Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Daniya hukumati jamoat joylarida diniy matnlarni tahqirlashni taqiqlovchi qonun loyihasini taqdim etadi. Bu haqda Daniya adliya vaziri Piter Hummelgaardga tayanib, Reuters xabar berdi.

Foto: Shutterstock

Parlament hujjatni qachon ko‘rib chiqishi hozircha noma’lum.

“Hukumat dindorlar uchun katta diniy ahamiyatga ega bo‘lgan predmetlarga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lishni taqiqlovchi qonun loyihasini taklif qiladi. Masalan, Qur’on, Injil yoki Tavrotni ommaviy ravishda yoqish uchun jazo joriy etiladi”, — dedi Daniya adliya vaziri.

Hummelgaard Qur’onni yoqishni taqiqlash so‘z erkinligini buzadi, degan Daniyaning yetti muxolifat partiyasi vakillariga javob qaytardi. 

“Menimcha, shaxsiy fikr-mulohazalarni bildirishda predmetlarni yoqishdan ko‘ra sivilizatsion usullar mavjud”, — dedi Adliya vazirligi rahbari.

Taqiqni buzganlik uchun jarima yoki ikki yilgacha qamoq jazosi berilishi kutilmoqda.

Yozda Daniyada, shuningdek, Shvetsiyada o‘ta o‘ng millatchilar ishtirokida ko‘plab aksiyalar o‘tkazildi, unda Qur’on nusxalari yoqib yuborildi yoki boshqacha usulda tahqirlandi. Bu musulmon mamlakatlarida norozilik uyg‘otdi, ular Daniya va Shvetsiya rasmiylaridan bunday harakatlarni taqiqlashni talab qildi.

Iyul oyida Daniya xorijiy davlatlarning Daniyadagi elchixonalari oldida Qur’on nusxalarini yoqishning oldini olish uchun qonuniy chora topishini aytdi. Shvetsiya ham Qur’onni tahqirlashni qonuniy cheklash yo‘llarini o‘rganayotganini bildirdi.

Qur’onning yoqib yuborilishiga oid so‘nggi ma’lumotlar

  • Yanvar oyida Stokgolmdagi Turkiya elchixonasi oldida Qur’on yoqib yuborilgandi. Aksiyani ultrao‘ng va islomga qarshi “Qattiq kurs” partiyasining daniyalik-shved faoli Rasmus Paludan boshqargan.
  • Aprel oyida Shvetsiya maʼmuriy sudi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Qurʼon yoqib yuborilgan namoyishlarga qo‘yilgan taqiqni bekor qilgan. Sud o‘z qarorida yig‘ilishlar va namoyishlar o‘tkazish erkinligi konstitutsiyaviy himoyalangan huquqlar ekanini keltirgan. 
  • Iyun oyida iroqlik muhojir Stokgolmdagi bosh masjid yonida Qur’onni yoqib yuborgan.
  • Iyul oyida Shvetsiya politsiyasi Stokgolmdagi Iroq elchixonasi oldida Qur’on va Iroq bayrog‘i yoqib yuborilgan norozilik namoyishini o‘tkazishga ruxsat bergan. Shundan so‘ng yuzlab odamlar Shvetsiyaning Bag‘doddagi elchixonasiga bostirib kirib, binoga o‘t qo‘ygan. 
  • Namoyishchilarni tarqatish uchun Iroq politsiyasi suv purkagichlardan foydalangan. Iroq mamlakatdan Shvetsiya elchisini haydagan va yana muqaddas kitob yoqib yuborilsa, diplomatik aloqalarni uzishini bildirgan.  Shundan so‘ng Iroqning Daniyadagi elchixonasi oldida Qur’on yoqib yuborilgan. Namoyishchilar buni Shvetsiyaning Bag‘doddagi elchixonasiga yaqinda uyushtirilgan hujumga norozilik sifatida amalga oshirganini aytgan.
  • Avgust oyi boshida Stokgolmda eronlik ayol politsiya himoyasida Malaren ko‘li qirg‘og‘ida mangalda Qur’onni yoqib yuborgan. U “barcha dinlarni yo‘q qilish” kerakligini aytgan.
  • Avgust oyi o‘rtalarida Shvetsiyaning Stokgolm shahrida politsiya himoyasi ostida yana muqaddas Qur’on kitobi yoqib yuborildi. Buning oldini olishga uringan erkak esa hibsga olindi. Namoyishga iroqlik muhojirlar boshchilik qilgan. Ular avval Qur’on nusxasini tepib, ustiga sakragan, keyin esa uni butunlay yoqib yuborgan.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »