Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda 30-avgust kuni mamlakatga yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘ldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 
 
Foto: Prezident matbuot xizmati

Unga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev Xitoy elchisi Yuy Szyun, Malayziya elchisi Ilhom Tua Bin Ilyos, Buyuk Britaniya elchisi Timoti Smart, Turkmaniston elchisi Shodurdi Meredov va Bangladesh elchisi Muhammad Monirul Islomdan ishonch yorliqlarini qabul qildi.

Davlat rahbari xorijiy diplomatik vakolatxonalarning yangi tayinlangan rahbarlarini O‘zbekistondagi faoliyati rasman boshlangani bilan qutladi. Tantanali marosim O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqi davlat mustaqilligining 32 yilligini keng nishonlanayotgan paytda o‘tkazilayotgani ramziy maʼnoga ega ekani qayd etildi. Joriy yilda mamlakatda umumeʼtirof etilgan demokratik normalarga muvofiq muhim siyosiy tadbirlar – yangilangan Konstitutsiyani qabul qilish bo‘yicha referendum va Prezident saylovi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani taʼkidlandi. Ularning natijalari amalga oshirilayotgan islohotlar ortga qaytmasligini mustahkamlab qo‘ydi. Bu “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham o‘z ifodasini topdi.

 
 
 
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston yetakchisi dunyoda geosiyosiy keskinlik kuchayib, o‘zaro ishonch susayib borayotgan, turli mintaqalarda yangi nizo o‘choqlari vujudga kelib, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga tahdidlar ortayotgan sharoitda O‘zbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritayotganini alohida taʼkidladi.

 
 
Foto: Prezident matbuot xizmati

Jahondagi barcha mamlakatlar bilan o‘zaro hurmat va amaliy hamkorlikka asoslangan munosabatlar tizimli rivojlanmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar bilan ko‘p tomonlama sheriklik mustahkamlanmoqda. Joriy yilda mamlakatda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya hamda Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining yubiley sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Davlat rahbari yangi elchilar vakillik qilayotgan mamlakatlar bilan munosabatlarni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi darajaga olib chiqishga doir qator muhim masalalarga eʼtibor qaratdi.

 
 
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Xitoydan yangi tayinlangan elchiga murojaat qilar ekan, Pekin bizning ishonchli va vaqt bilan sinalgan do‘stlarimizdan biri ekani, u bilan munosabatlar keyingi yillarda har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini qayd etdi.

“Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin janoblarining bir yil avval mamlakatimizga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifi hamda joriy yil may oyida Sian shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammiti doirasidagi samarali uchrashuvimiz ikki tomonlama munosabatlarga kuchli surʼat bag‘ishladi”, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida o‘zaro savdoni ko‘paytirish, Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar borasidagi sheriklikni kengaytirish, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, sunʼiy intellekt, qayta tiklanuvchi energetika, ilg‘or sanoat va infratuzilma, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va farmatsevtika bo‘yicha qo‘shma loyiha va dasturlarni ro‘yobga chiqarish, fan-taʼlim va madaniy almashinuvlarni jadallashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oktyabr oyida Xitoyda bo‘lajak “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumi doirasida oliy darajali uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

 
 
Foto: Prezident matbuot xizmati

Malayziya – O‘zbekistonning Janubi-Sharqiy Osiyodagi muhim hamkori.

“Munosabatlarimiz o‘zaro hurmat va anʼanaviy do‘stlik tamoyillari asosida izchil rivojlanmoqda. Davlatlarimizning dolzarb global va mintaqaviy masalalarga doir qarashlari va yondashuvlari o‘xshash yoki yaqin”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.

Elektronika va elektrotexnika, axborot texnologiyalari, oziq-ovqat sanoati, turizm, taʼlim va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirish, Malayziyaning yetakchi kompaniyalari, ayniqsa, neft-kimyo korxonalari bilan sheriklik aloqalarini kengaytirish muhimligi taʼkidlandi. Toshkent va Urganch shaharlarida Malayziyaning “Binari” universiteti muvaffaqiyatli ishlamoqda. Faol o‘zaro tashriflar ham oliy darajadagi uchrashuvlar uchun yaxshi zamin yaratmoqda.

 
 
Foto: Prezident matbuot xizmati

Jahonda ulkan siyosiy, iqtisodiy va intellektual salohiyatga ega Buyuk Britaniya O‘zbekistonning uzoq muddatli va muhim hamkoridir. Keyingi yillarda mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro hurmatga asoslangan keng aloqalar yo‘lga qo‘yilib, barqaror rivojlanmoqda, yangi loyihalar va aniq dasturlar bilan boyimoqda.

Parlamentlar, sud idoralari, adliya, taʼlim va moliya vazirliklari o‘rtasidagi sheriklik kengaymoqda. O‘zbekiston va Buyuk Britaniya Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Iqtisodiy yo‘nalishda o‘zaro savdo hajmi yuqori surʼat bilan ko‘paymoqda.

 
 
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston rahbari mamlakat investitsiyalar va innovatsiyalar sohasidagi ishga solinmagan ulkan salohiyatni to‘liq ro‘yobga chiqarishdan manfaatdor ekanini qayd etib, bank ishi va moliya, raqamli iqtisodiyot, “yashil” energetika, geologiya, kimyo va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish taklifini bildirdi.

Turkmaniston — eng yaqin qo‘shni. Tili, dini va urf-odatlari mushtarak bo‘lgan xalqlarimiz ko‘p asrlar davomida yonma-yon yashab kelmoqda. Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda barcha yo‘nalishlarda – siyosat, parlamentlararo aloqalar, savdo va iqtisodiyot, transport, energetika, suv va qishloq xo‘jaligida, madaniy-gumanitar sohada yangi darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

 
 
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Prezidentining Ashxobodga yaqindagi tashrifi, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan sermahsul muzokaralar strategik sheriklikning yanada chuqurlashishiga xizmat qildi.

“Biz savdo aloqalarini kengaytirish, iqtisodiy sohada hamkorlikni mustahkamlash va aniq loyihalarni amalga oshirish, yuk tashish va tranzit hajmini ko‘paytirish uchun ulkan salohiyatga egamiz”, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Ko‘p qirrali aloqalarni, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa yetakchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi yaqin muloqotni va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirish niyati bildirildi.

 
 
Foto: Prezident matbuot xizmati

Bangladesh Xalq Respublikasi — Janubiy Osiyo va butun islom olamida tez rivojlanayotgan davlat. Mamlakatlar o‘rtasidagi muloqotlar faollashgan. Siyosiy va savdo-iqtisodiy yo‘nalishlarda “yo‘l xaritalari” qabul qilingan. To‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, turizm tarmoqlarida sheriklikni kengaytirish, yangi investitsiya loyihalari va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish istiqbollari belgilab olingan.

 
 
Foto: Prezident matbuot xizmati

Marosim yakunida O‘zbekiston prezidenti elchilarga masʼuliyatli va sharafli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi, mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yuksaltirish uchun faolroq ishlash va hududlarga ko‘proq borishga chaqirdi.

 
 
Foto: Prezident matbuot xizmati

Diplomatlar samimiy qabul, samarali faoliyatiga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, bor bilim va saʼy-harakatlarini ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratishlarini taʼkidladi.

 
 
Foto: Prezident matbuot xizmati

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »