Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

2023-yilning 22-avgust kuni mashhur italyan qo‘shiqchisi Toto Kutuno 80 yoshida vafot etdi. Mashhur xonandaning baxtli onlari va fojialarini eslaymiz.

Dengizchilar oilasidan chiqqan iste’dod

Foto: Legion Media

Salvatore Kutuno 1943-yil 7-iyulda Toskana viloyatining Fosdinovo shahrida tug‘ilgan. Bolaligidan ota-onasi uni Toto deb atashgan — keyinchalik o‘ziga shu ismni taxallus qilib oladi.

Bo‘lajak qo‘shiqchining otasi Sitsiliyada tug‘ilgan Domeniko dengiz flotida xizmat qilgan, onasi Olga esa bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullangan. Toto musiqaga erta qiziqa boshlagan, otasi uning qiziqishini qo‘llab-quvvatlagan — u o‘g‘liga karnay chalishni o‘rgatgan. Keyinchalik bolakay baraban, akkordeon va gitara chalishni o‘zi mustaqil o‘zlashtiradi. Kutuno professional musiqiy ta’lim olmagan, keyinchalik estrada yulduzi bo‘lganda ham bundan uyalgan.

13 yoshida Toto birinchi marta mahalliy musobaqada uchinchi o‘rinni egallaydi. 14 yoshida esa o‘zining birinchi qo‘shig‘ini yozadi — albatta, bu qo‘shiq sevgi haqida edi. “La strada dell’amore” kompozitsiyasi Toto yoqtirgan qiz Anna-Mariyaga bag‘ishlangan.

G‘amgin yigitcha

Foto: Legion Media

Uning yuzidagi quvnoq italiyaliklarning odatiy ko‘rinishiga zid bo‘lgan o‘ychan ifodasi Kutunoning o‘ziga xos obraziga aylanadi. Ma’lum bo‘lishicha, bunga xonandaning bolaligidagi fojiali voqea sabab bo‘lgan.

Toto 5 yoshga to‘lganida dahshatli manzaraga guvoh bo‘ladi. Uning 7 yoshli opasi Anna kechki ovqat paytida bo‘g‘ilib, hammaning ko‘z o‘ngida vafot etadi. Kichkina Kutuno uchun bu haqiqiy stress edi. Shundan so‘ng bolakay o‘zgarib qoladi, kamdan-kam tabassum qiladi.

Oila farzandlarini qiynagan musibatlar shu bilan tugamaydi. Annaning o‘limidan bir necha oy o‘tgach, Totoning ukasi Roberto tug‘iladi. Sal o‘tmay u meningit bilan kasallanadi, uning asorati bir umrga qolib ketadi. Totoning yana bir opasi Rozannaning yuragi operatsiya qilinadi, natijada otasi bo‘ynigacha qarzga botadi. Bu voqealarning barchasi Totoni mayus yigitga aylantiradi.

Mirey Matyega atalgan qo‘shiqlar va “Yevrovideniye”dagi g‘alaba

Foto: Legion Media

19 yoshida Kutuno Guido Manusardi guruhi bilan ilk gastrol safariga chiqadi. Konsertlar yigitni shunchalik hayratda qoldiradiki, u o‘z hayotini faqat musiqa bilan bog‘lamoqchi ekanligini tushunadi. Toto ukasi va do‘stlari bilan birgalikda o‘z guruhini yaratadi, ular butun Italiya bo‘ylab konsert beradi, barlar va diskotekalar orqali jamoatchilikka taniladi.

Ammo uning ijodi 1974-yilda shoir Vito Pallavisini bilan uchrashgandan keyin butunlay boshqa bosqichga ko‘tariladi. Toto izlanuvchan bastakorga aylanadi, Jo Dassen, Dalida, Adriano Chelentano va Mirey Matye uchun qo‘shiqlar yozadi, ular darhol xitga aylanadi. “Et si tu n’existais pas”, “Salut”, “Ciao bambino, sorry” shular jumlasidan.

Bunga parallel ravishda Toto yakkaxon karyerasini rivojlantira boshlaydi. Xarizmatik ko‘rinishi, biroz bo‘g‘iq ovozi bilan u darhol jamoatchilikning qalbini zabt etadi. Xalq mehri xonandaga yangi g‘alabalarni olib keladi: 1980-yilda u San-Remodagi tanlovda “Solo noi” qo‘shig‘i bilan, 1990-yilda esa “Insieme: 1992” qo‘shig‘i bilan “Yevrovideniye” tanlovida g‘olib chiqadi. Qizig‘i shundaki, Kutunoning asosiy hiti — “L’italiano” qo‘shig‘i ancha kamtarona natijalarni ko‘rsatadi. Bu qo‘shig‘i bilan xonanda 1983-yilda San-Remoda atigi beshinchi o‘rinni egallaydi, ammo jamoatchilikning sevgisi yana hamma narsani o‘z o‘rniga qo‘yadi. Trek butun Yevropa chartlarini zabt etadi va hamma Toto bilan birgalikda “lashate mi kantare”ni kuylaydi.

Boshqa ayoldan tug‘ilgan yagona o‘g‘li

Foto: Legion Media

Kutunoning shaxsiy hayotida ham hammasi o‘ziga xos edi. G‘amgin italiyalikni monogam deb atash mumkin — u butun umri davomida bir ayol bilan turmush qurgan, ammo boshqasi yagona farzandini dunyoga keltirgan.

Bu g‘alatilik ortida Kutuno hayotidagi yana bir drama yotadi. U birinchi muhabbatini 1967-yilda mashhur kurort-shahar Lignanodagi “Dragon” klubida uchratadi. Qizning ismi Karla bo‘lib, uni sevib qolmaslikning iloji yo‘q edi — qalin jingalak sochlar, katta qora ko‘zlar. Totoning ham kelishgan va obro‘li ekanligini hisobga olsak, ular juda chiroyli juftlik edi. 1971-yilda ular turmush qurishadi va barcha sevishganlar singari katta baxtli oila va mustahkam nikohni orzu qilishadi. Afsuski, bu orzular qisman amalga oshadi.

Karla egizaklariga homiladorligida shifokorlar uning tug‘olmasligini, bu uning sog‘lig‘iga jiddiy ta’sir qilishi haqida aytishadi. Farzandlaridan ayrilgan Karla yana ona bo‘lish imkoniyatini ham yo‘qotadi, ammo Kutuno bu qayg‘uni sevgilisi bilan baham ko‘radi — uning yonida qoladi. Toto hech qachon Karlasini tashlab, yangi oila qurish haqida gapirmagan. Ammo kunlarning birida u parvoz paytida tanishgan Kristina ismli styuardessa bilan ishqiy munosabatda bo‘lib, unga farzand dunyoga keltirib berishini ochiqchasiga so‘raydi. Natijada 1989-yilda o‘g‘li Niko tug‘iladi.

Foto: Legion Media

Erining farzandini tarbiyasiga olish Karla uchun juda katta sinov edi. Ammo ayol chaqaloqni o‘z o‘g‘lidek ko‘radi. Kutuno esa Kristina bilan munosabatlariga nuqta qo‘yadi.

Dahshatli tashxis

2007-yilda qo‘shiqchi saraton kasalligiga chalinadi. Uzoq yillar davom etgan og‘riqli muolajalar boshlanadi. Bir muncha vaqt kasallik susaygandek tuyuladi, ammo Toto yana kimyoterapiyaga muhtoj bo‘ladi.

Foto: Legion Media

Biroq Kutuno taslim bo‘lmaydi. U faol hayot tarzini olib borishga harakat qiladi — har kuni sayr qiladi, basseynda suzadi va hatto konsert berishni davom ettiradi. Xonandaning so‘nggi chiqishlari 2023-yilda bo‘lib o‘tgan. Afsuski, onkologik kasallik uning irodasidan kuchli bo‘lib chiqdi — 80 yoshida Kutuno Milandagi San-Raffaele kasalxonasida prostata saratonidan vafot etdi. U umrining so‘nggi yillarini oilasi bilan Portofinodagi villada o‘tkazdi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »