Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida “yashil” va “qizil” yo‘lakli tizim bekor qilinib, masofaviy bojxona nazorati joriy etildi. Uchib kelish qismida esa “yashil” va “qizil” yo‘laklar saqlanib qoladi. Bu haqda bugun 17-avgust kuni Bojxona qo‘mitasi tomonidan Toshkent xalqaro aeroportida tashkil qilingan press-turda aytib o‘tildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Foto: Bojxona qo‘mitasi

Tushuntirilishicha, xalqaro aeroportlarda yo‘lovchilar oqimi yildan yilga oshib borayotgani bojxona nazorati tartiblarini soddalashtirishni taqozo etmoqda. Yangi tizim orqali yo‘lovchilarga bir qator afzalliklar yaratilyapti.

Masalan, nazorat zonalarida ortiqcha vaqt sarfi kamayadi. Chunki jismoniy shaxslar va ularning qo‘l yuklari vizual kuzatuv orqali nazoratdan o‘tkaziladi.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatda “Toshkent-Aero” ixtisoslashgan bojxona kompleksi bo‘lim boshlig‘i Akmal Eshonov yangi tizimning afzalliklari haqida gapirdi. 

Foto: Bojxona qo‘mitasi
“Masofaviy bojxona nazorati tizimida uchib ketish yo‘nalishida harakatlanadigan yo‘lovchilarni vizual kuzatuvi amalga oshiriladi. Bunda maxsus ajratilgan joy orqali xavfni boshqarish usuli qo‘llaniladi va tanlab olish prinsipiga asoslanib yo‘lovchilar bojxona nazorati rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi”, — dedi mutaxassis.

Suhbat davomida Akmal Eshonov yangi tizimning avvalgilaridan farqlarini tushuntirdi. 

“Qizil” va “yashil” yo‘laklar joriy qilinguniga qadar uchib ketish yo‘nalishidagi zallarda qator rentgen uskunalari bo‘lgan. Har bir yo‘lovchi bojxona nazoratidan o‘tkazilgan. Bojxona deklaratsiyasi to‘ldirilardi. Bu esa yo‘lovchilarning ortiqcha vaqtini olar, xodimlarimizga ham ish yuklamasini oshirardi. 2018-yildan “qizil” va “yashil” yo‘laklar joriy qilindi. Bunda yo‘lovchilar ikki yo‘lakka taqsimlanadi. “Yashil” yo‘lakdagi yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi to‘ldirmaydi va qanday tovarlar olib o‘tayotganini og‘zaki aytadi. “Qizil” yo‘lakdagi yo‘lovchi o‘zida bo‘lgan tovarlarni, valyuta va zargarlik buyumlarini deklaratsiyada ko‘rsatadi va uni bojxona organiga taqdim etish orqali harakatlanadi.

Hozirga kelib 2022-yildagi prezident farmoni asosida xalqaro aeroportlarda Masofaviy bojxona nazorati tizimi joriy etildi. Bu tizimga hozircha uchib ketish yo‘nalishlaridagi zallarimiz moslashtirildi. “Qizil” va “yashil” yo‘laklarimiz o‘zining aktualligini yo‘qotdi va ularni mazkur zallardan olib tashladik. Ko‘rayotgan bo‘lsanglar, zalda birorta bojxona xodimi yo‘lovchilarga ko‘rinmaydi. Qachonki yo‘lovchida maxsus deklaratsiyalanadigan tovarlar bo‘lsa, u maxsus ajratilgan joylarga yo‘naltiriladi hamda o‘sha yerda yuklari ro‘yxatga olinadi. Deklaratsiya qilinadigan tovarlari bo‘lmagan yo‘lovchilarga bojxona xodimi umuman yuzlanmaydi. Ularni vaqtini olmaydi. Yaʼni jarayon ancha qulaylashgan”, — dedi u.

Shuningdek, xalqaro aeroportlar zallarida zamonaviy texnologiyalarga asoslangan xavfni boshqarish tizimi ham yo‘lga qo‘yildi. Yo‘lovchi terminalga kirishi bilan uning yuz qismini Face-ID orqali skaner qilinadi.

“Tanlab olish prinsipi deganda, tizimni o‘zi yo‘lovchini tanlab beradi. Yaʼni tizim avtomatik ravishda qaysi yo‘lovchini bojxona nazorati joyiga o‘tkazish kerak, qaysi biriga nisbatan nazorat qo‘llanmasligi lozimligini aniqlaydi. Qolaversa, shaxslarning pasportlari ham integratsiya qilingan. Tizim yo‘lovchiga nisbatan xavf darajasini belgilab beradi”, — dedi Akmal Eshonov

Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda xalqaro aeroportlarga uchib kelishda “yashil” va “qiziq” yo‘laklar saqlab qolingan. Bu holat kirib kelishga nisbatan uchib ketishda yo‘lovchilarga qonunchilikda tovar, valyuta boyliklari tekshiruvini soddalashtirish belgilangani bilan izohlandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »