Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekiston joriy yil 1-oktabrdan Rossiyadan kuniga 9 million kubometr tabiiy gaz import qila boshlaydi. Ammo Rossiya gazi necha puldan sotib olinayotgani ochiqlanmayapti.

Foto: Enrgetika vazirligi

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston Rossiyaga gaz uchun qancha to‘lashini ochiqlay olmasligi, lekin narxni belgilashda milliy manfaatlardan kelib chiqilganini aytdi, deya xabar bermoqda Kun.uz.

Vazirning tushuntirishicha, shartnoma ikki tomonlama bo‘lgani uchun narx sir tutiladi.

“Narx izohini berdik, milliy manfaatlarimiz va bozor konyunkturasidan kelib chiqqan holda narx kelishildi. Narxni oshkor qilolmaymiz, chunki bu – ikki tomonlama shartnoma. Buni tushuntirganmiz. Umuman, shu yo‘nalishdagi shartnomalarni qarasangiz, biror shartnomada (narx) ochiqlanmaydi, lekin shuni aytishim mumkinki, milliy manfaatlarni inobatga olgan holda raqobatbardosh narxga kelishildi”, — degan Mirzamahmudov.
Jo‘rabek Mirzamahmudov 
Foto: “Daryo”

Shuningdek, vazir Rossiya bilan tuzilgan shartnomaning gaz narxini “mintaqadagi bozor narxlari asosida, shuningdek, respublikamizdagi amaldagi narxlar hamda ularni bozor tamoyillari asosida shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan islohotlardan kelib chiqib, kelishilgan” degan qismiga ham izoh bergan.

“Narx bo‘yicha islohot qilmas ekanmiz, eʼtibor bersangiz, generatsiya va taqsimot liniyalari, yetkazib berish bo‘yicha ishlayapmiz, lekin isteʼmol, energiya samaradorligi jihatdan narxlarni muvofiqlashtirmas ekanmiz, birinchi o‘rinda, investorlar kelmaydi. Investorlar nega keladi? Ularga tarif kerak. Ikkinchidan, isteʼmol samaradorligini oshirishimiz kerak. Shuning uchun albatta bu bo‘yicha ishlayapmiz, taklif kirityapmiz”, — degan u.

Iqtisodchi Otabek Bakirov mazkur xabarga: “milliy manfaatlardan kelib chiqilgan bo‘lsa, ochiqlash kerak”, — deya munosabat bildirdi.

Xitoy bojxonasi maʼlumotlariga ko‘ra, Rossiya Xitoyga ming kub gazni o‘rtacha 290 dollardan, Turkmaniston esa 240 dollar atrofida sotadi. Bu narxga tranzit xarajatlari kirmaydi.

“Agar shu narxlarga o‘lchov olinsa, import va ichki narxlar o‘rtasida o‘rtacha 200 dollar atrofida farq yuzaga chiqadi. Buni qoplashga budjetda hech qanday imkoniyat yo‘q, agar yana qarz olinmasa. Shuning uchun vazirlik ehtiyotkorlik bilan ‘amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan islohotlardan kelib chiqib’, degan iborani ham qo‘llagan. Bu, balki, 1-oktabrdan keyin hech bo‘lmasa biznes uchun amaldagi tariflarni bozor narxlariga yaqinlashtirish mumkinligiga ishora beradi”, — deya avvalroq fikr bildirgandi Otabek Bakirov.

O‘tgan yili O‘zbekiston hukumati gaz va elektr energiyasi sotuvini bozor narxlariga yaqinlashtirishga uringandi. Yaʼni, 2022-yil may oyida Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilingan. Qaror loyihasida elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlarini ijtimoiy norma asosida belgilash va oshirish nazarda tutilgan. Bu jamoatchilik eʼtirozlari va umuman, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan. Keyin Energetika vazirligi qarori loyihasi ishchi guruh tomonidan o‘rganilayotganini, 2022-yil 1-iyuldan elektr va gaz narxi oshirilmasligini maʼlum qilgan.

Joriy yilning mart oyi yakunida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov aholi uchun gaz va elektr energiyasiga to‘lov narxlari 2023-yilda oshirilmasligini aytgan.

“Narxlar oshadimi yo‘qmi, aniq ayta olmayman. Ammo aholi uchun aniq oshmaydi. Hozirda ushbu masala bo‘yicha muhokamalar ketmoqda, turli variantlar ko‘rib chiqilmoqda”, — degan u.

Vazir o‘rinbosarining taʼkidlashicha, tabiiy gaz va elektr energiyasi sohasida aholi hamda yuridik shaxslar uchun tariflar 2019-yil avgustdan beri o‘zgarmay kelmoqda. Joriy yilda jalb qilinadigan tashqi qarzdan 14,5 trillion so‘mi gaz narxi uchun beriladigan subsidiyaga sarflanadi.

“Mazkur xarajatlarning bir qismi gaz narxidagi tafovut bilan bog‘liq. Bir kub metr gazni qazib olish narxi 550 so‘m bo‘lsa, aholiga sotayotgan narximiz 380 so‘mdan bo‘lmoqda”, — deya qo‘shimcha qilgan Dilshod Sultonov.

Davlat statistika agentligi 2022-yilda mamlakatda 51,6 milliard kub metr, 2021-yilda 53,8 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olinganini maʼlum qilgan. Yaʼni gaz qazib olish hajmi bir yilda 2,6 milliard kub metrga kamaygan. Gaz qazishning kamayib borishi hisobiga importga ehtiyoj ortgan. 

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »