Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Temiryo‘l transporti sohasi xodimlariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni Prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Hurmatli do‘stlar!

Avvalo, sizlarni – zahmatkash ishchi va xizmatchilar, quruvchi va muhandislarni, mashinist va vagon kuzatuvchilari, soha faxriylarini Temiryo‘l transporti xodimlari kuni bilan chin dildan samimiy tabriklayman.

Yangi O‘zbekistonni – jadal rivojlanib, dunyoga yuz tutayotgan davlat va jamiyatni barpo etishda siz, azizlarning o‘rningiz va hissangiz beqiyos ekanini barchamiz minnatdorlik bilan e’tirof etamiz.

Jonajon Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi arafasida nishonlanayotgan ushbu qutlug‘ ayyomda O‘zbekiston temiryo‘llari istiqlol davrida katta rivojlanish yo‘lini bosib o‘tganini ta’kidlashimiz tabiiydir.

Bu davrda 2 ming 400 kilometrdan ko‘proq yangi temiryo‘llar qurilib, foydalanishga topshirildi, 3 ming kilometrdan ziyod yo‘llar elektrlashtirildi, 1 ming 100 kilometrdan ortig‘i esa reabilitatsiya qilindi.

Hech shubhasiz, temiryo‘l tarmoqlarining kengayib borayotgani barcha hududlarimizni o‘zaro mutanosib rivojlantirish, boy mineral xomashyo resurslarini kompleks o‘zlashtirishda yangi-yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Buni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilganidan buyon yuk va yo‘lovchi tashish hajmi 2 barobardan ziyod ko‘paygani, 1,6 milliard tonna yuk tashilib, 380 million nafar yo‘lovchi manzilga yetkazilgani ham yaqqol tasdiqlaydi.

Sizlar kabi minglab fidoyi yurtdoshlarimizning mas’uliyatli mehnati tufayli mamlakatimizda zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lgan, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlarini to‘liq ta’minlay oladigan yaxlit temiryo‘l tizimi barpo etilib, respublikamizning barcha hudud va mintaqalarini ishonchli va samarali bog‘lab kelmoqda.

Hozirgi kunda yurtimiz zamonaviy transport kommunikatsiyalari va yuksak tranzit salohiyatiga ega bo‘lgan davlat sifatida Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni o‘zaro bog‘laydigan xalqaro temiryo‘llarning muhim halqasiga aylangani bilan har qancha faxrlansak arziydi.

Poytaxtimizdan Samarqand, Buxoro, Qarshi kabi tarixiy shaharlarimizga qatnayotgan zamonaviy “Afrosiyob” elektropoyezdlari milliy temiryo‘l transportimizning brendiga aylandi. Nasib etsa, kelgusi yilda Buxoro—Xiva yo‘nalishida ham yuqori tezlikda harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlari qatnovini yo‘lga qo‘yamiz. Bu esa aholimiz uchun har tomonlama qulaylik yaratish bilan birga, turizm sohasi rivojini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston temiryo‘lchilari aeroportlar, metro liniyalari, ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar qurish, konlarni o‘zlashtirish borasida ham muhim strategik loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etib kelmoqda.

Mamlakatimiz Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib temiryo‘l sohasida o‘zining og‘ir mashinasozlik va quyuv-metallurgiya sanoatiga ega bo‘ldi. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan yirik sanoat korxonalari barpo etilib, vagon ishlab chiqarish, lokomotivlar, yuk va yo‘lovchi vagonlarini modernizatsiya qilish va ta’mirlash yo‘lga qo‘yildi.

Eng muhimi, sohada amalga oshirilayotgan murakkab boshqaruv va texnologik ishlarning barchasi o‘zimizning mahalliy mutaxassislarimiz, azmu shijoatli yoshlarimiz tomonidan bajarilmoqda.

Fursatdan foydalanib, ushbu tizimda sidqidildan mehnat qilayotgan barcha yuksak mahoratli, jonkuyar insonlarga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan tashakkur bildiraman.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Mamlakatimiz temiryo‘l tizimini modernizatsiya qilish, sohaga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etgan holda yirik va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, yangicha fikrlaydigan, Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan zamonaviy kadrlarni tayyorlash borasida hali ko‘p ish qilishimiz kerakligini, albatta, barchamiz yaxshi tushunamiz.

O‘tgan davrda katta bilim va tajriba orttirgan temiryo‘l sohasi xodimlari o‘zlarining mardona mehnati, bunyodkorlik salohiyati bilan oldimizda turgan vazifalarni muvaffaqiyatli ado etadilar, deb ishonaman. Bu maqsadlarga erishish uchun davlatimiz tomonidan barcha zarur sharoitlar yaratib berilishini alohida ta’kidlamoqchiman.

Siz, azizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, kelgusi faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar, xonadonlaringizga tinchlik, baxt va qut-baraka tilayman.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston prezidenti

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda Temiryo‘lchilar kuni avgust oyining birinchi yakshanbasida nishonlanadi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »