Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda 65 nafar bolaning o‘limiga sababchi deya qaralayotgan “Dok-1 Maks” siropi bo‘yicha boshlangan sudning navbatdagi majlisida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi sobiq rahbari S.K. manfaatini himoya qiluvchi advokatlardan biri Temur Rahmatov “Dok-1 Maks”, “Ambronol” kabi dorilar guvohnomasiga S.K. imzo chekmagan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Advokatning taxminicha, mazkur guvohnomalardagi imzo elektron imzo bo‘lib, rahbarning ruxsatisiz foydalanilgan bo‘lishi mumkin. 

Temur Rahmatov.
Foto: “Daryo” / Madina Nurman
Himoyam ostidagi S.K.ga qo‘yilgan ayblovda Marion Biotech Pvt. Ltd. korxonasining 12 ta dori vositasiga 2022-yil guvohnomalar berilgani, mazkur jarayonda ularni tekshirib, shular (65 nafar bola o‘limi bilan bog‘liq voqealar nazarda tutilmoqda, tahririyat izohi)ning oldini olish mumkin edi degan ayblov qo‘yilgan. Sudlanuvchi S.K. dastlabki tergovda ham, sudda ham imzolar faksimile (elektron imzo) imzolar bo‘lganini aytib o‘tgan. Tergov organi faksimile imzolarni olib qo‘ygan bo‘lsa-da, dorilar guvohnomasidagi imzolar faksimile yoki rahbarning o‘zi shaxsan qo‘ygan imzoligiga aniqlik kiritmagan. Hujjatlarda ko‘rinishicha, masalan, “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorisiga berilgan guvohnomalardagi imzo S.K.niki emas, — deydi advokat Temur Rahmatov. 

Advokat Rahmatov mazkur vajlar sabab suddan Jinoyat protsessual kodeksining 22-moddasi tartibida Marion Biotech Pvt. Ltd. korxonasining 12 ta dori vositasiga hamda 2022-yil 4-martda rasmiylashtirilgan guvohnomalarga qo‘yilgan imzolarga nisbatan sudga oid xatshunoslik va texnik ekspertiza tayinlashni so‘radi. 

Biz shu dorilarga berilgan guvohnomalarning aslini ko‘rmadik. Faqat nusxalari bor. Mening fikrimcha, agentlik tomonidan guvohnoma berilishidan oldin skaner varianti ham olinadi. Shu orqali bo‘lsa-da, guvohnomalardagi imzo faksimile imzomi yoki shaxsan o‘zi qo‘ygan imzomi shuni bilish qiyin emas. Bu jarayon ma’lum bir vaqt olishini hisobga olib, keyinchalik kutib qolmaslik uchun hozirdan iltimosnoma kirityapmiz, — dedi advokat. 

Advokat Rahmatovning qo‘shimcha qilishicha, guvohnomalar nusxasidagi imzolar solishtirilganida S.K.ning imzosi emasligi taxmin qilinayotganlari bir xil shaklda, o‘zi shaxsan qo‘ygan imzolarda esa farqlar borligi ko‘rinadi. 

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Sud hay’ati advokat iltimosnomasi bo‘yicha advokatlar va sudlanuvchilar fikrini tinglab, mazkur iltimosnomaga keyinroq qaytilishini va bu bo‘yicha nima uchun shunday ajrim qilinishini tushuntirdi. 

Ish bo‘yicha biz bunga aniqlik kiritish uchun bayonnomani rasmiylashtirishga mas’ul bo‘lgan shaxs U.T.ni so‘roq qilganimizdan so‘ng qaytamiz. Bu ish bo‘yicha faqat Hadicha Sulaymonova emas, boshqa joylarda ham davlat ekspertlari bor. Biz U.T.ni so‘roq qilganimizdan so‘ng, mutaxassis so‘raymiz. Undan keyin bu masalaga qaytamiz. Iltimosnomaga esa, U.T. so‘roq qilinganidan so‘ng qaytamiz. E’tirozlar yo‘qmi? — dedi sud ishiga raislik qilayotgan Muso Yusupov. 

Advokat Rahmatov imo-ishora orqali sudning bu ajrimiga e’tirozi yo‘qligini ma’lum qildi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »