Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Tovlamachilik, firibgarlikda ayblanayotgan jurnalist va bloger Abduqodir Mo‘minov ishi bo‘yicha sud majlisi boshlandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudi raisi Sardorbek Sodiqov boshchiligidagi sudda dastlab prokuror sudlanuvchiga nisbatan qo‘yilayotgan ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi.

Shundan so‘ng sudya Abduqodir Mo‘minovdan sud tarkibiga eʼtirozi bor yoki yo‘qligi xususida so‘radi. Sud hayʼatiga eʼtiroz qilmagan sudlanuvchi sud taklif qilgan advokat xizmatini rad etdi. Ammo davlat tomonidan tayinlangan advokat himoya qilishiga eʼtirozi yo‘qligini maʼlum qilgach, bir advokat zaldan chiqib ketdi, ikkinchisi esa ishini davom ettirdi.

Abduqodir Mo‘minov.
Foto: “Daryo”
Abduqodir Mo‘minovning advokati.
Foto: “Daryo”

Ayblov xulosasida taʼkidlanishicha, YouTube platformasidagi “Ko‘zgu” sahifasi muallifi, bloger Abduqodir Mo‘minov Jinoyat kodeksining

  • 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari,
  • 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi,
  • 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b”, “v” bandlari, 4-qismi “a” bandi,
  • 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi va
  • 28,211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Prokuror ayblov xulosasini o‘qib eshittirmoqda.
Foto: “Daryo”
Foto: “Daryo”

Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 14 nafar jabrlanuvchi mavjud bo‘lib, jinoyat oqibatida ularga jami 903 421 567,5 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.

Sud tergovi Abduqodir Mo‘minov talabiga binoan jabrlanuvchilarni eshitish bilan davom etdi.

Foto: “Daryo”

Dastlab so‘z olib, jabrlanuvchi ekanini aytgan Zomin davlat qo‘riqxonasi direktori o‘rinbosari A.T. bloger qo‘riqxona faoliyatiga oid tanqidiy videoga ega bo‘lganini qo‘riqxona direktoriga aytib, mazkur videoni YouTube’da chiqarmaslik uchun katta miqdorda, dastlab 70 ming, so‘ng 60 ming va yakunda 45 ming dollar so‘raganini aytdi. Mazkur ayblov borasida fikr bildirgan sudlanuvchi qo‘riqxona faoliyatiga oid tanqidiy videoga ega bo‘lganini, bu borada qo‘riqxona direktoridan izoh so‘raganini tasdiqladi. Ammo so‘ralgan pul ularning takroriy iltimoslari va “aka, xizmat bo‘lsa qilamiz”, degan takalluflari javoban yangraganini inkor etmadi.

Foto: “Daryo”
Qo‘riqxona direktori nomidan kelgan kuyovi va o‘rinbosari mening yonimga kelib, bosh egib, takroriy iltimoslar qilgach, “aka, xizmat bo‘lsa ayting, qilamiz” deb yalinavergach, o‘sha ko‘rsatuvimni sotib ol va mualliflik huquqiga ega bo‘l deb, katta narx aytganman. Aslida men bunaqa katta narx aytib, ularni qochirmoqchi edim. Bu pullarni baribir olmasdim, — deydi sudlanuvchi sudya savoliga javob berar ekan.
Foto: “Daryo”

Yana bir jabrlanuvchi A.U. esa blogerga muammosi haqida aytganini, jurnalistik surishtiruv qilib berishini so‘raganini taʼkidlab, shartnoma asosida 8 million so‘m miqdorida pul mablag‘ini hisob raqamiga o‘tkazib berganini, ammo shartnoma shartlari bajarilmaganini bildirdi. Mazkur ayblovga munosabat bildirgan Mo‘minov haqiqatdan ham A.U.dan shartnoma asosida shuncha pul olganini, lekin o‘rganilayotgan masala murojaatchi manfaatiga zid bo‘lib chiqayotgani uchun ko‘rsatuvni ommaga eʼlon qilmaganinini aytdi.

Foto: “Daryo”
Murojaatchilar odatda jurnalistlarga murojaat qilsa, najot kutadi. Ishim yengil bo‘larmikin, bitarmikin deb. Men mazkur shartnomaga ko‘ra, ikki marotaba Qashqadaryoga borib keldim. Sudda qatnashdim. Sudda ikkinchi tomon fikrlarini ham tinglaganimda, muammo menga murojaat qilgan murojaatchi manfaatlariga qarshi bo‘lib chiqayotgani va ko‘rsatuvni chiqarsam unga minus ketishini angladim. Shu sabab uni ofisimga chaqirib, bu ko‘rsatuvni olib chiqsam, ayblaring ochilib qolyapti. Surishtiruvni davom ettiring desang, davom ettiray, yo‘q desang, to‘xtatay dedim. Mayli, unda shartmas degach, bu ko‘rsatuvni YouTube’ga joylashtirmadim. Shuncha mehnatimga qaramay, pulimni bering desa, to‘lab berishga tayyorman, — deydi Abduqodir Mo‘minov.

Yana bir jabrlanuvchi E.B. yangi sotib olgan kvartirasi bilan bog‘liq muammoli holat yuz berganini, mazkur muammoni xolis va shaffof o‘rganish uchun Abduqodir Mo‘minov bilan 3 ming dollarlik shartnoma imzolaganini, oldindan ming dollar tariqasida 10 million 100 ming so‘m mablag‘ni blogerning hisob raqamiga o‘tkazib berganini, lekin bloger shartnoma shartini bajarmaganini aytib, daʼvo qildi.

Foto: “Daryo”
Bu ishni o‘rganish uchun Zangiota tumani IIB, Toshkent viloyati IIB binolariga bir necha bor qatnaganmiz. Shu ish yuzasidan bormagan, kirmagan tashkilotimiz qolmagan. Ancha mehnat qilganman. Agar shuncha mehnatimga qaramasdan pulimni bering desa, qaytirishga tayyorman, — deydi sudlanuvchi.

Mazkur iddao yuzasidan jabrlanuvchiga savol bergan advokat shartnoma 3 ming dollarlik ekanini, oldindan qilingan to‘lov ming dollarni tashkil qilishini eslatib, “balki shartnomadagi pullarni to‘liq to‘laganingizda himoyam ostidagi sudlanuvchi siz so‘ragan ko‘rsatuvni internetda eʼlon qilishi mumkin edi, nega pulni to‘liq o‘tkazmadingiz?”, — deb so‘radi. Biroq, tayinli javob ololmadi.

Foto: Oliy sud axborot xizmati

O‘zini jabrlanuvchi sifatida tanishtirgan yana bir fuqaro Abduqodir Mo‘minovdan 70 ming dollar daʼvo qilayotganini, bu pullarni unga deputat bilan o‘rtasidagi muammoli holat va o‘zga shaxsdagi 500 ming dollar pullarini olib berish maqsadida berganini aytib, “Birorta savodli blogerni ko‘rmadim, ikkita blogerga duch keldim, ikkalovi ham bir-biridan o‘tgan savodsiz ekan. O‘zi chayla uyda yashaydi, lekin muammoyingni aytish uchun chaqirsang, uyingga borgach, sening uyingda yotmasligini, mehmonxonada yotishini, olma sharbati ichishini aytib, shohona hayotda yashaydi”, — dedi.

Foto: “Daryo”

Navbatdagi jabrlanuvchi ayblovlariga javob qaytargan Abduqodir Mo‘minov ushbu fuqaro haqiqatdan ham unga murojaat qilib kelganini, uning muammosini olib chiqsa, 500 ming dollar pulning 15 foizini berishini aytganini, biroq u 20 foiz deb so‘raganini eslab, “Aka shunchalik mard ekanki, xo‘p 20 foiz beraman dedi”, deydi. Ammo men bu insondan pul ololmaganman. 70 ming dollar degan gaplar tuhmat”, — dedi.

Foto: “Daryo”
Shundan so‘ng shartnoma tuzildi. Lekin 15-20 kun shu muammo bilan shug‘ullanib, Xorazmgacha borib keldim, shunga qaramasdan bir so‘m ololmadim. Tan olaman Xorazmga borib kelishda mashinam buzilib qolgani uchun 200 dollar bergan, — deydi sudlanuvchi jabrlanuvchining aybloviga javob qaytarar ekan.   

Aniqlanishicha, xorazmlik jabrlanuvchi va Abduqodir Mo‘minov qiymati 1 milliard 47 million so‘mlik shartnoma imzolagan.

Sud 2023-yilning 27-iyul kuni soat 10:30 gacha tanaffus eʼlon qildi.

 

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »