Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonning uchta viloyatida ichimlik suvi narxlari birdaniga ikki barobarga oshirilmoqda. Jumladan, Qashqadaryoda aholi uchun 1 metr kub ichimlik suvining narxi amaldagi 1 000 so‘mdan 2 ming so‘mga, Surxondaryoda 1 ming 150 so‘mdan 2 140 so‘mga, Toshkent viloyatida 950 so‘mdan 1 ming 700 so‘mga qimmatlashmoqda.

Foto: “Daryo”

Amaldagi tariflarga ko‘ra, eng arzon ichimlik suvi Toshkent shahrida (1 metr kub suv uchun 400 so‘m), eng qimmati esa Navoiy viloyatida (1 metr kub suv uchun 3 ming so‘m) ekanini ko‘rish mumkin. Hozircha qolgan hududlardagi tariflar o‘zgarishsiz qolmoqda.

Toshkentda nafaqat ichimlik suvi, balki oqar suv ham 2024-yil 1-yanvardan pullik bo‘lishi belgilandi.

Yuqoridagi choralar O‘zbekistonda 2050-yilga borib suv tanqisligi besh barobarga oshishi, so‘nggi 15 yil ichida aholi jon boshiga yillik suv hajmi 3 ming 48 metr kubdan 1 ming 589 metr kubgacha kamaygani bilan bog‘liq.

Mutaxassislar suv va energiya resusrlari narxlarini belgilashda ko‘proq ishlatgan ko‘p to‘lashi, yaʼni toifalangan to‘lov tizimi joriy etishni taklif qilmoqda. Masalan, aytaylik, oyiga 10 metr kub suv ishlatganlar har metr kub suv uchun 500 so‘m to‘lasa, undan ko‘p ishlatganlar har metr kub suv uchun 1 000 so‘mdan to‘lashi kerak. Shunda tabiiy ravishda iste’molchi kamroq to‘lash uchun suvni tejashga harakat qiladi.

“Daryo” muxbiri “O‘zsuvtaʼminot” jamiyati axborot xizmati rahbari Akmal Murodovdan ichimlik suvi narxlarini belgilashda toifalangan to‘lov tizimi joriy etish ko‘zda tutilmoqdami, degan savol bilan murojaat qildi. Akmal Murodovning javob berishicha, “hali unday choralar yo‘q”.

Mamlakatdagi vaziyat

Dunyoning ko‘plab davlatlarida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham ichimlik suvi tanqisligi dolzarb muammolardan biri. Buni aholining ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 70 foiz ekanidan ham anglash qiyin emas. Jumladan, Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida ichimlik suvi taʼminoti 60 foizdan kam. G‘uzor, Dehqonobod, Koson, Sherobod, Angor, G‘allaorol va Xatirchi tumanlarida bu ko‘rsatkich 30 foizga ham yetmaydi. Ichimlik suvi taʼminoti ko‘rsatkichi respublika bo‘yicha eng past hudud – Qashqadaryo viloyatidir (43 foiz).

Jahon banki tahlillariga ko‘ra, 2050-yilga borib O‘zbekistonda joriy suv tanqisligi besh barobarga oshadi. “O‘zsuvtaʼminot” AJ bosh mutaxassisi Anvar Muhammadaliyevning yozishicha, so‘nggi 15 yil ichida aholi jon boshiga yillik suv hajmi 3 048 m3 dan 1 589 m3 gacha kamaygan.

Jahon banki, shuningdek, 2050-yilga borib Sirdaryo havzasida suv resurslari 5 foizgacha, Amudaryoda 15 foizgacha kamayishi kutilayotganini prognoz qilgan. Hisob-kitoblarga qaraganda, 2050-yilda Markaziy Osiyoda chuchuk suv taqchilligi yalpi ichki mahsulotning 11 foizga pasayishiga olib kelishi mumkin.

Umuman olganda, dunyoda ichimlik (chuchuk) suv tanqisligi uzoq emas, yaqin 7 yildan so‘ng, yaʼni 2030-yilga kelib 40 foizga ortishi prognoz qilinmoqda.

Dunyo bo‘ylab suv narxlari

Markaziy Osiyoda ichimlik suvi uchun to‘lov narxi eng yuqori mamlakat Qozog‘iston hisoblanadi. Mamlakatda hududlariga qarab aholi har kub suv uchun 73 tengedan (1 905 so‘m) 304 tengegacha (7 934 so‘m) to‘lov qiladi.

Tojikiston aholisi 1 kub metr suv isteʼmoli uchun 1 somonidan (1 061 so‘m) 1,73 somonigacha to‘laydi. Mamlakat poytaxti Dushanbeda suv hisoblagichi bor yoki yo‘qligiga qarab narxlar belgilanadi. Masalan, hisoblagichi borlar 1 kubometr suvga 1,73 somoni, hisoblagichsizlar (1-12- qavatlarda yashasa) 6,24 somoni, 12-qavatdan yuqorida istiqomat qiluvchilar 8,33 somoni to‘laydi. Qirg‘izistonda aholi har kubometr suvga 6,84 som (904 so‘m) to‘laydi. Turkmanistonda esa belgilangan limitdan ko‘p isteʼmol qilingan suvning 1 kubometri 0,5 manat (1 662 so‘m) turadi.

Infografika: waternewseurope.com

Maʼlumotlarga qaraganda, hozirda Yevropa davlatlari aholisi ichimlik suvi uchun dunyodagi eng yuqori narxda to‘lov qiladi. Ro‘yxatda birinchi o‘rinni Norvegiya egallagan. Mamlakat fuqarolari 1000 litr (1 kubometr) ichimlik suvi uchun 5,51 yevro to‘laydi. Keyingi o‘rinlarda Germaniya (4,67 yevro), Daniya (4,37 yevro), Niderlandiya (3,99 yevro) keltirilgan.

Yevropadagi davlatlarning barcha shaharlari ichida ichimlik suvi Italiyaning Neapol shahrida eng arzon hisoblanadi. U yerda har bir kubometr chuchuk suv narxi 1,42 yevro turadi. Amerikada esa suv narxi Yevropadagi narxlardan 3 barobar arzonroq.

Nega suv narxi oshirilyapti?

“O‘zsuvtaʼminot” AJ axborotiga ko‘ra, viloyatlarda aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasini oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, suv hamda kanalizatsiya inshootlari barpo etilishi zarur. Bundan tashqari, ish haqi, elektr-energiya, soliq to‘lovlari, xorijiy kreditlar to‘lovi amalga oshirilgan bo‘lib, joriy va kapital taʼmirlash, tizimni modernizatsiya qilish ishlarida ham sarf-xarajatlar talab etiladi. Shundan kelib chiqib, ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari uchun yangi tariflar tasdiqlanmoqda.

Yana bir masala borki, so‘nggi paytda O‘zbekistonda suv narxi arzonligi bois uni isrof qilish holatlari ko‘paygani jamoatchilik eʼtiboriga tushgan. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Yevropa davlatlari, xususan, Daniyada suv narxi qimmatligi sababli uni tejash, suvdan unumli va to‘g‘ri foydalanish darajasi yuqori. Narxlar oshishida birinchi navbatda suv isrofini kamaytirish va bozor narxlarini joriy qilish orqali, undan unumli foydalanish darajasini oshirish nazarda tutilayotgan bo‘lishi mumkin.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »