Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

AQSHning Konnektikut shtatidan senator, Demokratik partiya a’zosi Kris Myurfi Markaziy Osiyo davlatlaridan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistonga AQSH bilan doimiy normal savdo aloqalariga ega davlatlar statusini (PNTR) berish kerak, degan fikrni bildirdi va buning sabablarini izohladi. Senatorning maqolasi The Diplomat nashrida chop etildi.

Foto: AQSH Senati veb-sayti

“Shu yilning yanvar oyida Ukrainaning Bucha shahrida qiziq manzara paydo bo‘ldi. O‘rta Osiyoda anʼanaviy ko‘chmanchilar tomonidan foydalaniladigan katta, yumaloq uy (o‘tov) Rossiyaning Ukrainadagi energetika infratuzilmasiga bergan zarbalari oqibatida achchiq sovuq va elektr quvvati uzilishidan aziyat chekayotgan ukrainaliklarga issiq boshpana, internet va qozoq milliy taomlarini taklif qildi. Ukrainaning boshqa shaharlarida ham “yengilmas uy”lar paydo bo‘ldi.

O‘tovlar qozoq xalqining mehribon insonparvarlik harakati bo‘lib, Qozog‘istonning Ukraina bilan hamjihatlikda bo‘lish hamda Moskvaning Markaziy Osiyodagi an’anaviy hukmronligiga qarshi kurashish istagi ortib borayotgani ramzidir”, — deya maqolasini boshlagan senator.

Uning ta’kidlashicha, bunday jimgina bo‘ysunmaslik harakati mintaqadagi o‘zgaruvchan geosiyosiy dinamika ramzidir. Qo‘shni Rossiya va Xitoy Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston kabi davlatlarga katta ta’sir o‘tkazayotgan bir paytda AQSH anchadan buyon bir chetda turibdi. 

“Lekin bu ta’sir chegaralanganini ko‘ryapmiz, chunki Markaziy Osiyo davlatlari Xitoyga va xalqaro mavqeyi pasaygan Rossiyaga qaramlikdan ehtiyot bo‘lmoqda. AQSH ushbu imkoniyatdan foydalanishi hamda ekspluatatsiyadan ko‘ra hamkorlikka asoslangan strategik muqobil taklif qilishi kerak”, — deyiladi maqolada.

Senator Sovuq urush davrida SSSR bilan savdo aloqalarini cheklash uchun qabul qilingan Jekson-Venik qonunini eslatib, Markaziy Osiyo davlatlari allaqachon mustaqillika erishgan bo‘lsa-da, ushbu qonun ular bilan munosabatlarni hamon cheklayotganini qayd etdi.

SSSR parchalanganidan beri AQSH prezidentlari O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston Jekson-Venikda belgilangan emigratsiya qoidalariga rioya qilayotganini bir necha bor tasdiqlagan. Qonun tashabbuskorlari ham bu uchala davlatga PNTR maqomi berilishini qo‘llab-quvvatlagan.

“So‘nggi bir necha o‘n yilliklarda Kongress ko‘plab sobiq Sovet davlatlarini, shu jumladan, Rossiyani ham PNTR maqomiga o‘tkazish uchun qonunlar qabul qildi. Ammo Markaziy Osiyoning ba’zi davlatlari 1970-yillarda qolib ketgan, bunga sabab ular PNTR maqomiga noloyiq bo‘lgani emas, balki mintaqaga e’tibor yo‘qligida”, — deydi Myurfi.

O‘zining strategik joylashuvidan tashqari, Markaziy Osiyo uglevodorodlar va noyob yerosti minerallari kabi muhim resurslarga boy. Senatorning aytishicha, AQSH muhim minerallar uchun poygaga kech qoldi, ammo Bayden ma’muriyati ta’minot zanjirlarini yaratish va kengaytirish uchun jiddiy harakatlar qildi.

Myurfining so‘zlariga ko‘ra, yillik yalpi ichki mahsuloti 280 milliard dollarga teng bo‘lgan ushbu mamlakatlarga PNTR maqomini berish AQSH bizneslariga bu mamlakatlar bozoriga yaxshiroq kirish imkonini beradi, savdo va investitsiyalarni rag‘batlantiradi va o‘sish uchun imkoniyatlar yaratadi. Shuningdek, bu Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotini diversifikatsiya qilishi, ish o‘rinlari yaratishi va aholisining turmush darajasini oshirishi mumkin, shu bilan birga Rossiya va Xitoyga iqtisodiy qaramlikni kamaytiradi.

“Shubha yo‘qki, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston Qo‘shma Shtatlar bilan yaqin munosabatlar o‘rnatishdan avval inson huquqlari va siyosiy erkinliklarni ilgari surish masalasida ko‘p ish qilishi kerak, biroq PNTR maqomini berish bu muammolarni hal qilishda ko‘proq imkoniyat yaratadi”, — ta’kidladi u.

Senatorning xulosa qilishicha, Rossiyaning Ukrainaga bosqini tufayli uning Markaziy Osiyoga ta’siri pasaygani va bu mamlakatlar Xitoydan ehtiyot bo‘layotgani sababli, AQSH Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni qayta belgilash imkoniyatiga (va majburiyatiga) ega.

Kongress O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistonga PNTR maqomini berish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qabul qilish orqali AQSHning mintaqadagi strategik va iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish uchun qulay daqiqadan unumli foydalanishi, bu mamlakatlarni Jekson-Venik qo‘ygan eski cheklovlardan xalos qilishi kerak, deb maqolani yakunlagan Kris Myurfi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »