qaramay, Shatunov boshqalarga jahl qilmasdi, maktabda har doim hammaning kayfiyatini ko‘tarardi — sinfdoshlari bilan hazillashardi, darsda ham ularni kuldirib o‘tirardi.

“U har doim jilmayib turardi, haqiqatan ham uning tabassumi hammani o‘ziga tortardi. Bolaligidan u oddiygina yigit edi, sinfdagi hamma bilan do‘st edi, shunchaki shumtaka bola edi”, — deb eslaydi birinchi o‘qituvchisi Galina.

O‘qituvchisi, shuningdek, Shatunov musiqaga doim mehr qo‘ygani, eshitish qobiliyati kuchli bo‘lgani, cholg‘u asboblarini oson o‘zlashtirgani, ammo rus tili va matematika darslariga qiziqmaganini aytadi.

Foto: Pinterest

1982-yilda Yuriyning onasi shaxsiy hayotini yo‘lga qo‘yib olish uchun o‘g‘lini maktab-internatga beradi, ammo ikki yildan keyin u yurak yetishmovchiligidan vafot etadi. Do‘stlarining aytishicha, Vera Gavrilovnaning sog‘lig‘iga spirtli ichimliklarni ko‘p ichish ta’sir qilgan.

Shatunovning sinfdoshi bolaligining baxtli daqiqalarini u bilan birga o‘tkazganini aytadi:

“Biz birga shisha yig‘ishga borardik, keyin ularni topshirardik. Shifoxona yaqinidagi shirinlik zavodiga kirardik, u yerda pryanikka qo‘shiladigan sirop bo‘lardi — shu siropni yerdik. Kechasi tartibni saqlash uchun tarbiyachilar qo‘yilardi. Ular xonalarni aylanib yurishardi. Agar kimningdir uxlamaganini ko‘rishsa, jismoniy mashq qilishga majburlashardi”.
Foto: Pinterest

Biroz vaqt o‘tgach, xolasi Nina Yuriyni o‘z qaramog‘iga oladi, lekin bolaning u bilan munosabatlari yomonlashadi va yana uydan qocha boshlaydi. Deyarli bir yil davomida Yuriy Boshqirdiston va Orenburg ko‘chalarini kezib chiqadi. Shundan keyin u Orenburgdagi bolalar uyiga topshiriladi va o‘sha yerning boshlig‘i Valentina Nikolayevna Tazekenovaga (keyinchalik uning vasiysi bo‘ladi) biriktiriladi. Ikki yil o‘tgach, ayol 2-sonli maktab-internatga direktor etib tayinlanadi, Yuriy ham12 yoshida u bilan birga o‘sha yerga ko‘chib o‘tadi.

Ular menga “Shu bolani tarbiyangga ol, uning ismi Shatun — ko‘chama-ko‘cha daydib yuradi”, deyishdi. Uning o‘zidan “Akbulakdagi bolalar uyiga borasanmi?” deb so‘radim. Meni u yerga direktor qilib tayinlashgandi. U “Boraman, u yerda meni urishmaydi, deyishyapti”, dedi. Shundan keyin uni olib ketdim, — deydi Valentina.
Foto: Pinterest

Shatunov bolaligini eslashni istamaydi, bu haqda gap ketsa, bolaligi bo‘lmaganini aytadi:

“Buni his qilmaganman. Bolaligim maktab-internatda o‘tdi. U yerda orzu qilish mumkin bo‘lgan yagona narsa — tezroq va ko‘proq ovqat berishlariga umid qilish edi.

Mashhurlik

1986-yilda Yuriy Sergey Kuznetsov tomonidan Orenburgda tashkil etilgan “Laskoviy may” guruhining solisti bo‘ladi. Ularning qo‘shiqlari tez orada barcha diskoteka va ko‘chalarda yangraydi. Guruhning muxlislari kundan kunga oshib boraveradi.

Foto: Pinterest

1991-yilda Qo‘shma Shtatlar bo‘ylab gastrol chog‘ida Shatunov o‘zini “yetimxona bolasi” kabi his qilishdan charchaganligi sababli guruhni tark etishga dadil qaror qiladi. Aynan o‘sha payt musiqachiga kutilmagan omad kulib boqadi — konsert tashkilotchilari uning raqamini topib, Germaniyada qo‘shiq aytishni taklif qilishadi.

Shundan so‘ng omad yana uning tomonida bo‘ladi — u ovoz rejissori sifatida o‘qiydi, kliplarda rol o‘ynay boshlaydi, 2007-yilda Myunxenda sevgilisi — Svetlana bilan turmush quradi. 2006-yilda o‘g‘li Denis, bir yildan keyin qizi Estella dunyoga keladi. 2009-yilda esa Yuriy “Bolalik” qo‘shig‘i uchun “Yil qo‘shig‘i” mukofotiga sazovor bo‘ladi.

Razin bilan ziddiyat

Foto: Pinterest

Shatunovning atrofidagi tanishlarining aytishicha, “Laskoviy may” studiyasi asoschisi va Yuriyning o‘g‘liga cho‘qintirgan ota bo‘lgan Andrey Razin bilan sudgacha borgan ziddiyatlar uning sog‘lig‘iga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. U bilan Yuriy bir necha yil davomida guruhning barcha qo‘shiqlariga bo‘lgan huquqlar uchun kurashadi, (garchi Razin guruhni ancha oldin tark etgan bo‘lsa ham).

2022-yil iyun oyida Stavropol sudi “Laskoviy may” qo‘shiqlariga bo‘lgan huquqlari bo‘yicha Razinning da’vosini rad etadi va Shatunov tarafini oladi. Ushbu qarordan keyin Razin Yuriyga tahdid qila boshlaydi, ammo bu Yuriyni qo‘rqitmaydi.

Foto: Pinterest

Yuriy g‘alaba qozonganiga qaramay, bu quvonchli voqeaning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. Bir hafta o‘tgach, Moskva yaqinidagi Rastunovo qishlog‘ida do‘stlari bilan dam olayotgan musiqachining yuragi xuruj qiladi. Shatunov 49 yoshida o‘zining orzusi — ko‘rishni juda xohlagan nabiralariga bobo bo‘lolmay vafot etadi.

“O‘sha mudhish kundagi voqealar xotiramda birin-ketin jonlanadi. Bu haqda ko‘z yoshlarsiz gapirish qiyin. Men hali ham Yuriyning eshik qo‘ng‘irog‘ini bosishini va: “Mana, men uydaman, azizlarim”, deyishini kutyapman. Og‘riq susaymaydi. Vaqt davolamaydi”, — deydi musiqachining bevasi Svetlana.
Foto: Pinterest

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »