Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

AQSH dunyoning muhim arenalari, jumladan, Markaziy Osiyoda o‘z ishtiroki va strategik sheriklikni kuchaytirar ekan, Amerika siyosatchilari va jamoatchiligi O‘zbekistonga mintaqadagi asosiy hamkor sifatida qarashi zarur, deyiladi O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Furqat Siddiqov The Diplomat nashriga yozgan maqolasida.

Foto: Prezident matbuot xizmati

2016-yildan buyon O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” — demokratiya, inson huquqlari va bozor siyosati tamoyillarini o‘zida mujassam etgan ma’rifatli va taraqqiy etgan mamlakatni barpo etuvchi ulkan milliy davlatni o‘zgartirish tashabbusiga boshchilik qilmoqda. Bu davom etayotgan o‘zgarishlar oson kechayotgani yo‘q, biroq 2016-yildan buyon O‘zbekistonda yangi konstitutsiya, diniy erkinlik to‘g‘risidagi yangi qonun qabul qilindi, oiladagi zo‘ravonlikni jinoiylashtirish, iqtisodiy rivojlanishga e’tibor qaratgan holda xususiy mulkni himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlar va boshqalarni o‘z ichiga olgan ulkan islohotlar amalga oshirildi. Ushbu muhim o‘zgarishlar nafaqat mamlakatning ichki manzarasini yaxshi tomonga o‘zgartirdi, balki uning asosiy ittifoqchilari va hamkorlari, xususan, Qo‘shma Shtatlar bilan muhim munosabatlarini mustahkamladi.

AQSHning ishtiroki yangi O‘zbekiston uchun muhim

Yangi O‘zbekiston shakllanishda davom etar ekan, Jo Bayden ma’muriyati kengaygan va keng qamrovli strategik hamkorlikni ta’minlagan demokratik va bozor islohotlarining ushbu turkumini olqishladi va qo‘llab-quvvatladi. AQSH davlat kotibi Entoni Blinken 2023-yil mart oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida shunday degandi:

“Biz prezident Mirziyoyevning islohotlar dasturini to‘liq amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash orqali imkoniyatlarni kengaytirmoqdamiz. O‘zbekistonning mehnat huquqlari bo‘yicha erishgan yutuqlari ushbu kun tartibi naqadar transformativ bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi”.

Bo‘lajak C5+1 sammiti (u dastlab 2015-yilda Samarqandda ochilgan) oldidan AQSH prezidenti Jo Baydenning Mirziyoyevga yo‘llagan maktubi O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar chuqurlashib borayotganidan dalolat sifatida amalga oshirilayotgan islohotlarni ta’kidlaydi. Bayden savdo va sarmoyaviy aloqalar, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va mintaqaviy muammolarni hal qilishda birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali mustahkamlangan strategik sheriklikka alohida urg‘u bergan.

“Qo‘shma Shtatlar siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi”, — degan AQSH prezidenti.

Bundan tashqari, u O‘zbekistonda gender va oiladagi zo‘ravonlik, shuningdek, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ilg‘or islohotlarni alohida qo‘llab-quvvatlagan.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Yillik siyosiy maslahatlashuvlar yaqinroq va mustahkam hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan Strategik sheriklik muloqoti darajasiga ko‘tarildi. Joriy yilda yuqori martabali delegatsiyalarning 20 martadan ortiq o‘zaro tashriflari, shuningdek, 150 martadan ortiq idoralararo aloqalar o‘tkazildi.

AQSH Kongressi bilan hamkorlik mustahkamlandi. Mirziyoyevning 2018-yil may oyida amalga oshirgan davlat tashrifidan so‘ng Kongressda O‘zbekiston bo‘yicha muloqotlar sezilarli darajada kengaydi va birgina joriy yilning o‘zida O‘zbekiston parlamentidan 10 dan ortiq delegatsiya muloqot, savdo, sarmoya, taʼlim va xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida AQSHga tashrif buyurdi.

Yaqinda biz ko‘plab Kongress delegatsiyalarini kutib oldik. Senator Gari Pitersning O‘zbekistonga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarning ahamiyati ortib borayotgani e’tirofidir. Piters Mirziyoyev va boshqa yuqori martabali amaldorlar bilan uchrashib, xavfsizlik, savdo va sarmoya kabi qator masalalarni muhokama qildi. Kelgusi oylarda Kapitoliydan ko‘proq delegatsiyalar kelishini, ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga, jumladan, O‘zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish borasidagi sa’y-harakatlarini yangilashga e’tibor qaratishini kutamiz.

Inson huquqlari AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning o‘sishiga turtki beradi

2016-yildan buyon O‘zbekiston inson va mehnatkashlar huquqlarini islohotlarning asosiga aylantirish uchun tinimsiz ter to‘kmoqda. Biz dramatik o‘sishni amalga oshirdik. Masalan, xalqaro Cotton Campaign yaqinda o‘zbek paxtasiga nisbatan o‘n yillik boykotni bekor qildi. Ushbu tarixiy qadam mamlakat ichida to‘qimachilik sanoatining o‘sishiga yo‘l ochmoqda va AQSHning taniqli brendlari va chakana savdo do‘konlari bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda. O‘zbekistonda majburiy va bolalar mehnatining oldini olishni ta’minlash O‘zbekiston va Markaziy Osiyoni tubdan o‘zgartirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar dasturining boshlanishi, xolos. Asosiy tarmoqlarni liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, bozor munosabatlarini rivojlantirish, xususiy mulkni himoya qilishning huquqiy va institutsional asoslarini mustahkamlash ana shunday tarkibiy islohotlar qatorida.

Yangi O‘zbekistonning qonun ustuvorligi bilan qo‘llab-quvvatlanadigan biznes uchun qulay muhitni yaratishga bo‘lgan fidoyiligi Qo‘shma Shtatlar bilan savdo va sarmoya hajmini oshirdi. So‘nggi olti yil ichida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Amerika kompaniyalari soni ikki baravar, AQSH bilan umumiy tovar va xizmatlar savdosi esa shu vaqt oralig‘ida uch baravar oshdi. Caterpillar, John Deere, CNH Industrial, General Electric, Hilton va Delphos International kabi AQSHning mashhur kompaniyalari O‘zbekistondagi investitsiya hajmini oshirdi: Air Products’ning 1 milliard dollarlik investitsiyasi va  Qashqadaryo viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodiga sarmoya shular jumlasidan.

Iqtisodiy islohotlar biznes va biznes aloqalarini qanday kuchaytirganiga yana bir misol — IT sektori. 2023-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonning IT-eksporti hajmi o‘tgan yilga nisbatan 2,7 barobarga oshib, 145,3 million dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan sezilarli o‘sishdir va bu ko‘p jihatdan AQSHdan IT xizmatlariga talab ortib borayotgani bilan bog‘liq. Darhaqiqat, AQSH bozori O‘zbekiston IT eksportining 45 foizini tashkil qiladi.

AQSH bilan hamkorlikda salohiyatni oshirish dasturlari

Yangi O‘zbekistonning inson manfaatlari ustuvorligi avvalambor AQSH bilan oddiy o‘zbeklar hayotini yaxshilashga qaratilgan ko‘plab qo‘shma dasturlarga yo‘l ochdi. Biz AQSHning nufuzli agentliklari va nodavlat notijorat tashkilotlari, jumladan, USAID, Amerika Kengashlari, Amerika Qo‘shma Shtatlari Tinchlik Instituti, Tadbirkor ayollar akademiyasi va boshqalar bilan global standartlarni o‘zida mujassamlashtirgan holda hamkorlik qilyapmiz: diniy erkinlikni targ‘ib qilishda Amerika tajribasini ko‘paytirish; so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash; odil sudlovni isloh qilish va korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish; qonun ustuvorligini ta’minlash; O‘zbekiston davlat maktablarida ingliz tili ta’limini rivojlantirish shular jumlasidandir. Tinchlik korpusining O‘zbekistondagi to‘laqonli missiyasini qayta tiklash bo‘yicha ishlar rejalashtirilgan.

O‘zbekiston ayollar va bolalar huquqlarini ta’minlash borasida ham muvaffaqiyatlarga erishmoqda. AQSH Davlat departamenti bilan hamkorlikda ko‘plab treninglar, davra suhbatlari, almashinuvlar va qo‘shma loyihalar orqali gender tengligini ta’minlash, qashshoqlikka barham berish va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Qolaversa, O‘zbekiston hukumati, fuqarolik jamiyati hamda AQSH va Yevropa Ittifoqi kabi global hamkorlar ishtirokida birlashgan saʼy-harakatlar natijasida respublikada oilaviy zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortuvchi qonun qabul qilindi. Ushbu muhim qonunchilik O‘zbekistonni Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari orasida oiladagi zo‘ravonlikni mustaqil jinoyat sifatida ta’riflaydigan birinchi davlatga aylantirdi.

Yangi O‘zbekistonning Qo‘shma Shtatlar bilan mustahkamlanib borayotgan strategik hamkorligi Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va farovonlikni ta’minlaydi. Ushbu dinamik munosabatlar yana ko‘proq e’tiborga loyiq va ular hamkorlikda ishlashimiz zarurligini eslatib turadi, deya maqolasiga yakun yasagan Furqat Siddiqov.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »