Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Robert De Nironing taqdiriga Italiyaning Ferrazzano shaharchasidan Amerikaga ko‘chib o‘tgan bobosi Jovanni bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Emigrantning avlodlari shu bilan Qo‘shma Shtatlarda qolib ketadi, bu esa Robertga Gollivudni zabt etishga imkon beradi. Biroq shon-shuhrat cho‘qqisidan oldin uni ko‘plab to‘siqlar kutayotgan edi: onasi va otasi ajralganda bolakay uch yoshga to‘lmagandi ham.

Foto: Getty Images
“Ota-onam ajrashgan bo‘lsa ham, do‘st bo‘lib qolishgandi. Ularning safida aktyorlar, shoirlar, tanqidchilar, yozuvchilar bor edi. Otam meni tez-tez kinoga olib borardi — 10 yoshimda aktyor bo‘lishni xohlayotganimni angladim. Men hech qachon o‘ziga xos qahramon yaratgan yulduzlardan bo‘lmaganman. O‘shanda o‘zim uchun shunday qaror qildim: yaxshi odam bo‘lishdan ko‘ra yaxshi aktyor bo‘laman”, — deb tushuntiradi Robert.
Foto: Getty Images

Bo‘lajak yulduzning onasi butun kuchini o‘g‘lini yaxshi yashashi uchun ko‘proq pul topishga sarflaydi, shuning uchun bolakay deyarli ko‘chada katta bo‘ladi. Bolalar uni “sutxo‘r Bobbi” deb chaqirishardi — balki, rangi oppoq bo‘lgani uchundir yoki sutni yaxshi ko‘rgani sabablidir. Yoshligida De Niro bezorilar to‘dasiga tushib qolishi mumkin edi, lekin xayriyatki, aynan san’atga bo‘lgan ishtiyoq uni bu yo‘ldan saqlab qolgan — yigit Nyu-Yorkdagi Forello La Guardia nomidagi musiqa va san’at oliy maktabiga o‘qishga kiradi. Keyinroq esa Stella Adler va Li Strasberg kurslariga qatnashadi.

Foto: Getty Images

Gollivud yulduzi

Aktyorning filmografiyasi xilma-xilligi bilan hayratlanarli. De Nironing ekrandagi debyuti 60-yillarda Brayan de Palma unga “To‘y kechasi” filmida Sesil rolini berganida bo‘ladi. Texnik nomuvofiqliklar tufayli kartina olti yil davomida ekranlarga chiqmaydi, shuning uchun ko‘pchilik aktyor ishtirokidagi birinchi film “Manxettendagi uch xona” deb adashadi.

Foto: Getty Images

Aktyor Nyu-York kinotanqidchilari uyushmasi mukofotini “Barabanni sekin ur” filmidagi beysbolchi roli uchun oladi, ammo rejissorlarning e’tibori yosh aktyor uchun asosiy mukofotdan ham qadrli edi. Shunday qilib, “Zulm ko‘chalari” filmidan Robert va Martin Skorseze o‘rtasidagi uzoq va samarali hamkorlik boshlanadi, u “Taksi haydovchisi”, “Nyu-York, Nyu-York” va “Quturgan buqa” filmlarida rol o‘ynaydi. Aynan so‘nggi film aktyorga “Oskar” olib keladi.

Foto: Getty Images

Robert yosh Korleone rolini o‘ynagan “Cho‘qintirgan ota-2” dramasi uning uchun har qanday mukofotdan qadrli edi. Kelajakda aktyor shunchalik ko‘p gangster va mafioz rollarini o‘ynaydiki, 2000-yillarda jamoat tashkilotlari uni Italiyaning faxriy fuqaroligidan mahrum qilishni talab qilishadi.

Foto: Getty Images

Yoshi o‘tgani bilan aktyor iste’dodini yo‘qotmaydi. Agar De Nironing otasining o‘limiga bag‘ishlangan rejissorlik debyuti — “Bronks hikoyasi“, afsonaviy “Kazino” va Al Pachino o‘ynagan “To‘qnashuv” filmlari tomoshabinlarni xursand qilgan bo‘lsa, keyingi ishlari turli baholarga sazovor bo‘ladi.

Foto: Getty Images

Rolling Stone sharhlovchilari “15 daqiqalik mashhurlik”, “Katta to‘y”, “Fokerlar bilan tanishuv-2” filmlarini ochiqchasiga yomon deb atashgan bo‘lsa, “Urush g‘avvosi”, “Mening yigitim — telba” dramasi va ishlamoqchi bo‘lgan pensioner haqidagi “Stajyor” nomli yoqimli komediya ko‘plab tanqidchilarga ma’qul keladi. “Joker” va “Irlandiyalik” filmlaridagi De Nironing yorqin rollarini ham unutmaslik kerak, may oyida Kannda bo‘lib o‘tgan shov-shuvli “Gullagan oy qotillari” haqida esa ko‘p gapirildi.

Foto: Getty Images

Ayollar dunyosida

Aktyor avvaliga qo‘shiqchi Dayanne Abbottga uylanadi, uni tomoshabinlar eri bilan o‘ynagan “Taksi haydovchisi”, “Nyu-York, Nyu-York” va “Komediya qiroli” epizodlarida ko‘rishlari mumkin. Robert xotinining birinchi turmushidan bo‘lgan qizi Drenani o‘z qizidek ko‘radi, keyinchalik er-xotinning Rafael ismli farzandi dunyoga keladi.

Foto: Getty Images

Ularning nikohi 10 yil davom etadi, garchi u rasmiy ajralishdan ancha oldinroq buzilgan bo‘lsa ham: 47 yoshida Robert yosh Naomi Kempbellga qiziqib qolganida birinchi turmushiga nuqta qo‘yiladi. Eng qizig‘i, aktyor modelni shunchalik maftun etganki, Naomi aktyor bilan oila qurish haqida o‘ylagan. Ammo u bilan oila qurish De Nironing rejasida yo‘q edi va “qora pantera” boshqa umr yo‘ldoshi topish uchun u bilan ajrashadi.

Foto: Getty Images

Keyinchalik De Niro model Tuki Smit atrofida o‘ralashib qoladi. Qiz nikohdan o‘tishni talab qilmaydi, shuning uchun bir necha yil davomida sevishganlar shunchaki birga yashashadi. Bundan tashqari, surrogat ona tufayli er-xotinning egizaklari — Julian Genri va Aaron Kendrik dunyoga keladi.

Foto: Getty Images

1997-yilda Robert De Niro mukammal ayolni topdim deb o‘ylaydi: sobiq styuardessa Greys Xaytauer uni bir qarashdayoq o‘ziga maftun etadi. 1998-yilda Greys Elliot ismli o‘g‘il farzandini dunyoga keltiradi, ammo bu voqeadan bir yil o‘tgach, aktyor ajrashish uchun ariza beradi. Bolani vasiylikka olish uchun shiddatli kurash boshlanadi, ammo oxir-oqibat er-xotin yarashadi.

Foto: Getty Images

2011-yilda Greys Xelen ismli qizini dunyoga keltiradi, bu er-xotinning his-tuyg‘ulari kuchliligini tasdiqlagandek tuyulardi. Aslida esa munosabatlar asta-sekin tubsizlikka qarab borardi. 2018-yilda Robert Xaytauer bilan yana ajrashayotganini e’lon qiladi. Bu safar vasiylik emas, balki kredit karta limiti bahs mavzusi bo‘ladi: sobiq styuardessa oyiga 100 ming dollar berishni talab qilgan, De Niro esa mablag‘ni ikki barobarga qisqartirgan.

Foto: Getty Images

Keksayib qolgan aktyor shov-shuvli ajralish bilan shaxsiy hayotiga nuqta qo‘ygandek bo‘lgandi, biroq Robert yana bir bor hammani hayratda qoldiradi: 2023-yilda u jang san’ati murabbiyi Tiffani Chenning yuragini zabt etib, yettinchi marta ota bo‘ladi. O‘tgan yilning aprel oyida 79 yoshli aktyorning Jia Virjiniya ismli qizi dunyoga keldi.

Foto: Getty Images

Nevarasining vafoti

Aktyor har doim o‘zini baxtli odam deb atagan, chunki u bolalari va nevaralarini yaxshi ko‘radi. 

“Atrofimda bolalar bo‘lishini yaxshi ko‘raman. Shunchaki emas, balki qandaydir umumiy ish bilan hamma birlashgani menga yoqadi. Menimcha, bu italyancha an’ana — butun oila yig‘ilishi juda ajoyib holat. Bolalarim karyeram haqida gapirishmaydi, nevaralarim bunga qiziqmaydi ham”, — deydi aktyor.
Foto: Getty Images

Afsuski, bu yil Robertga nafaqat otalik baxtini, balki yo‘qotishning achchiq alamini ham keltirdi: 8-iyul kuni 79 yoshli bobo 17 yoshdagi nabirasi — Drenaning o‘g‘li Leandroni dafn etishdek achchiq azobni boshdan kechirdi. Mish-mishlarga ko‘ra, yigit oshirib yuborilgan dozadan vafot etgan. Ammo onasi o‘g‘lini qasddan muddati o‘tgan noqonuniy dorilar bilan zaharlashgan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi.

Foto: Getty Images
“Mening shirin farishtam. Seni ichimda his qilgan paytimdan so‘zsiz sevdim. Sen mening quvonchim, yuragim va hayotimdagi hamma narsam eding. Hozir ham sen bilan birga bo‘lishni xohlardim. Sensiz qanday yashashni bilmayman. Seni juda yaxshi ko‘rishdi va qadrlashdi. Qaniydi mehrimiz seni qutqarsa. Men juda afsusdaman, bolam, juda afsusdaman. Oxirating obod bo‘lsin, jon bolam”, deb yozadi aktyorning qizi ijtimoiy tarmoqlarda.
Foto: Getty Images

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »