Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiyaga keldi. U o‘tirgan zirhli poyezd 12-sentabr kuni ertalab Primorsk o‘lkasiga yetib keldi. Poyezd tasvirlari “Rossiya 1” telekanali tomonidan e’lon qilindi, xususan, poyezd Rossiya Federatsiyasi va KXDR chegarasidagi “Xasan” stansiyasini “mutlaq maxfiylik muhitida” kesib o‘tgani alohida ta’kidlangan.

Kim Chen In Pxenyanni tark etishidan avvalgi surat
Foto: KCNA

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Interfaks”ga Kim Chen In allaqachon Rossiyada ekanini tasdiqladi.

Kim Chen In zirhli poyezdda Pxenyandan yo‘lga chiqdi. Koreya markaziy axborot agentligi (KCNA) Shimoliy Koreya poytaxtidagi vokzalda Kim Chen In bilan tantanali xayrlashuv marosimi suratlarini tarqatdi. 10-sentabr kuni olingan suratlarda, xususan, harbiylarning bir qancha bo‘linmalari, parad ekipajlari aks etgan.

Foto: KCNA
Foto: KCNA

Bu Kim Chen Inning koronavirus pandemiyasidan keyin Shimoliy Koreyadan tashqariga ommaga ma’lum birinchi safaridir. 2020-yil bahorida pandemiya boshlanganidan buyon KXDR o‘z chegaralarini butunlay yopdi. KXDR rasmiylari chet ellik mutaxassislar mamlakatga infeksiya olib kirishidan qo‘rqib, Covax dasturi doirasida bepul kovid vaksinalarini qabul qilishdan bosh tortdi. 2022-yilning mayigacha KXDR birorta kasallanish holati haqida xabar bermadi, shunga qaramay, keyinroq koronavirus epidemiyasi joriy qilindi. O‘sha yilning avgust oyida Kim Chen In mamlakatda koronavirus ustidan g‘alaba qozonilganini e’lon qildi. Biroq kovid tufayli kiritilgan kirish-chiqish cheklovlari amal qilishda davom etdi. Havo qatnoviga qo‘yilgan taqiq yaqinda bekor qilindi; dastlabki reyslardan biri 12-sentabr kuni Vladivostokka jo‘nab ketdi. AP yozishicha, Shimoliy Koreya delegatsiyasining bir qismi shu reys orqali Rossiyaga yuborilgani taxmin qilinmoqda.

Kim Chen In aynan qayerga ketayotgani rasman e’lon qilinmagan. KXDR rahbari Rossiyaga tashrif buyurmoqchi bo‘lgani haqida avvaldan OAV xabar bergandi. NYT manbalari Kim Chen In 10—13-sentabr kunlari Vladivostokda bo‘lib o‘tadigan Sharqiy iqtisodiy forumga kelishi va u yerda Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham bo‘lishi haqida aytishdi. Biroq na Rossiya, na Shimoliy Koreya rasmiylari safarning aniq sanalari haqida xabar berdi.

Kim Chen In va Vladimir Putin muzokara o‘tkazadi. Uchrashuvning aniq qachon bo‘lib o‘tishi ma’lum qilinmagan. 12-sentabr kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov muzokaralar “ertasi kuni” bo‘lib o‘tishini aytdi. Shu bilan birga, Peskov ikki davlat rahbarlari “birga-bir formatda muloqot qilishini” va Putin nomidan Kim Chen In sharafiga kechki ziyofat berilishini ma’lum qildi. Shuningdek, muzokaralarda Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu ishtirok etishi aytildi.

Muzokara mavzularidan biri — KXDRdan Rossiyaga qurol yetkazib berish bo‘lishi mumkin. G‘arb razvedka xizmatlariga ko‘ra, Rossiya va Shimoliy Koreya Rossiya armiyasi Ukrainadagi urushda qo‘llashi mumkin bo‘lgan qurol-yarog‘larni yetkazib berish bo‘yicha faol muzokaralar olib bormoqda. Iyul oyida Shoygu KXDRga rasmiy tashrif bilan bordi. AQSH razvedkasi ushbu safarni muzokaralarga tayyorgarlik sifatida baholadi. Qo‘shma Shtatlar Shimoliy Koreya Rossiyaga qurol yetkazib berishga rozi bo‘lsa, yangi sanksiyalar qo‘llashga tayyorligini allaqachon ma’lum qilgan. Xabarlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya qurol evaziga Rossiyadan oziq-ovqat va energiya resurslarini olishga umid qilmoqda.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »