Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Tolibon” harakati Afg‘oniston hokimiyatini qayta qo‘lga kiritganiga ikki yil to‘ldi. Harakat yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda mashhurligiga qaramay, haligacha ommaga ko‘rinish berishni istamaydi. 

Hatto “Tolibon”ning biror-bir rasmiysi rahbari bilan uchrashishi ham juda qiyin jarayon. CBS nashri Oxundzoda bilan aloqada bo‘lgan shaxslar bilan suhbatlashib, “Tolibon” yetakchisining yashash tarzi haqida ma’lumot oldi.

Foto: “Tolibon” yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda / BBC

Yashirin uchrashuvlar

“Tolibon” hukumatidagi ismini sir saqlagan vazir o‘rinbosari Oxundzoda yetakchisi bilan uchrashish uchun qadimiy Qandahor shahriga 300 chaqirimdan ortiq yo‘l bosib o‘tishi kerakligini aytdi.

Manzilga kelgach, u uchrashuv bo‘lib o‘tishini tasdiqlovchi telefon qo‘ng‘irog‘ini taxminan uch kun kutgan. Shundan keyin uni yashirin uchrashuv sahnasi kabi ikkita turli manzilga olib borishgan va Haybatulloh bilan uchrashishidan oldin buyumlari musodara qilingan.

“U xonada divanlar borligiga qaramay, polda o‘tirardi. U juda kamtarin, ammo ta’sirchan odamdek taassurot qoldirdi, islom qonunlari va uning yurisdiksiyasi haqidagi bilimini tan olish kerak”, — dedi u.

Afg‘onistondagi yana bir yuqori martabali amaldorga ko‘ra,  “Tolibon” yetakchisi mamlakatni sharpa kabi boshqarmoqda.

U ham Haybatulloh Oxundzoda bilan uchrashuv oldidan xuddi shunday maxfiylik va xavfsizlik darajasiga duch kelgani va yig‘ilish joyiga olib borilgunga qadar uning shaxsini tekshirish uchun parollar berilganini aytdi.

“Tolibon” rahbariyatidagi manbaga ko‘ra, Afg‘oniston rahbari AQSHning dron hujumlari va “ISHID” tahdidi tufayli yashirinib yashamoqda. 

Uning davrasidagi har bir xodim 24 soat davomida kuzatuv ostida, smartfonlardan foydalanish esa taqiqlangan.

Foto: AFP

Temir musht qoidasi

Ammo maxfiylik va himoya pardasi ortidan Oxundzoda temir musht bilan hukmronlik qiladi. U hokimiyat tepasiga kelganidan beri qizlar va ayollarning o‘rta maktab yoki universitetlarga borishini to‘xtatish, ularning bog‘lar, sport zallari va hammomlarga kirishini taqiqlash, uydan chiqayotganda burqa kiyishini buyurgan.

U yoshligidanoq o‘g‘il-qizlarning zamonaviy ta’lim-tarbiyasiga qarshi bo‘lib, maktab ta’limini yovuzlik va axloqiy tanazzul manbai deb atagan.

Afg‘onistonlik siyosatshunos va tanqidchi Asmat Qani yosh sudyalik chog‘ida Haybatulloh bilan uchrashganini esladi.

“U o‘z dunyosida yashaydi. Aksariyat ‘Tolibon’ rasmiylari ayollarning ta’lim olishi muhimligi haqida hamfikr va qizlarning maktab hamda universitetlarda o‘qishiga ruxsat bermoqchi. Taqiq uchun asosiy javobgarlikni faqat Haybatullohning o‘zi zimmasiga oladi”, — dedi u.
“Islomning bunday shafqatsiz va tor fikrli talqini Afg‘onistonni ayollar uchun haqiqiy do‘zaxga aylantirdi”, — deydi “Tolibon” harakatining sobiq vaziri.
Foto: Atlantic council

Shuningdek, mazkur manba Haybatullohning xatti-harakatlarini xalqaro sanksiyalar bilan bog‘lagan.

Mulla Basir Haybatullohning sobiq sinfdoshi bo‘lib, qattiqqo‘l va o‘ta konservativ sifatida tanqid qilinganiga qaramay, uni “mehribon, taqvodor va aqlli odam” deb ta’riflagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zidan oldingi “Tolibon” yetakchisi o‘ldirilganidan keyin Haybatullohni olib ketishgan va uni boshqa ko‘rmagan.

Oliy kuch

Uning oliy rahbari etib tayinlanishini “Tolibon” rahbariyatidagi manba yuqoridagi muammolarni barqarorlashtirish usuli sifatida tushuntirdi. Haybatulloh “Tolibon”ning keksa avlodi orasida betaraf va hurmatli shaxs hisoblangan.

“Haybatulloh asta-sekin o‘zini hokimiyatning so‘nggi darajasi, o‘ziga qattiq sodiq bo‘lgan guruh iyerarxiyasining eng yuqori pog‘onasidagi shaxs ekanini bildi va his qildi. U xohlagan narsani qila oladi”, — dedi Asmat Qani.

Bugungi kunda Haybatullohni uning xavfsizligi uchun o‘zini qurbon qilishga tayyor 2500 ga yaqin xudkush-terrorchilar himoya qiladi. Ular Qandahordagi Markaziy razvedka boshqarmasi tomonidan bino sifatida foydalanilgan lagerda yashaydi.

Haybatulloh gvardiyasi a’zolaridan biri ular oyiga 170 dollar maosh olishi, ularga smartfondan foydalanish, televizor ko‘rish yoki ijtimoiy tarmoqlarga kirish taqiqlanganini aytdi.

Iyun oyida Haybatulloh kamdan kam uchraydigan ommaviy murojaatida Afg‘onistonda ayollar huquqlari bo‘yicha ko‘rgan choralari “islom shariati bo‘yicha farovon hayotni” ta’minlaganini aytgandi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »