Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Mashhurlarning shaxsiy hayoti doimo jamoatchilikda qiziqish uyg‘otadi. Katta muvaffaqiyat bo‘lgan joyda odatda pul ko‘p bo‘ladi. Quyida Gollivudning eng boy aktyorlari va ularning qancha boyligi borligi haqida ma’lumot beriladi.

20-o‘rin: Juliya Roberts — 250 000 000 dollar

Gollivudning eng boy yulduzlari reytingini maftunkor va go‘zal Juliya Roberts ochib beradi. Jiddiy trillerlardan tortib romantik komediyalardagi rollarni mahorat bilan ijro etadigan aktrisa Juliya Roberts Gollivudning eng mashhur va izlanuvchan aktrisalaridan biri hisoblanadi. “Erin Brokovich” filmidagi roli uchun “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritgan aktrisa boyligining katta qismini 1990-yillar va 2000-yillarning boshlarida ishlab topgan.

2023-yilning yanvar oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Juliya Robertsning umumiy boyligi 250 million dollarga baholangan, bu esa uning eng boy aktyorlar ro‘yxatida 20-o‘rinni egallashiga sababchi bo‘ldi.

Foto: “Yandeks Dzen” 

19-o‘rin: Nikol Kidman — 250 000 000 dollar

Amerikalik aktrisa, xonanda, prodyuser Nikol Kidman ko‘plab kino mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Aktrisa juda yoshligida aktyorlik faoliyatini boshlagan.

Nikol 1982-yilda, 15 yoshida o‘zining debyuti bo‘lgan “O‘rmondagi Rojdestvo” filmining remeykida suratga tushdi. 2001-yilda “Mulen Ruj” musiqiy filmi katta ekranlarga chiqqanida, uning karyerasida haqiqiy yutuq bo‘ldi. Shundan so‘ng aktrisa katta mashhurlikka erishdi va ko‘plab mashhur Gollivud filmlarida rol o‘ynadi. “Boshqalar”, “Sovuq tog‘”, “Arslon”, “Katta yolg‘on” — bu Nikol Kidman ishtirokidagi dunyoga mashhur filmlarning to‘liq ro‘yxati emas.

Mashhurlik va ajoyib aktyorlik mahorati Nikol Kidmanga 250 million dollarlik boylik orttirishga imkon berdi.

Foto: “Yandeks Dzen”

18-o‘rin: Leonardo Di Kaprio — 260 000 000 dollar

Leonardo Di Kaprio aktyorlik faoliyatini juda erta boshlagan. Leonardo atigi 2,5 yoshda bo‘lganida, otasi uni bolalar teleko‘rsatuviga ishga joylashtirgan.

1980-yillarning oxirida to‘liq aktyorlik faoliyatini boshlagan Di Kaprioning kelajakda istiqbolli aktyor bo‘lishi tan olindi. 1990-yillar boshida u “Gilbert Greypni nima qiynaydi” va “Bu yigitning hayoti” dramalaridagi rollari bilan tomoshabinlar xotirasida qolgan. Aktyor “Titanik” filmida rol ijro etganidan keyin dunyo bo‘ylab mashhurlikka erishdi.

U Martin Skorseze va boshqa taniqli rejissorlar, jumladan, Kristofer Nolan bilan hamkorlik qilib, “Nyu-York to‘dalari”, “Muqaddima” va “Murtadlar” kabi filmlardagi bosh rollari bilan yodda qoldi.

Keyinchalik u “Buyuk Getsbi”, “Zanjirsiz Jango”, “Hayot mamot” va  “Bir paytlar Gollivudda” filmlarida suratga tushdi. 2023-yilning yanvar holatiga ko‘ra, Leonardo Di Kaprioning boyligi 260 million dollarga baholangan.

Foto: “Yandeks Dzen”

17-o‘rin: Edvard Norton — 300 000 000 dollar

Edvard Norton AQSH kino sanoatidagi eng muvaffaqiyatli aktyorlardan biri. Norton kinodagi debyutini “Birlamchi qo‘rquv” filmida qilgan, u bu filmdagi roli uchun “Eng yaxshi ikkinchi plandagi aktyor” nominatsiyasida Akademiya mukofotiga nomzod bo‘lgan.

Devid Fincherning “Jangovar klub” filmidagi rol uni dunyodagi eng taniqli aktyorlardan biriga aylantirdi.

Edvard bir necha marta “Oskar” mukofotining “Eng yaxshi aktyor” yo‘nalishiga nomzodlik qilgan. Aktyor 300 million dollarlik boyligi bilan eng boy aktyorlar reytingida 17-o‘rinni egallagan.

Foto: “Yandeks Dzen”

16-o‘rin: Bred Pitt — 300 000 000 dollar

Akademiya mukofoti sovrindori aktyor Bred Pitt 1995-yilda ekranlarga chiqqan “Yetti” trilleri va “O‘n ikki maymun” ilmiy-fantastik filmidagi roli bilan mashhur bo‘ldi.

Undan keyin aktyor “Jangovar klub”, “Oushenning do‘stlari” filmida, 90-yillarning oxiri va 2000-yillarning boshida unga dunyo bo‘ylab mashhurlik keltirgan boshqa kinokartinalarda suratga tushdi.

Bred Pitt o‘zining ajoyib ijrolari bilan tomoshabinlarni xursand qilishda davom etmoqda. 2023-yilning yanvar oyi holatiga ko‘ra, Bred Pittning umumiy boyligi 300 million dollarga baholangan.

Foto: “Yandeks Dzen”

15-o‘rin: Jennifer Eniston — 320 000 000 dollar

Jennifer Eniston — amerikalik aktrisa, rejissor va prodyuser. U teleko‘rsatuvda yoki Reychel Grin rolini o‘ynagan “Do‘stlar” teleserialida ishtirok etganidan so‘ng butun dunyo bo‘ylab shuhrat qozondi. Serial hozirgacha yaratilgan eng mashhur sitkomlardan biri hisoblanadi.

Biroq Eniston bir dona serialning yulduziga aylanish bilan cheklanib qolmadi. Aktrisa Gollivudning mashhur “Har narsaga qodir Bryus”, “Va’da uylanish degani emas”, “Biz Millermiz” kabi mashhur filmlarida suratga tushgan va rol o‘ynashda davom etmoqda.

Jennifer Enistonning 320 million dollar boyligi bor, u Gollivuddagi eng ko‘p gonorar oluvchi aktrisalardan biri hisoblanadi.

Foto: “Yandeks Dzen”

14-o‘rin: Uill Smit — 350 000 000 dollar

Amerikalik aktyor, rejissor va xip-xop xonandasi, “Oskar” mukofoti sovrindori Uill Smit 1990-yillardan boshlab “Yomon yigitlar”, “Davlat dushmani”, “Mustaqillik kuni” va “Qora kiyimli odamlar” filmlari orqali tomoshabinlarga tanilgan. 2023-yil boshida aktyorning boyligi 350 million dollarga baholangan.

Foto: “Yandeks Dzen”

13-o‘rin: Maykl Duglas — 350 000 000 dollar

Aktyorlar oilasidan chiqqan amerikalik aktyor va prodyuser Maykl Duglas Amerikaning eng mashhur yulduzlaridan biriga aylandi va faoliyati davomida ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘ldi.

Aktyor ishtirokidagi filmlar 80-yillarning oxiridan boshlab chiqarila boshlandi. Ularning orasida eng mashhurlari — “Atirgullar jangi”, “Asosiy instinkt” va “Tosh romantikasi” loyihalari hisoblanadi.

Duglas bugungi kunda ham filmlarda suratga tushishda davom etmoqda. Aktyor Marvel kinematik olamida “Qasoskorlar” va “Chumoli odam” kabi filmlarda paydo bo‘ldi.

2023-yilning yanvar oyi holatiga ko‘ra, Maykl Duglasning boyligi 350 million dollarga baholangan.

Foto: “Yandeks Dzen”

12-o‘rin: Kianu Rivz — 380 000 000 dollar

Kanadalik aktyor, kinorejissor, prodyuser va musiqachi Kianu Rivz “Matritsa”, “Jon Uik” turkumidagi filmlar, shuningdek, “Nuqtali tanaffus”, “Drakula”, “Jonni” va boshqa filmlardagi rollari bilan tanilgan.

Kianu Rivz aktyorlik karyerasining boshida ko‘pincha reklama roliklarida rol o‘ynagan. Ushbu loyihalardan biri Coca-Cola kompaniyasining reklamasi edi. Kianu 2019-yilda Saint Laurent brendining yuziga aylandi. Los-Anjelesda aktyorning uyi bor. Uning qo‘shnilari — Jennifer Eniston va Leonardo Di Kaprio. 2023-yilning yanvar oyi holatidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Kianu Rivzning umumiy boyligi 380 million dollarga yetgan.

Foto: “Yandeks Dzen”

11-o‘rin: Mark Uolberg — 400 000 000 dollar

Mark Uolberg — amerikalik aktyor, musiqachi, filantrop va model. U ikki marta “Oskar” mukofotiga nomzodlik qilgan. Mark aktyorlik faoliyatini boshlashdan oldin mashhur New Kids on the Block pop-musiqa guruhining a’zosi bo‘lgan va reklama roliklarida ham rol o‘ynagan.

Uolbergning kinokaryerasi 1993-yilda “O‘rinbosar o‘qituvchi” filmidagi roli bilan boshlangan.

Uolberg birinchi marta Jim Kerrollning “Basketbolchining kundaligi” avtobiografik hikoyasi asosida suratga olingan filmida rol ijro etganidan keyin e’tiborga tushdi.

Uning karyerasidagi mashhur roli “Bugi kechalari” dramasidagi bosh rol edi. Shundan so‘ng aktyor “Mukammal bo‘ron”, “Maymunlar sayyorasi”, “Murtadlar” va “Transformerlar” muvaffaqiyatli blokbasterlarida rol ijro etdi.

U 400 million dollarlik boyligining katta qismini butun dunyo bo‘ylab milliardlab dollar ishlab topgan “Transformerlar” filmidagi roli orqali topgan.

Foto: “Yandeks Dzen”

10-o‘rin: Jeki Chan — 400 000 000 dollar

Jeki Chan — gonkonglik aktyor, kaskadyor, rejissor, kino prodyuseri, ssenariy muallifi, xoreograf, qo‘shiqchi, xayriyachi va jang ustasi. Shuningdek, u UNICEF’ning yaxshi niyat elchisi hisoblanadi.

Jeki Chan 400 million dollarlik sof boyligini 1970-yillarning oxiridagi “Sarhush ustoz” filmidagi rolidan boshlab uzoq va mashhur karyerasi davomida ishlab topgan.

Shundan so‘ng, Gonkongdagi e’tirof etilgan jangovar filmlarda Chan nafaqat bosh rolni ijro etdi, balki rejissor vazifasida ham ishladi.

Uning Gollivudda xit bo‘lgan “Tig‘iz vaqt” filmi va undan keyingi boshqa kinokartinalari va rejissorlik harakatlari Jeki Channing barcha davrlarning eng mashhur aktyorlaridan biri sifatida tan olinishini mustahkamladi.

2023-yilning yanvar holatiga ko‘ra, Jeki Channing boyligi 400 million dollarga baholangan va bu daromad uning osonlik bilan dunyoning eng boy aktyorlari ro‘yxatidan joy olishiga yordam bergan.

Foto: “Yandeks Dzen”

9-o‘rin: Jek Nikolson — 400 000 000 dollar

Jek Nikolson ham afsonaviy aktyor bo‘lib, uning karyerasi bir necha o‘n yilliklarni qamrab olgan. Aktyor dastlab “Kakku uyasi uzra parvoz” va “Yorqin” kabi filmlar orqali dunyo miqyosida shuhrat qozongan.

Akademiya mukofotlari tarixidagi tez-tez nomzodi qo‘yilgan  aktyor Martin Skorseze va Roman Polanski kabi rejissorlar bilan ishlagan. 2023-yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, Jek Nikolsonning boyligi 400 million dollardan oshgan.

Foto: “Yandeks Dzen”

8-o‘rin: Adam Sendler — 420 000 000 dollar

Komediyachi, aktyor, musiqachi, ssenariynavis va kino prodyuseri Adam Sendler o‘zining aktyorlik faoliyatini Saturday Night Live ko‘rsatuvida qatnashib, tomoshabinlar orasida mashhurlik va muhabbat qozonganidan so‘ng boshladi, u ko‘rsatuv uchun hazillar yozdi, sketchlarni taqdim etdi va musiqiy nomerlarni ijro etdi.

Aktyor “Billi Medison”, “Sizni yiqitgan sevgi”, “Sinfdoshlar”, “Hayot pulti”, “G‘azabni boshqarish” filmlaridagi bosh rollari bilan tanilgan. Jiddiy rollar uning ko‘p qirrali aktyor sifatidagi obro‘sini mustahkamladi. 2023-yil yanvar holatiga ko‘ra, Adam Sendlerning boyligi 420 million dollarga baholangan.

Foto: “Yandeks Dzen”

7-o‘rin: Mel Gibson — 425 000 000 dollar

Avstraliyalik va amerikalik aktyor, kinorejissor, ssenariy muallifi Mel Gibson 1970-yillarning oxiri va 1980-yillarning boshlarida “Telba Maks” va “Telba Maks-2” filmlarida suratga tushganidan so‘ng jahon miqyosida shuhrat qozongan.

U bosh rolni ijro etgan va rejissorlik qilgan “Sheryurak” filmi o‘nta “Oskar”ga nomzod bo‘lgan va beshta, jumladan, “Eng yaxshi film” va “Eng yaxshi rejissor” nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan.

Bunday muvaffaqiyatdan keyin Mel Gibson Gollivuddagi eng ko‘p talabga ega va yuqori gonorar oluvchi aktyorlardan biriga aylandi. Ko‘pchilik aktyorni “Xavfli qurol” va “Ayollar nima xohlaydi?” kabi filmlardagi rollari orqali eslaydi. Gibsonning filmografiyasida o‘nlab mashhur Gollivud filmlari mavjud. 2023-yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, Mel Gibsonning boyligi 425 million dollarga baholangan.

Foto: “Yandeks Dzen”

6-o‘rin: Arnold Shvarsenegger – 450 000 000 dollar

Arnold Shvartsenegger bodibilder, tadbirkor, aktyor, prodyuser, davlat arbobi va siyosatchi, Kaliforniya shtatining 38-gubernatori.

Arnold shunchalik mashhur aktyorki, uni tanimaydigan inson yo‘q. Yoshi katta insonlar aktyorni “Terminator”, “Komando”, “Ajal poygasi”, “Haqiqiy yolg‘on” va “Yirtqich” filmidagi bosh qahramon sifatida bilishadi.

Bir qator bodibilding mukofotlari, jumladan, yetti karra “Janob Olimpiya” unvoni sohibi bo‘lgan Shvarsenegger ko‘plab kino rollaridan tashqari bodibilding mahsulotlariga ham sarmoya kiritgan. 2023-yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, Arnold Shvarseneggerning boyligi 450 million dollarga baholangan.

Foto: “Yandeks Dzen”

5-o‘rin: Kevin Xart — 450 000 000 dollar

Amerikalik stendap komediyachi va aktyor Kevin Xart ko‘plab mashhur filmlarda suratga tushgan va o‘zining mashhur komediya gastrollari orqali millionlab dollar ishlab topgan.

Aktyor o‘zining komediya karyerasini klublarda bir nechta havaskor komediya tanlovlarida g‘olib chiqishdan boshlagan.

Kevin Xart o‘zining birinchi rollarini “Qo‘rqinchli film” va “Faker bilan tanishuv” kabi filmlarda oldi. Shundan keyin aktyor “Erkaklardek fikrlang”, “Intiqom jangi”, “Josus do‘stlar” va “Jumanji” kinokartinalarida suratga tushdi. 2015-yilda Time jurnali Xartni dunyodagi eng nufuzli 100 kishidan biri deb topdi.

U filmlarda suratga tushishdan tashqari komedik ko‘rsatuvlar tayyorlaydi va butun dunyo bo‘ylab gastrol safarlariga chiqadi. 2017-yilda Xart Lionsgate bilan hamkorlikda Laugh Out Loud Network nomli video striming xizmatini ishga tushirdi. Aktyorning boyligi 450 million dollarni tashkil qiladi.

Foto: “Yandeks Dzen”

4-o‘rin: Robert De Niro – 500 000 000 dollar

Robert De Niro — taniqli amerikalik aktyor, prodyuser va rejissor. Uning karyerasi ushbu filmlardan ancha oldin boshlangan bo‘lsa-da, aynan “Taksi haydovchisi” va “G‘azablangan buqa” filmlaridagi bosh rollar uning imiji va obro‘sini Amerikaning eng zo‘r aktyorlaridan biri sifatida o‘rnatgan va keyingi yillarda ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan rollariga sabab bo‘lgan.

Aktyor jinoiy dramalar va trillerlardagi faoliyati bilan mashhur. Uning ishtirokidagi “Taksi haydovchisi”, “Qaytmas”, “Olishuv”, “Kiyik ovchisi” kabi filmlar mashhur klassikaga aylandi.

Biroq De Niro nafaqat dramatik yoki jinoiy rollarda, balki komediya janrida ham o‘zini zo‘r ko‘rsata oldi. “Faker bilan tanishuv”, “Buni tahlil qiling” kabi mashhur filmlar tomoshabinlar tomonidan olqishlandi.

Martin Skorsezening “Irlandiyalik” filmidagi ajoyib ijrosi Robert De Nironing boyligini yanada oshirdi va aktyor 70 yoshda ham ajoyib aktyorlik mahoratini namoyish eta olishini ko‘rsatdi. 2023-yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, Robert De Nironing boyligi 500 million dollarga baholangan.

Foto: “Yandeks Dzen”

3-o‘rin: Tom Kruz – 600 000 000 dollar

Tom Kruz 80-yillarda kino yulduziga aylandi va hozirga qadar uch marta “Oskar”ga nomzod bo‘lgan. Tom Kruz birinchi marta Dastin Xofman bilan birga rol o‘ynagan “Yomg‘ir odami” filmidagi ishi uchun “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.

1994-yilda Kruz “Vampir bilan suhbat” dramasida vampir Lestat de Lionkur rolini o‘ynadi. 1996-yilda Tom Kruz super josus Itan Xant rolini o‘ynagan “Uddalab bo‘lmas topshiriq” jangari filmi chiqdi. Ushbu kinokartina va uning keyingi qismlari kino tarixidagi eng muvaffaqiyatli va eng yuqori daromad keltirgan josuslik haqidagi franshizalardan biriga aylandi, loyiha ko‘lami bo‘yicha Jeyms Bond haqidagi filmlardan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi.

“Jerri Maguayr” va “Magnoliya” filmlaridagi rollar Kruzga yana ikkita “Oskar” nomzodligini olib keldi. 2023-yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, Tom Kruzning boyligi 600 million dollarga baholangan.

Foto: “Yandeks Dzen”

2-o‘rin: Dueyn Jonson – 800 000 000 dollar

Dueyn Jonsonning umumiy boyligi 800 million dollarni tashkil etadi. Amerikalik kino aktyor, tadbirkor, musiqachi, qo‘shiqchi, u ko‘plab blokbasterlarda, jumladan, “G‘aroyib qasos”, San-Andreas va “Forsaj” franshizasida paydo bo‘lgan. Aktyor rollaridan tashqari, o‘zining brendi Teremana Tequila’dan juda ko‘p pul ishlab topgan.

Foto: “Yandeks Dzen”

1-o‘rin: Jeymi Gerts – 3 000 000 000 dollar

Keyingi aktrisani Gollivudning eng boy yulduzlaridan biri sifatida tasniflash to‘g‘rimi yoki yo‘qmi, bilmaymiz, chunki u o‘z boyligini filmlarda suratga tushish orqali topmagan. Jeymi Gertsning umumiy boyligi 3 milliard dollarga baholangan.

Amerikalik aktrisa, 1965-yilning 28-oktabr sanasida Chikago chekkasidagi Park-Rijda tug‘ilgan. U “Adashgan yigitlar”, “Dallol”, “Noldan kam”, “Sumerki” kabi filmlardagi rollari bilan tanilgan. Aktrisa turmush o‘rtog‘i Entoni Ressler va uch nafar o‘g‘li bilan Los-Anjelesning Beverli-Xillz shahrida yashaydi.

Foto: “Yandeks Dzen”

Gollivud standartlari bo‘yicha ham filmlar va teleseriallar suratga olish orqali bunday pul ishlab bo‘lmasligi aniq. 1990-yillarning o‘rtalarida Gerts kinodan uzoqlashdi va ehtimol hech kim buni sezmagan bo‘lishi mumkin. U investitsiya operatsiyalariga e’tibor qaratadi. Uning boyligining katta qismi amerikalik milliarder Toni Ressler bilan turmush qurganidan keyin ishlab topilgan.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »