Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda 65 nafar bola o‘limiga sababchi deya qaralayotgan “Dok-1 Maks” siropi bo‘yicha sud ishi boshlangani xabar berilgandi. Mazkur sud majlislarida sirop sabab bolasidan ayrilgan jabrlanuvchilar ham ishtirok etmoqda. “Daryo” muxbiri ana shunday jabrlanuvchilarni suhbatga tortdi.

“O‘zbekistonga olib kirilayotgan dorilarga ishongandik…”

Yulduzxon Xolboyeva.
Foto: “Daryo”

“Dok-1 Maks” siropidan zaharlanib vafot etgan 3,5 yoshli Shavkatjonning onasi Yulduzxon Xolboyeva O‘zbekistonga olib kirilayotgan dorilarga ishongani bois, dorixonadan “Dok-1 Maks” siropini olib, o‘g‘liga ichirganini, ammo endilikda bundan afsuslanayotganini aytmoqda.

O‘g‘lim 2019-yil tug‘ilgan edi. Tomog‘i og‘rigach, “Dok-1 Maks” siropini berdik. Dori ichganidan so‘ng 2-3 kun o‘tib, bolam qayd qila boshladi. Poliklinikaga olib bordik. U yerdan yo‘llanma bilan shahar bolalar shifoxonasiga yuborishdi. Shahar shifoxonasida ham aniq kasalligini aytisholmadi. Shundan so‘ng Nukus shahridagi Shoshilinch tez tibbiy yordam shifoxonasiga yotdik. U yerda bolamning ikki buyragi ishlamayotganini aytishdi. O‘g‘lim siymay qo‘ydi. Uch kundan so‘ng u komaga tushib qoldi. Bir oy 20 kun komada yotdi. 2022-yilning 12-dekabr kuni esa vafot etdi, — deydi “Dok-1 Maks” siropidan vafot etgan Shavkatjonning onasi Yulduzxon Xolboyeva.

Uning aytishicha, bolasi vafot etgach Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi masʼullari u bilan suhbatlashib, o‘g‘liga nima dori berganini so‘ragan.

Vazirlikdan bizga telefon qilishib, qanday dori berganding deb so‘rashdi. “Dok-1 Maks” siropini berganimni aytganimda, demak o‘lim shu doridan ekan deyishdi. Biz shundan so‘ng prokuraturaga murojaat qildik, — deydi onaizor.

Yulduzxon Xolboyeva bugungi kunda hech qanday doriga ishonmayotganini, O‘zbekistonga kirib kelgan dorini o‘g‘liga ichirishda masʼullarga ishonganini taʼkidlamoqda.

“O‘g‘limni o‘zim zaharlagan ekanman”

Bo‘tako‘z Jumag‘aliyeva.
Foto: “Daryo”

Sirop sabab 3,5 yoshli o‘g‘lidan judo bo‘lgan Bo‘tako‘z Jumag‘aliyeva o‘g‘li qaysarlik qilib, dorini ichmayman desa-da, majburlab ichirganini, bolasini o‘zi zaharlab qo‘yganini aytmoqda.

3,5 yoshli o‘g‘lim Ozodbek 2022-yilning 25-oktabr kuni kasal bo‘lib qoldi. O‘g‘limning bog‘chasidagilar telefon qilib, uning mazasi bo‘lmayotganini aytishdi. Uni olib keting deyishdi. Borib, olib ketdik. Uyga borgach, o‘g‘lim ovqat ham yemay qo‘ydi. Bundan oldinroq o‘g‘limga “Dok-1 Maks” siropini bergandim. O‘g‘lim o‘shanda ichmayman deb, qaysarlik qilib, qochgandi. Men esa ich deb, majburlab ichirgandim. Afsus, o‘shanda o‘zim uni zaharlagan ekanman, — deydi Bo‘tako‘z Jumag‘aliyeva.

Onaizorning aytishicha, shundan so‘ng o‘g‘lini Nukus shahridagi shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga olib borgan.

Shifokor avvaliga o‘g‘lingizga koronavirus yuqqan dedi. O‘g‘lim besh kundan so‘ng komaga tushib qoldi. Shu besh kun davomida 18 marta dializ oldi. O‘g‘limning komada yotishi 20 kun davom etdi. Shundan so‘ng bolangiz o‘ldi deyishdi, — deydi marhum Ozodbekning onasi.

Bo‘tako‘z Jumag‘aliyevaning aytishicha, Ozodbekning akasi uni izlamoqda.

O‘g‘lim 7-sentabr kuni 4 yoshga to‘lardi. Aybdorlarning bolalari ham shu dorini ichib, zaharlanib o‘lishganida ular ota-onalar qanchalik qiynalayotganini bilishgan, tushunishgan bo‘lardi. Katta o‘g‘lim ham tushkunlikka tushib qolgan. Ukam qayerda deb qayta-qayta so‘raydi. U juda tushkunlikda. Ko‘nikayapmiz, lekin baribir onani bolasidan ayirmaslik kerak ekan. Suddan aybdorlarga adolatli jazo tayinlanishini so‘rayman, — deydi onaizor.

Qoraqalpog‘istonlik 4 yoshli Muhammed ham shu sirop sabab, vafot etgan 65 nafar bolalarning biri hisoblanadi.

Elvira Xo‘jamuratova.
Foto: “Daryo”
Muhammed ismli o‘g‘lim 2019-yil 15-iyulda tug‘ilgandi. Juda sog‘lom, sog‘lig‘ida hech qanday muammosi yo‘q edi. Tomog‘i og‘rigach, ambronol siropini ichirdim. Uch kun shu siropni ichdi. Shunga qaramay grippi kuchayib ketdi. Shundan so‘ng o‘zimizning tumanimizdagi tez yordamga olib bordim. U yerda uch kun yotdik. Uchinchi kuni bolam siymay qolgach, Nukus shahridagi Shoshilinch tez tibbiy yordam shifoxonasiga yo‘llanma bilan bordik. U yerda tekshirib ko‘rishib, buyragi ishlamayapti deyishdi. O‘g‘limni jonlantirish bo‘limiga yotqizishdi. Koronavirusning bir turi, ko‘pchilik kelishyapti deyishdi. Ko‘p o‘tmay o‘g‘lim komaga tushib qoldi. 21-dekabr kuni o‘g‘lingiz vafot etdi deyishdi, — deydi bolaning onasi Elvira Xo‘jamuratova.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Respublika sud tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy markazi va uning hududiy filiallari xulosalariga ko‘ra, “Dok-1 Maks” va “Ambronol” (sirop) dori vositalarini isteʼmol qilgan 65 nafar bola o‘limiga mazkur dori vositalari tarkibidagi etilenglikol va dietilenglikol yot moddalaridan zaharlanish sabab bo‘lgan. Doridan zaharlangan bolalarda o‘tkir buyrak yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchiligi kelib chiqqan.

Sudning dastlabki majlislarida so‘z olgan sudlanuvchilarning qayd etilishicha, “Dok-1 Maks” siropi O‘zbekistonga dastlab 2012-yil olib kirilgan. 2021-yil 22-oktabr kuni “Dok-1 Maks” siropini ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasining muddatini uzaytirish uchun Davlat markaziga ariza topshirilgan. Hujjatlarda siropni ishlab chiqaruvchi Marion Biotech Pvt.Ltd kompaniyasining GMP sertifikati muddati 2021-yil 24-oktabr kuni tugashi ko‘rsatilgan bo‘lgan.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »